AQShning O‘zbekistondagi elchisi bilan intervyu: Islohotlar sezilyaptimi?

0
34
marta oʻqilgan
Foto: Toshkentdagi AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

AQSh elchisi Daniel Rozenblum (Daniel Rosenblum) O‘zbekistonda 2019-yilning yozida ish boshladi. Oldiga qanday maqsadlar qo‘ygan? Viloyatlarni aylanar ekan, xalq bilan bog‘lana olayaptimi? Hukumat unga nima deyapti? Amerikaning Toshkentdagi bosh diplomati mamlakatda siyosiy islohotlarga guvohmi? Eksklyuziv intervyu.

Janob elchi, sizni Vashingtonda ko‘rib xursandmiz.

Salom! Men ham xursandman.

Quyoshli kun!

Ha, chiroyli kun bugun Vashingtonda.

Siz bilan ataylab ochiq havoda gaplashishga qaror qildik. O‘zbekistonda ish boshlaganingizga ko‘p bo‘lmadi. Tez-tez sayohatdasiz. Mamlakatni aylanayapmiz. Vashingtonga ham mana qisqa paytga kelibsiz. Biz bilan gaplashishga vaqt topganingizdan mamnunmiz. Sayohatchi elchi bilan Linkoln va Vashington yodgorliklari orasidagi mana shu bahavo, xushmanzara joyda gaplashaylik, dedim. Qolaversa, ana Kapitoliy ham ko‘rinib turibdi. U yerda ham uchrashuvlaringiz bor ekan. Uzoq yillar Vashingtondan turib Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarga bosh-qosh bo‘ldingiz. Elchi sifatida u yerdan turib ishlash qalay ekan? Farqi kattami?

Shaxsan, ha, farqi katta. Yangi hayot. Oilam, afsuski, men bilan bora olmadi, chunki qizim o‘qishni bitirishi kerak. Ulardan uzoqdaman. Professional faoliyatda esa yangidan-yangi imkoniyatlar… Ko‘p jihatdan hali ochilmagan imkoniyatlar.

Demak, yaqindan ko‘rayapsiz ularni?

Ha, yaqindan… O‘zbekistonga tez-tez borib turar edim. Yiliga bir necha marta. Lekin u yerda yashash boshqa. Hayot umuman boshqacha.

Ayniqsa agar viloyatma-viloyat kezsangiz. Odamlar bilan gaplashsangiz. Siz maza qilayotgan ko‘rinasiz.

Shunday.

Foto: Amerika Ovozi
Nimalar sizni ajablantiryapti, hayron qoldirmoqda? Nimalarni bilmagan, tasavvur qilmagan ekansiz?

Tasavvur qilmaganman, deya olmayman. Lekin real hayotni har kuni ko‘rish, his qilish boshqacha… O‘zbekiston xalqi naqadar mehmondo‘st ekanini bilar edim. Mehribon, ochiqko‘ngil odamlar. Meni juda iliq qarshilashadi, qayerga bormay. Samimiy, ajoyib. Noz-ne’matlar, vaqt va e’tibor, olqishlash va menga yurtlarini ko‘rsatishga intilishlari… Chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Turli jabhalarning vakillari bilan tinimsiz muloqot oson emas. Siz bilan gaplashgan o‘zbekistonliklar menga aytishdi qanchalik yaqin olib so‘zlashishganini. Farg‘ona va boshqa viloyatlarda, masalan. Sizga o‘z yutuqlari, dardlari, muammolari haqida hikoya qilib berishgan. O‘zbekiston xalqi sizga qanchalik ishonayapti, deb o‘ylaysiz? Ochilayaptimi bu jamiyat? Mehmondo‘stlik boshqa, ochilish boshqa, to‘g‘rimi? Dardni eshitayapsizmi?

Eshitayapman. Eshitayapman. Yuzma-yuz gaplashganda ham odam suhbatdoshi unga bor haqiqatni aytayaptimi yo‘qmi, fikri yoki muammosi shumi, bilish qiyin. Amerika elchisi bilan uchrashishyaptimi, demak, qandaydir maqsadi bor. Lekin, sezayotganim shuki, odamlar qo‘rqmay gapiryapti. O‘zbekiston uchun bu o‘zgarish. Ular o‘zlari aytayapti. Qo‘rqmaymiz, deyishyapti. Men bilan gaplashishdan, shu jumladan. Hayot haqida yaxshi va yomon narsalarni bemalol so‘zlab berishyapti. Lekin bu xalq avvalo ijobiy hollarga urg‘u beradi. Umidga to‘la, optimizmga to‘la. Lekin muammolari talay. Ular har yerda namoyon. Shikoyatlar talay. Va ularni bilamiz, e’tibor beramiz.

Bu borada biz ham ko‘p eshitamiz. Boshqa jurnalistlar ham eshitadi. Odamlar hozir avvalgiga qaraganda bemalolroq, ochiqroq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapira oladi. Va bu ular uchun sinov. Dardni tushuntirish, ishdami yoki shaxsiy hayotdagi. Islohotlarga buyuk umidlar bog‘langan. Lekin islohotlar sekinlashdi, deya nolishmoqda. Jarayon boshlangan, lekin oldingi ko‘lamda yoki tezlikda emas. Sizningcha qanday?
Turli islohotlar… har joyda. Qaysi jabhada qanday… Tashqi siyosatda, masalan, yaxshi seziladi. Qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilash asosiy maqsad qilingan edi, bunga guvohmiz. Odamlar chegaralardan bemalol o‘tayapti, savdo ko‘lami oshgan va bu hayotda bilinyapti. Andijonga bordim, chegarada bo‘ldim. Termizga bordim, Afg‘oniston bilan chegarada bo‘ldim. Odamlar bilan gaplashdim. Chegaradan o‘tish osonlashgani hayotni osonlashtirgan.
Ular nima o‘zgarganini sizga aytishyapti.

Shunaqa… Yodimda qolganlaridan biri Farg‘onadan… Farg‘ona shahrida bir yosh yigit milliy kutubxona rahbari ekan. Asli So‘xdan ekan. Siz ham bordingiz u yerga yaqinda.

Foto: Amerika Ovozi
Ha, O‘zbekiston eksklavi.

Ha, eksklav… Bu yigit deydiki, oldinlari So‘xdan kelish juda qiyin bo‘lgan ekan. Chegaradan o‘tganda sizga shubha bilan qarashgan, qo‘rquv hukmron edi, deydi. Hozir ancha osonlashibdi. Ruhan yengilroq, dedi. Shunaqa hikoyalarni boshqa joylarda ham eshitdim. Bu borada o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lekin boshqa masalalarda, masalan, islohotlar sust bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda qisqa paytda yangilik qilish juda qiyin. Odamlar o‘rganganini qilaveradi. Odatga aylangan narsani o‘zgartirish uchun vaqt kerak. Buning ustiga agar eskicha uslubdan manfaatdor tomonlar bo‘lsa.

Shunaqa.

Tizimni, idoralarni yangicha ishlashga o‘rgatish qattiq mehnat talab qiladi. Bunga O‘zbekistonda guvohmiz.

Biz ham shuni ko‘rayapmiz, eshitayapmiz. Hukumat o‘zgartirishga oson narsalarni o‘zgartirmoqda. Lekin endi og‘ir masalalarni hal etish vaqti keldi, deyayotganlar ham ko‘p. Jiddiy islohotlar davri, ya’ni. Lekin o‘zgarishlarga qarshilar ham ko‘p. Bir tomonda O‘zbekiston o‘zgarmasligidan manfaatdor tomonlar, narigi tomonda esa real o‘zgarish istaydiganlar. Shunday paytda Amerikaga umid bilan qaraydiganlar ko‘p. Ulardan nima o‘rgansak ekan, deyishadi. Amerika qanday qilib rivojlangan? Bizga nima yordam bera oladi? Bu borada ham muloqotlarni boshlab yuborgandirsiz?

Ha, boshladik va ayrim hollarda amaliy ishlarga o‘tdik, masalan, texnik yordam ko‘rsatishga. Besh jabhada islohotlarda madadkor bo‘lmoqchimiz. Ayrimlarini oldin ham taklif qilar edik, lekin hozir kengaytirdik va yangi dasturlar boshladik. Birinchidan, qishloq xo‘jaligi. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan olib borilayotgan loyiha fermerlarga sifatli mahsulot olishni va uni mahalliy bozorda hamda chet elda sotishning yangicha usullarini o‘rgatadi. Ikkinchidan, sog‘liqni saqlash. Silga qarshi kurash, shuningdek, tibbiy to‘lovlar tizimini yangilash bo‘yicha ishlayapmiz. Uchinchidan, ta’lim. Kelasi ikki yilda ko‘p ishlar qilishni rejalaganmiz. Mablag‘ ajratilmoqda. Ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash, shu bilan birga, ta’lim sifatini oshirish borasida harakatdamiz. To‘rtinchidan, sud va adliya mustaqilligi. Yuridik ta’lim maskanlarini taraqqiy ettirish, advokatlik faoliyatini rivojlantirishda ko‘maklashmoqchimiz. Beshinchidan esa iqtisod, makro iqtisodiy islohotlarda yordamlashish. Texnik yordam haqida so‘radingiz. Moliya vazirligi va kapital bozorini rivojlantirish agentligiga maslahatchilar olib kelmoqchimiz. Mana shu besh yo‘nalishda qattiq ishlashga bel bog‘laganmiz. Maqsad aniq – islohotlar samara berishi uchun hissa qo‘shish.

Islohotlar samara berishi uchun esa tizimma-tizim o‘zgarishlar qilinishi kerak, shunday emasmi? Siyosiy islohotlar. Tub masalalarni yengish uchun bunday islohotlar juda zarur. Mana shu jarayon boshlandimi, sezayapsizmi uni? Ya’ni O‘zbekiston siyosiy jihatdan o‘zgarmoqdami?

Sezayapman. Qiziq bir jarayon bu aslida. Siyosiy islohotlar tepadan pastga yuradi. Prezident mamakatda transformatsion o‘zgarishlar qilmoqchi. Qarorlar va takliflar undan va uning apparatidan keladi va amalga oshirilishi kerak. Bu esa siyosiy islohotlarni ko‘rishni, sezishni qiyinlashtiradi. Lekin, masalan, parlamentga qarasangiz, u hozirda o‘z rolini oldingidan ko‘ra boshqacha ko‘radi. Mas’uliyatni his qilmoqda.

Parlament saylovlari oldidan… juda qiziq.

Ha.

Qonunchilik organi faollashgan?

Ha.

Ular bilan aloqadasiz?

Ha.

Ular, sizningcha, yangicha ishlamoqda?

Ha. Tinglovlar, tekshiruvlar, hisobotlar, vazirliklarning faoliyatini nazorat qilish, byudjetni ko‘rib chiqish. To‘g‘ri, parlament hali ko‘p narsani o‘rganishi kerak, boshida hamisha qiyin, va qurbi nimaga yetishini bilishni xohlaydi. Qonunchilar qanchalik kuchaya oladi, degan savol bor. Prezidentdan eshitdik, u parlament nazorat qiluvchi, muvozanat va hisobdorlikni ta’minlovchi haqiqiy qonunchilik organi bo‘lishini istaydi. Bu O‘zbekiston uchun yangilik.

Yaqinda senator Sodiq Safoyev bilan gaplashganimizda, va shu kunlarda Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasida O‘zbekiston Ekologik Partiyasi lideri Boriy Alixonov bilan suhbatlashganimizda, har ikkisi dediki, bu sistema shunga qodir, ya’ni hozir ko‘rib turganimizga. Muxolifat yo‘qligi, siyosiy partiyalar orasida kurash va farqning sezilmasligi… Bular uchun vaqt kerak. O‘zbekiston hali u pallada emas, yetib bormadi, deyishadi. Siyosiy mentalitetni tushunish kerak, deyishadi. Siz ham shunday argumentlarni eshitasizmi? Asos bormi tizimni himoya qiluvchi bunday fikrlarda?

Ha, eshitaman va qaysidir darajada jon bor. Har bir davlat demokratiya, erkin bozor tomon o‘z yo‘lini bosib o‘tishi kerak. O‘zbekiston ham shu tomon yo‘lda, degan umiddamiz. Bu borada turli modellar bor. AQSh 240 yil oldin mustaqillikka erishgan. Britaniya mustamlakasi edik va undan ko‘p narsa meros qolgan. Qiyoslash to‘g‘emas. Bizga o‘xshang demaymiz. Hammaning o‘z yo‘li bor.

Shu bois siz qayd etgan fikrlarda jon bor deyapman. Biroq hukumatdagilardan eshitganlarimga ko‘ra, mamlakat to‘g‘ri yo‘ldan qaytmasligi kerak. Ochiq jamiyat qurish, demokratik davlatchilik, mas’uliyatli boshqaruv… Yo‘nalish shu tarafga bo‘lishi zarur.

Plyuralizm.

Ha. Unga erishish uchun qancha vaqt va mehnat qilish kerak, buni aytish qiyin. Tashqaridan qarayotganlar uchun bu qoniqarli bo‘lmas balki, lekin eng muhimi mamlakat qay yo‘nalishda ekani. Parlamentni olaylik, masalan. Saylanish harakatida yurgan ikki yosh o‘zbekistonlik bilan gaplashdim. Balki saylanishar, balki saylanmas. Lekin ular bilan gaplashib, xulosa qildimki, bu yoshlar aniq maqsadlarga ega. Ular o‘z tumani va saylovchilarga xizmat qilmoqchi.

Mana shuning o‘zi katta o‘zgarish, ya’ni parlament oldin qanday edi, hozir qanday ekanidan qat’i nazar, odamlar qonunchi, vakil bo‘lish xalqqa xizmat qilish, uning manfaatlari uchun kurashish ekanini tushunyapti. Shunday ekan, ha, bu shubhasiz juda murakkab jarayon. To‘rt oy mobaynida odamlar bilan muloqotimga asoslanib ayta olamanki, mamlakat to‘g‘ri yo‘lda va shunday davom etaverishi muhim.

AQSh O‘zbekistondagi partiyalarning rivojlanishi uchun yordam berishga tayyormi, agar yordam so‘rashsa?

Tayyormiz. So‘rashsa, albatta yordam beramiz. Oliy Majlis spikeri bilan gaplashdim ikki oycha oldin. Senat raisi Norboyeva xonim bilan ham gaplashdim. Va har ikki uchrashuvda aniq aytdim: saylovdan keyin, agar istashsa, yangi vakillar uchun dasturlar taklif qilamiz, xususan AQSh Kongressi bilan tanishish, AQShdagi tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish borasida. Bu borada yordamga hozirmiz.

Ko‘rinishidan Amerika – O‘zbekiston aloqalari juda yaxshi ketayotgandek… Vazifangiz oson emas, bilamiz. AQSh manfaatlari yo‘lida ishlar ekansiz, O‘zbekistonda o‘z oldindingizda, Tramp ma’muriyati oldida qanday to‘siqlar yoki qiyinchiliklarni ko‘rayapsiz?

Birinchidan, natija kutish bobida… Ulkan umidlar bor, lekin ular amalda sezilishi uchun qancha vaqt kerak, qancha sabr kerak. Bu boya siz aytgan islohotlar va ularning ko‘lami va tezligi bilan bog‘liq. Mamlakat aholisi uchun ham bu muhim masala. Prezident Mirziyoyev buni biladi. Odamlar natijani his etishi kerak. Hayot yaxshilanishi kerak.

Ha, ko‘p gapiradi bu haqda.

Aks holda odamlar sabrsizlana boshlaydi. AQShda ham, Vashingtonda, xususan Davlat departamentida ham, Kongress va boshqa joylarda hamma islohotlar natijasi bilan qiziqadi. Islohotlar ko‘lami haqida so‘rashadi. O‘zbekiston qanchalik erkinlashdi, deb so‘rashadi. Bir narsa aniq, buni yillar davomida ko‘p-ko‘p mamlakatlarda ko‘rganman – qancha ko‘p harakat qilsangiz, odamlar shuncha ko‘p narsa kutadi.

Foto: Amerika Ovozi
Albatta.

Ishlayotgan odamlar uchun bu jiddiy sinov. Ahamiyati ham shunda. Men va bizning hukumat uchun dolzarb vazifa shuki, yordamni davom ettiramiz va nimani qachon kutishni bilishimiz kerak. Nima sohada sabr qilamiz va nima uchun?

Yana bir vazifa – bizneslar bilan ishlash. O‘zbekistonda ishlashga qiziqqan kompaniyalar bor. O‘zbekiston hukumati ularni olqishlaydi, prezident, xususan. Lekin biznes loyihalarni amalga oshirish vaqt oladi, sistema bizneslar xohlaganidek tez harakat qilmasligi mumkin. Ayrim loyihalar ish bermaydi. Bu ham real sinov.

Qiyin jihati – nimani qachon kutish borasida bizneslar O‘zbekistonga o‘rganishi va moslashishi kerak va O‘zbekiston hukumati ham AQSh sarmoyadorlariga bu jihatdan o‘rganishi va moslashishi kerak. Yangi sarmoya bobida namunalar kerak. Shular ustida ishlayapmiz. Hozircha yo‘q.

“General Motors” (GM) ancha payt namuna edi.

Lekin GM chiqib ketmagan.

Ha, mutaxassislari haliyam ishlayapti.

Shunday. Yaqinda GMning Asakadagi zavodiga bordim.

Qani-qani… UzAuto deyishadi hozir uni.

Ha, UzAuto, lekin GM bilan alyans tuzishgan. GMning kompaniyada ulushi yo‘q. Ammo barcha mahsulotlar uchun litzensiya berishadi. “Chevrolet” brendidagi… Muhandislik xizmatini ko‘rsatishadi. Chiqayotgan mashinalar O‘zbekistonda yig‘iladi, lekin qismlar boshqa joyda ishlab chiqarilgan.

Demak, GM hali ham bor.

Bor va ishlashda davom etmoqda. GM nomini ko‘rmaysiz, lekin mahsulotlari har yerda. Bu ahamiyatli.

Afg‘oniston masalasi … Biz yaqinda Nyu-Yorkda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha muovini Elis Uells bilan suhbatlashdik. U bizga Tramp ma’muriyatining bu boradagi siyosatini tushuntirib berdi. Lekin siz vaziyatni Toshkentdan turib kuzatayapsiz. Toshkent esa Afg‘oniston bo‘yicha diplomatiyani kuchaytirgan. Ular hamma bilan muloqotda, jumladan Tolibon bilan. Ular mojaroning har tarafi bilan shug‘ullanmoqda. Lekin yaqinda Toshkentda Tolibon mehmon bo‘lgani ko‘plarni sergak torttirdi. Doxada (AQSh bilan) muzokara ketayotgan paytda ayrim toliblar Toshkentdagi uchrashuvga kelishdi. Bu esa savollar uyg‘otdi. Toshkent va Vashington Afg‘oniston masalasida bir pozitsiyadami?
Ha, bir pozitsiyada. Maxsus elchimiz Halilzod muzokara olib borayotgan paytda O‘zbekiston biz bilan yaqin aloqada edi. Uchrashuvlar qanday o‘tayotganidan xabardor edik. Toshkent muloqot osonlashsin, deya harakat qildi. O‘zbekiston hukumati, xususan Tashqi ishlar vazirligi bizni xabardor qilib turdi. Hammasi oshkora. Ishonch bor. Sherikmiz.
O‘zbekiston hukumati bu harakatlari bilan nimaga erishmoqchi, nazaringizda? Albatta, Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishini istaydi. Lekin bu diplomatik harakatlardan qanday yutuq kutmoqda?

Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikdan O‘zbekiston judayam manfaatdor. Bu birinchi o‘rinda. O‘zbekiston uchun yana bir maqsad o‘zi uchun tijoriy yo‘llar va imkoniyatlar ochish. Elchi sifatida borganimdan beri bir haqiqatni o‘rgandim, oldin bilmagan edim: O‘zbekiston dengiz orqali jahon bozoriga chiqish uchun ikki davlatni kesib o‘tishi kerak.

Afg‘oniston ochilishi, u yerda tinchlikka erishilishi O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim. Lekin u yer hozir tahdid manbai. Toshkent xavotirda, albatta. Karimov prezidentligi davrida ham shunday edi. Lekin Prezident Mirziyoyev bu tahdid deya cheklanmayapti, imkoniyatlar izlamoqda, ularni ochmoqchi.

Savdo yo‘llari ochish, sharq va janubga energiya sotish, transport tizimlarini joriy etish… O‘zbekiston Afg‘oniston tinchligi uchun shu sabab ham haqli ravishda qayg‘urmoqda va harakat qilmoqda.
AQSh chegara xavfsizligini ta’minlashda ham yordam berishda davom etmoqda, shundaymi?

Xuddi shunday.

Afg‘oniston bilan chegara atigi 155 km lekin juda muhim hudud.

Biz chegaraga bordik. “Do‘stlik” ko‘prigini ko‘rdim, yarmigacha yurdik. Afg‘oniston sarhadigacha.

U yog‘i esa Balx.

Shunaqa… Keyin AQSh hadya qilgan kemalarda daryoni kezdik. Kunlik nazorat jarayoni bilan tanishdik. Chegaradan ko‘p mashina va odamlar o‘tmayotgan edi o‘sha kuni, lekin o‘tishyapti.

Bizga aytishlaricha, kuniga o‘rtacha 250 afg‘on kirib chiqar ekan, o‘sha post orqali. Termizda afg‘onlar ko‘p. Ular uchun bu shahar kelajakda biznes markaz bo‘larkan.

Ha, biz ayrimlari bilan ko‘rishdik. Afg‘onistonning Termizdagi konsuli bilan birga tushlik qildik va afg‘on tadbirkorlar bilan gaplashdik. Biznes imkoniyatlar yaratishmoqda, qo‘ldan kelgancha. Tez emas, lekin ishlar boshlangan.

Imkoniyat degan so‘zni sizdan va AQShning boshqa rasmiylaridan ko‘p eshitamiz. O‘zbekiston rasmiylari ham ko‘p tilga olishadi. Qiyinchilik emas, imkoniyat bu, deb qo‘yishadi. Oldinlari esa hatto qiyinchilik yoki muammo degan so‘zlarni yoqtirishmas edi. Shunday ekan, bu O‘zbekiston hukumatidagi o‘zgarish. Siz elchi sifatida AQSh maqsadlarini amalga oshirishni istaysiz. O‘zbekistonga ketishdan oldin AQSh Senatida so‘zlaganingizda besh maqsad belgilaganingizni aytdingiz. O‘zbekistonda astoydil ro‘yobga chiqarmoqchi bo‘lgan orzularingiz nima? Elchiligingiz samarasini belgilovchi maqsadlar, deylik. Vaqti-vaqti bilan tekshirib turardik.

Bilasizmi, aslida o‘sha besh maqsadning hammasi men uchun juda muhim. Amalga oshirishimiz kerak. Birinchidan, savdo va biznes sohasida hamkorlikni kengaytirish lozim.

Hozir qancha?

200 million dollarcha… boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda, kam.

Lekin oldingidan ko‘proq.

Ha, ancha ko‘p. Aslida, uzr, 300 million dollarcha. Undan oldingi yilga qaraganda sezilarli darajada ko‘proq. “Boeing” bilan qilingan yirik savdo sabab oshgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya borasida biror raqamni bera olmayman, chunki esimda emas. Lekin u ham oshgan, nisbatan.

Men uchun yana bir muhim narsa bu islohotlarda salmoqli yordam berish. Sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida bu allaqachon sezilmoqda. Biroq ta’limda, xususan ingliz tilini o‘rgatishda ham ko‘rina boshlashi kerak. Xalq ta’limi vazirligi ingliz tilini o‘rgatadigan 33 ming o‘qituvchi kerak, deyapti. Bu bilan davlat xalqaro darajalarga yetib olgan bo‘ladi. Bizning dasturlarimiz orqali 20 ming shunday o‘qituvchi tayyorlash mumkin. Demak, harakat qilsak, bu borada ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Aniq natijalar tomon…

Muddao shu. Men, shuningdek, xalqlarimiz bir-birini yaqindan tanishini, aloqa qilishini istayman. Almashinuvlarni kengaytirish kerak. Har ikki davlat yoshlari, talabalari, o‘qituvchi, olim, tadbirkor va boshqa mutaxassislar bir-birining davlatini ko‘rsin, tajriba va bilim almashsin.

Turistlar ham.

Ha, turistlar ham ko‘paysin. Amerikadan ko‘proq sayyoh kela boshlagan. 2018-yilda 14 ming odam kelgan. Buni oshirishimiz kerak. Hisobini qilishni men ham xohlayman.

Ish ko’p!

Judayam.

Katta rahmat sizga bu muloqot uchun. Vashington yuragidagi xiyobonda har kuni ham Amerika elchisi bilan suhbatlashmaymiz. Vaqtingizni ayamadingiz, minnatdormiz.

Go‘zal bir joy. Rahmat, Navbahor.

O‘zbek tilini o‘rganayapsiz, bilamiz. O‘zbekcha murojaatlaringizdan xalq juda mamnun.

(jilmayadi)

Har holda buni o‘zingiz ham sezayapsiz. Odamlarga yoqadi judayam.

Ha, har kuni eshitaman bu haqda. Videolarni ko‘rganlar ko‘p, ajoyib.

Ko‘rishadi albatta.

Rahmat!

Navbahor Imamova suhbatlashdi, “Amerika Ovozi”

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting