“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari: “YeOIIni ikkinchi SSSR desa ham bo‘ladi. Biz bunday ittifoqlarga kirishga mutlaqo qarshimiz”

0
18
marta oʻqilgan

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ortida yashirin siyosiy maqsadlarni ko‘zda tutgan tashkilot ekanligini bugun hech kimdan yashirib bo‘lmaydi, deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov “Kun.uz” nashriga bergan intervyusida.

Foto: Xalqaro press-klub

Avvalroq Rossiya Senati raisi Valentina Matviyenko O‘zbekistonda Yevrosiyo ittifoqiga qo‘shilish masalasida rahbariyat darajasida qaror qabul qilingani, hozirda ittifoqqa qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan edi. Keyinroq rossiyalik senator Farid Muhametshin O‘zbekistonning YeOIIda kuzatuvchi maqomini olishi masalasi 2020-yilda hal etilishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, YeOIIda o‘z nomi bilan iqtisodiy masalalar birlamchi bo‘lishi kerak. “Lekin, negadir, iqtisodiy tahlilchilar va siyosatchilar mazkur ittifoqni iqtisodiydan ko‘ra, ko‘proq uzoq muddatli siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan ittifoqqa o‘xshatishadi”, — deydi Qodirov.

“Keling, ochiqcha gaplashaylik, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi — nomi bilan iqtisodiy bo‘lgan, ammo ortida yashirin siyosiy maqsadlarni ham ko‘zda tutgan tashkilot. Buni bugun hech kimdan yashirib bo‘lmaydi. Bunday holatlarni tarixda o‘zbek xalqi ko‘p bora boshidan o‘tkazgan va yetarlicha xulosalar qilib olgan, deb o‘ylayman”, — deya qo‘shimcha qilgan partiya yetakchisi.

Uning fikricha, nomiga iqtisodiy va tub mohiyatida siyosiy maqsadlar ko‘zlangan ittifoqlar hozirgi zamonda o‘zini oqlamadi.

Biz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zolari har qanday iqtisodiy manfaatlardan ko‘ra mamlakat ozodligi, uning manfaatlari ustuvorligi, ozod jamiyati bilan erkin rivojlanishini ko‘proq ustuvor deb hisoblaymiz

Bilasizmi, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi — qisqa davr uchun iqtisodiy manfaatlarga tayangan, uzoq davr uchun esa siyosiy manfaatlarga tayangan ittifoq.

Yaqin oylarda ma’lum bo‘lgan va jarayonlari ancha vaqtdan buyon davom etayotgan bu urinishlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yuragi, ko‘pgina davlatlar bilan chegaradosh va geopolitik murakkab o‘rnini hisobga olgan holatda bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning ittifoqqa kirishiga undalishi, uni a’zolikka tortishga nisbatan bo‘layotgan harakatlarda birinchi navbatda o‘sha a’zolarning manfaatlari turibdi. Buni keskinroq tarzda ikkinchi SSSR desa ham bo‘ladi.

Shu narsa aniqki, O‘zbekiston kimlarningdir manfaati uchun xizmat qiladigan davlat emas. Bu davlat o‘z xalqi va davlat manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Biz partiyamiz deputatlari bilan bu masalani ko‘p gaplashdik va, takrorlab aytamanki, masala juda chuqur o‘ylanishi kerak.

Albatta, biz uchun davlatimizning iqtisodiy yuksalishi, uning boshqa davlatlar bilan teng rivojlanishi birinchi o‘rinda, lekin shu bilan birga, mamlakatimiz manfaatlariga zid bo‘lgan, siyosiy erkinligi va suverenitetiga ta’sir qiladigan, davlat usti idoralariga qaysidir ma’noda tobe bo‘lish ehtimoli mavjud bo‘ladigan har qanday ittifoqqa kirishni yoqlamaymiz.

Ya’ni, biz iqtisodiy ko‘rinishdagi siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan ittifoqqa kirishga mutlaqo qarshimiz.

Alisher Qodirov, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting