Kongressmen Trent Kelli O‘zbekiston va Mirziyoyevga nega ishonadi?

0
21
marta oʻqilgan

AQSh Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Trent Kelli demokrat sherigi Visente Gonzalez bilan yaqinda bir rezolyutsiyani tasdiqlatdi. Hujjat O‘zbekiston va AQSh orasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga chaqiradi. Kongress pozitsiyasi bu, deydi Kelli. Bu qonunchilar nima uchun O‘zbekiston bilan yaqindan ishlash payida? O‘zbekiston Amerika uchun nega muhim? AQSh Milliy Gvardiyasida brigada generali unvoniga ega kongressmen Kelli bilan Kapitoliydagi idorasida suhbat qildik.

kellydesoto
Foto: Y’all Politics
AQSh Vakillar palatasining Longvort binosidamiz, kongressmen Trent Kelli huzurida. Kellining shtati Mississippi O‘zbekiston bilan o‘ziga xos rishtalarga ega. Siz bilan O‘zbekiston haqida gaplashgani keldik, kongressmen Kelli.

Xush kelibsiz! Bu men uchun juda sevimli mavzu, agar harbiy hamkorlikni ham nazarda tutsak. Uch kun oldin Mississippi shtati gubernatori bilan gaplashdim. U yaqinda O‘zbekistonga borib keldi. O‘zbekiston va Mississippi orasida o‘xshashliklar ko‘p.

O‘zbekiston va Mississippi orasidagi hamkorlik qanday boshlangan? Siz Kongressga 2015-yilda saylangansiz. Lekin O‘zbekistonni ancha yaxshi bilasiz. Bu davlat bilan qanday qilib til topishgansiz?

Bilasizmi, o‘zi ezgu niyatli odamlar har doim bir-birini topadi. Mississippi Milliy Gvardiyasi a’zosiman. Bu kuchlar O‘zbekiston harbiylarini treningdan o‘tkazib keladi. Bu uzoq yillik programma (Pentagon dasturi). 2016-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonga bordim, Kongress delegatsiyasi bilan. O‘shanda hozirgi prezident, u paytdagi bosh vazir bilan tanishganman. Prezident Mirziyoyev bilan, to‘g‘ri aytdimmi? Bilasizku, bizda Mississippi shtatida ismlar qisqa, irlandcha, odatda.

Bilaman, lekin prezident sizning ismingizni juda yaxshi bilsa kerak.

Ha, biladi. Shunday qilib, Mirziyoyev bilan bosh vazirlik paytidan beri tanishman. Prezidentlikka kelgach, juda yaxshi ishlar qila boshladi. Ilk bor uchrashganimizda senator Safoyev va Tashqi ishlar vaziri Komilov ham bor edi. Safoyevmidi yo tashqi ishlar vaziri?

Yo‘q, Safoyev senator edi u paytda ham.

Ajoyib inson. Do‘stlashib ketdik. Kutilmagan uchrashuvlar. Men ularga qarab, shtatim bilan shunday hamkorlik bor, keling, gaplashib olaylik bu haqda, dedim. Orada muloqot avj oldi, aloqalarni kengaytirishga kelishib oldik va ishga kirishdik.

Demak, shaxsiy til topishish muhim, tog‘rimi? Inson inson bilan kelisha olishi kerak. Davlat departamenti yillardan beri xalqlarni xalqlar bilan bog‘lash kerak, deb keladi. Mississippi shtati ahli O‘zbekiston degan davlat va O‘zbekiston xalqi haqida qanchalik biladi?

O‘rganishyapti, bila boshlashgan. Juda ko‘p narsalarni gapirib berishim mumkin. Juda yoqimli mavzu.

Foto: Amerika Ovozi
Marhamat, gapiring.

Kongress degelatsiyasini o‘zim olib borganman. Sakkiz vakildan iborat edi. O‘zbekistonga uzoq yillar mobaynida Kongressdan bunday katta qonunchilar guruhi bormagan edi. Boshqalarni ham O‘zbekistonga qiziqtira boshladik. Doim gaplashamiz. Men o‘zim Mississippida O‘zbekiston haqida ko‘p so‘zlayman. Gubernatorimiz, iqtisod va harbiy masalalar bilan shug‘ullanadigan bosh rasmiylarimiz borib kelishdi. Gap bu yerda faqat harbiy hamkorlikda emas. Biz boshqa sohalarda ham O‘zbekiston bilan ishlashni xohlaymiz. Hamjihatmiz.

Bu borada ham albatta so‘rayman, lekin oldin Vakillar palatasidagi O‘zbekiston guruhi haqida gaplashaylik. Maqsadi nima bu guruhning?

Maqsad – O‘zbekiston va AQSh orasidagi aloqalarni mustahkamlash. Vakillarimiz O‘zbekistondagi jarayonlardan boxabar bo‘lsin. Ko‘plar umuman bilmas edi bu mamlakat haqida.

Hatto Kongressdagilar?
Hatto shu yerdagilar. Hozirga kelib ko‘plar ko‘p narsa biladi. Qay mavzuda bo‘lmasin: diniy erkinlik, inson huquqlari, paxta dalalarida yoki ishxonada; siyosiy mahbuslarni ozod etish masalasimi… O‘zbekiston uzoq davr mobaynida yopiq edi. Hozir ular ochildi. Ular hozir mintaqaviy lider. Ular dunyo bo‘ylab sherik va hamkorlarga ega. Prezident kelib mudofaa vazirimiz, bizning prezidentimiz, men singari vakillar, shuningdek, senatorlar bilan uchrashdi. Bu muloqotlar juda muhim. Aytganimdek, bir-birimizni yaqindan taniyapmiz. O‘zbekiston guruhidagi demokrat sherigim Visente Gonzalez bilan rezolyutsiya loyihasi taklif qildik. O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilamiz.
Har ikki partiya a’zolari bor bu guruhda?

Ha.

Demak, O‘zbekiston guruhi bu davlatga qiziqqan, u bilan hamkorlikni yoqlagan, bir-biri bilan bu borada gaplashib, maslahatlashib turadigan qonunchilar doirasi, shundaymi? Kongressda uzoq payt O‘zbekistondagi siyosat va vaziyatni tanqid qilib kelganlar bor. Ular bilan ham gaplashib turasizmi?

Gaplashamiz. Men O‘zbekiston elchisi [Javlon Vahobov] bilan muntazam aloqadaman.

Juda faol-a elchi?

Juda, juda faol elchi. Yaqin do‘stdek bo‘lib qoldik. Men uchun bu qiyin emas, chunki O‘zbekiston hukumatida yaqin o‘rtoqlar topganman. Ular bilan yaqinligimning va bu rishtalarning tekisligining sababi – samimiylik. Dardimizni bir-birimizga ochiq aytamiz, bir-birimizni eshitamiz. Muammolarni muhokama qilamiz. Yechim izlaymiz, topamiz. Muammo esa ko‘p, u yerda ham, bu yerda ham.

Foto: Amerika Ovozi
Sizga buni ko‘p aytishsa kerak, O‘zbekiston tomon Amerikadan ko‘p narsa kutmoqda. Ulkan umidlar bog‘langan bu hamkorlikka, juda ko‘p sohalarda. Faqat harbiy emas, o‘zingiz qayd etganingizdek, biznes va sarmoya, taraqqiyot, inson huquqlari va texnik yordam. Amerika ham O‘zbekistonda ko‘p ishlar qilmoqchi, ko‘maklashmoqchi. Siz uchun eng dolzarb masalalar nima? Prioritetlaringiz?

Harbiy hamkorlik birinchi o’rinda.

Xavfsizlik, demak.

Mintaqaviy barqarorlik. Afg‘oniston ham buning ichida. O‘zbekiston bu jarayonlarda muhim rol o‘ynayapti, Tolibon va Afg‘oniston hukumati til topishishi uchun harakat qilmoqda. O‘zbekiston – mintaqaviy lider. Biz shunga qarab harakat qilayapmiz. Iqtisodiy jihatdan, shtatimdagi yeryong‘oq fermerlari bilan gaplashayapman. Mahsulotlarimiz uchun O‘zbekistonda omborxona, ta’minot markazi ochmoqchimiz. Fermerlar tajriba va bilim almashadigan joy bo‘lsin. Qishloq xo‘jaligi nihoyatda muhim soha biz uchun. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan O‘zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirish borasida muloqotdaman.

Demak, harbiy hamkorlik, xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik, qishloq xo’jaligida hamkorlik…

Qishloq xo‘jaligi, iqtisod…

Vashingtonda va boshqa joylarda, hatto Toshkentda ham Amerika O‘zbekiston bilan hamisha “sendan ugina, mendan bugina” qabilida hamkorlik qilgan, degan tahlil chuqur ildiz otgan. Ya’ni siz O‘zbekiston bilan muayyan maqsadlar uchun, masalan, Afg‘oniston borasida, ishlaysiz. Mintaqa sizga qayergadir o‘tish yoki yetish uchun kerak. Yondashuv juda pragmatik, uzoqni ko‘zlamaydi, deyishadi.

Shunday fikrlaganlar men bilan gaplashsin. Bu noto‘g‘ri tahlil. Men bu safar ham borsam, uch yildan beri har noyabr O‘zbekistondaman. Doimiy aloqadamiz. Visente Gonzalez bilan taklif qilgan rezolyutsiyam ham uzoq muddatli hamkorlikka undaydi. Biz ulkan tizimmiz. Kongressda 535 a’zo bor. 435 vakil, 100 senator. Balki ayrim hollarda qisqa muddatli maqsadlar ham bordir, lekin O‘zbekiston bugun Kongressda ishonchli do‘stlarga ega. Qolaversa, mana shtatlarning rahbarlari ham aloqa o‘rnatmoqda. Shtatlar siyosati va hamkorligi alohida. Ular Afg‘oniston uchun borayotgani yo‘q. Maqsad – iqtisodiy hamkorlik. Mississippi, masalan, O‘zbekiston bilan chuqur aloqa istaydi. Bizni tanqid qilayotganlar haqiqatni ko‘rmayapti, nazarimda.

Siz uzoq muddatli hamkorlikka intilayapsiz.

Bir umrlik, degan bo‘lardim.

Prezident Mirziyoyevni o‘tgan yili bu yerda iliq kutib oldingiz. Kapitoliyni aylantirdingiz.

Ha, aylantirdik. Linkoln xonasini ko‘rsatdik. Linkoln prezidentlik paytida juda yaxshi ko‘rgan joy bor, shuni ko‘rsatdik. Uchrashuv uchun juda mos zal.

Suratlarda ko‘rdik. Siz Prezident Mirziyoyevga ishonasiz. Brigada generali sifatida sizning ishonchingizni qozonish oson emas, to‘g‘rimi?

Yo‘q, osonmas.

Shunday ekan, nima uchun O‘zbekiston hukumati va xususan Prezident Mirziyoyev siz uchun ishonchli taraf?

Birinchidan, biz hamkorlik xohlaymiz. O‘zbekiston prezidenti ham shuni istaydi. Buning isboti ko‘p. Kongressdan borganimizda, prezident Yaponiyada edi, vazirlari bilan. Katta delegatsiya edik. Kunimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmadi. Prezident Toshkentda bo‘la olmasdi, chunki boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlari rejalangan edi. Vazirlarining hammasini biz bilan muzokara qilishga yubordi. Bu uning irodasi kuchli ekanidan dalolat emasmi? Diniy mahbuslar masalasida ham, maxsus elchimiz Braunbek va Davlat departamenti bilan muzokara qilindi. Paxta terimi, bolalarni terimga olib chiqish masalasi ham muhokamada edi.

Foto: Amerika Ovozi
Majburiy mehnat. Bolalar mehnati.

Biz bu masalalarni ko’tardik.

Muhokama qildingiz?

Albatta. Va bu muamolar hal bo‘ldi. Bu nimadan dalolat? O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘ldan bormoqchi. Amerika hukumati sekin ishlaydi. O‘zbekiston hukumati ham sekin ishlaydi. Hech kim biz xohlaganimizdek tez harakat qilmaydi. Mening kuzatishimcha, [Mirziyoyev] amalda ekan, O‘zbekiston muntazam ravishda oldinga qadam tashlamoqda, progress ketidan progress. Yaqinlashayotgan saylovlardan ham umidlar katta. Meni taklif qilishdi, keling kuzating, deb. Faqat vaqti Rojdestvo bayramiga yaqin. Yosh bolam bor, ketish qiyin bo‘ladi. Lekin O‘zbekiston hukumati eshikni ochib, keling, jarayonni kuzating, deyapti xalqaro hamjamiyatga. O‘zbekistonda oshkoralik davri boshlangan. Bu juda yaxshi. Har doim ham kutilgan natijani bermasligi mumkin, lekin tuzum ochiq ekanini ko‘rsatmoqchi. Ishonch va uzoq muddatli hamkorlik ortidagi asosiy omil shu.

Oliy Majlis a’zolari bilan uchrashgansiz, gaplashgansiz. Qanday fikrdasiz ular haqida?

Senator Safoyev – yaqin do‘st. Parlament a’zolari bilan ham tanishman. Ularga yordam berib, quvvatlashimiz kerak. Ular xalqning ovozi bo‘lishi kerak. Prezident ham shuni xohlaydi, fikrimcha. U parlament kuchli bo‘lsin, deyapti. Qudratni bo‘lishmoqchi. Hamma qudrat menda bo‘lsin, demayapti. Oldin shunday edi. Bu prezident hokimiyatni bir o‘zi egallab olmoqchi emas.

Sizga shunday ko‘rinyaptimi?

Ha, shunday.

Ko‘plar nazarida bu uzoqqa bormasligi mumkin.

Boradi, fikrimcha. Saylovlar ko‘rsatadi buni. Prezident o‘zgarishlarga ochiq.

Ko‘plar nazarida prezident o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgach, arqonni qattiqroq torta boshlashi mumkin.

Menga unday ko‘rinmayapti. Aksincha, u ishonchni kuchaytirib, tuzumga tayansa bo‘ladigan, xalq uchun ishlaydigan odamlarni olib kirishni xohlaydi. Saylovlar ham shuni ko‘rsatishi kerak. Dunyoni saylov jarayonini kuzating, deb taklif qilib turibdi axir. Hokimiyatini mustahkamlayotgan odam bunday yo‘ldan bormaydi.

Borsangiz, har ikki partiya vakillari boradimi?

Balki… Yo men o‘zim, yo ikkala partiya vakillaridan iborat guruh. Ko‘ramiz. Xalqaro tashkilotlarni ham taklif qilishgan, BMT va boshqalarni. Bu saylov oldingilaridan erkin va yangicha bo‘ladi, shunday emasmi? Siz nima deysiz?

Bilasizmi, Kongressmen Kelli, bu saylov – O‘zbekiston siyosiy tizimi uchun tarixiy sinov. Sistema qanchalik yangilangani, isloh qilinganini ko‘rsata olishi kerak. Davlatning asosida yangilik bor, deya ko‘rsatishi kerak. Siyosiy islohotlar bo‘layotganidan darak berishi kerak. Nafaqat xalqaro hamjamiyat, balki O‘zbekiston xalqining o‘zi buni ko‘rishi kerak.

Gap shundaki, to‘rt yil oldin O‘zbekistonga xorijiy harbiylar kira olmagan bo‘lar edi. Hatto trening uchun ham qo‘yishmas edi. Hozir biz treninglar haqida gaplashayapmiz, mudofaa vaziri bilan. Prezident xabardor. Mintaqaviy mashqlar qilmoqchimiz. Chet ellik harbiylar boradi, birga mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Zilzila yoki boshqa tabiiy ofatlarga qarshi tayyorgarlik.

O‘zbekiston qonunlari xorijiy harbiylarga baza ochishga ruxsat bermaydi.

Biz trening uchun boramiz. Oldinlari hatto trening uchun ham amalda ruxsat yo‘q edi. O‘zbekiston hozir bunga ochiq. Chegaralar ham ochildi. 3-4 yil ichida vaziyat ancha yaxshilandi. Hamma narsa a’lo, demayapman. Albatta, unday emas. Bizning chegaralarimizga qarang. Ishlashimiz kerak. Lekin ijobiy o‘zgarishlarni ham tan olish kerak. Ochilsa, ochildi, deymiz, eskicha o‘ylamasdan.

O‘zbekiston mudofaa vaziri, xavfsizlik bo‘yicha rahbarlar bilan gaplashib turasiz-a?

Hammasi bilan. O‘zbekiston harbiy akademiyalarida bo‘ldim. Bir necha marta bordim. Biznes va iqtisod bo‘yicha ham muloqotlar qildik. Hukumat bilan aloqadaman. Ular juda ochiq. Muammolarni bemalol muhokama qilishadi. Fikrimiz har doim ham bir emas va bu tabiiy.

Bu imkoniyatlarga siz Rossiya ta’siriga qarshi javob berish yo‘li deb ham qaraysizmi? Markaziy Osiyoga, bilasiz, ko‘plab siyosatdonlar buyuk o‘yinlar maydoni, deb qaraydi. Bilaman, Vashingtonda ko‘plar bunday qaramaydi. Siz-chi? Rossiya, qolaversa, Xitoy ta’siridan xavotirdamisiz?

Xavotirda emasman. Uch oyoqli stulni tasavvur qiling. Biri Rossiyaniki va besh yilcha oldin ancha uzun edi. Xitoyniki kalta edi. Amerikaniki esa deyarli yo‘q edi.

Ya’ni, u yoqda.

Ha, O‘zbekistonda, xususan. Hozir biz bormiz. Oyog‘imiz uncha uzun emasdir, lekin tenglashib qolamiz. Bu juda muhim. Muvozanat kerak. O‘zbekiston uchun bu yaxshi. U – qadim Ipak Yo‘lidagi davlat. Boy davlat. Buyuk xalq. Katta ta’sirga ega hududda joylashgan. O‘zbekiston hech kimning o‘yinchog‘i emas – Amerikaniki ham, Xitoyniki ham, Rossiyaniki ham. O‘zbekiston xalqi o‘z holicha buyuk va biz uni quvvatlaymiz. Mamlakat o‘z foydasini o‘ylab, o‘zi qaror qiladi. Biz unga yordamlashamiz – AQSh va jumladan, Mississippi shtati. Rossiya ta’siridan qo‘rqmayman. Ular bizdan qo‘rqsin. Biz O‘zbekistonni egallab olmoqchi emasmiz. O‘zbekiston ravnaq topsin deymiz. O‘zbekistonni O‘zbekiston xalqi boshqarsin.

“Do’stlik” ordeni muborak bo‘lsin. Toshkentda edim eshitganimda.

Ajoyib…

Bu haqda qanday xabar topdingiz?

Elchi menga xabar berdi. Mukofot men uchun sharaf. Do‘stligimiz – timsoli. Qanday inson ekanimni sizga aytdim: kim bilan do‘stlashmay, men chin do‘stman. 15-20 yil oldin shahrimda prokuror edim. O‘sha paytda orttirgan do‘stlarim, politsiyachilar, masalan, hamon qadrdonlarim. 10-15 yil oldin birga xizmat qilgan harbiylar bilan hozirgacha yaqinman. Do‘stlikni va do‘stini qadrlaydigan odamman. Do‘st – bir umrga do‘st. Buni hamisha isbotlay olaman.

Aytganimdek, orden meni quvontirdi va ruhiy kuch berdi.

Foto: Amerika Ovozi
Xalqlarimiz, odamlarimiz deb ko‘p aytasiz. Bizni hozir O‘zbekistonda yoki Markaziy Osiyoning boshqa bir joyida ko‘rib o‘tirishgan bo‘lsa, kimdir sizni tinglab, yaxshi, bu kongressmen O‘zbekiston hukumati bilan juda do‘stlashib olibdi, lekin biz uni qiziqtiramizmi, oddiy xalq dardi unga qanchalik qiziq, deb o‘ylanayotgan bo‘lsa-chi? Chunki hukumat va xalq ayri narsalar u yoqlarda…

Unda tushunishingiz kerak: men uchun hukumat va xalq ayri emas. Men – xalqman, uning ichidan chiqqanman. 763 ming odamning nomidan saylanganman. Har ikki yilda qayta saylanishim kerak.

Siz o‘zingizni xalq deb bilasiz, demak?

Ha, men xalqman. Vakillar palatasi a’zosi – Amerika xalqining eng muhim ovozi. Bu juda muhim. Bizni xalq saylaydi. Men bu yerda xalq ishongani uchun o‘tiribman. Xalq va davlat – bir narsa. Prezident [Mirziyoyev] ham shunga intilmoqda, nazarimda. Parlament xalq ovozi bo‘lsin, vakillar uning uchun kurashsin, deya harakat qilmoqda. Eng kuchli hokimiyat bu – xalq irodasi va xohishini aks ettira oladigan hukumat. Respublika deb shuni aytishadi. Shu bois ham bizning davlatimiz kuchli. O‘zbekistonda yaqinlashayotgan saylovlar ham shu tomon yo‘l, deb umid qilamiz. Xalq ovozi.

Kuzatamiz birga.

Albatta. Bora olaman degan umiddaman.

Suhbat uchun rahmat.

Sizga ham rahmat. Maroq bilan gaplashdim.

Bu suhbatni hali ancha davom ettirish mumkin.

Chunki har ikkimiz uchun sevimli…

Shubhasiz.

Rahmat sizga.

Sizga ham.

Navbahor Imamova suhbatlashdi, “Amerika Ovozi”

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting