5-oktabr siz uchun nimasi bilan qadrli?

0
72
marta oʻqilgan

Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismi. U orqali dunyoni, ayniqsa yaqinlarimizni kuzatib boramiz. Ularning hayoti, qiziqishlari, yutuq-kamchiliklaridan… ba’zan esa eng nekbin hislaridan voqif bo’lamiz. Yonma-yon yashab turib nega uning qalbiga quloq tutmadim, deya o’yga tolamiz. Quyida hukmingizga havola etmoqqa jazm etganimiz bir Insonning hayotiy hikoyasi. Har birimizni o’z hayotimizga, yaqinlarimizga e’tiborli bo’lishga undovchi hikoya. O’ylaymizki, bu bitiklar mutolaasi Sizni ham o’ylashga undaydi va muallif bizni tushunadi.

Sayt tahririyati

“Bugun 5 oktyabr. Aynan bugun, aynan hozir numerologiya – sonlar, raqamlar haqidagi ta’limotga 10-12 yoshimdan katta qizikishim, muhabbatim borligi haqida post yozgim keldi. Pifagor “Raqamda sehr bor, raqamda mehr bor” degan edi. Numerologiya hayotdagi hamma hodisalarni raqamlar, sonlar orqali tushuntirish, izohlash bilan shug’ullanadi. “5” raqamining oilamizda o’rni bo’lakcha!!!

1930-yilning 5-oktyabrida rahmatli adajonimlar dunyoga kelganlar. Katta sonlardan umumiy bir xonali son chiqariladi. 9-1-3=5. Ya’ni tug’ilgan yillari “5”, tug’ilgan sanalari ham “5”!!! Onajonimlar ikkita akamlardan keyin uzoq vaqt homilador bo’lishlari qiyin bo’lgan ekan. Ikkita o’g’ildan keyin qiz ko’rishni juda orzu qilishgan ekan. 7 yilda (bu mening hayot davomida yo’ldosh sonim) borishmagan joylari, maslahat olmagan yirik mutaxassis-shifokorlari qolmabdi, aytishlaricha. 1970 yilning (jami “1” – mening ikkinchi yo’ldosh raqamim) 5-oktyabrida adajonimlarga tug’ilgan kunlariga shirinlik olgani ko’chaga chiqib, mazalari kochibdi. Xushlariga kelgach, ularni poliklinakaga olib borgan qo’shnilari onajonimning adalari (buvajonimlar) dunyodan o’tib qolganliklari haqida xabar kelganligi haqida aytibdilar. Onajonimlar yig’lab yuboribdilar. Shifokor onajonimlarga “Sizga yig’lash mumkin emas, homilangizga zarar qiladi” debdi. Bir kunning, bir vaqtning o’zida 5-oktyabrda ham qayg’uli, ham uzoq kutilgan quvonchli xabar, ya’ni menga homilador bo’lganliklari haqida bilib olibdilar onajonimlar. Shu kuni men 2 haftalik tug’ilmagan mehmon edim. Yillar o’tib, 2011 yilda otajonimlarni eslab, xomush o’tirganimda, telefon qo’ng’irog’i jarangladi. Ota-onamlardan keyin ular o’tgan va tug’ilgan sanalarda xotiralarim bilan yolg’iz qolish uchun telefonlarni o’chirib quyar edim. Hech kim bilan gaplashishni xohlamas edim. Nima bo’ldi-yu, shu kuni uy telefoni tovushini o’chirish yodimdan kutarilibdi. Go’shakni ko’tardim. Yoqimli erkak ovozi iltifot bilan ismimni aytib, so’radi. “Uzr, Muqaddas bugun gaplasha olmaydilar” dedim. “Sababini bilsam bo’ladimi?” degan savol yangradi. “Bugun faqat ota-onamlar bilan gaplashadigan kunim” dedim. “Ota-onangizlar o’tib ketishganidan xabarim bor. Sizni tushundim, ertaga qo’ng’iroq qilaman, kechirasiz” deb eshitildi narigi tomondan. Go’shakni ko’ydim. Ish yuzasidan bo’lsa kerak, deb unutdim. 5 kun o’tgach yana qo’ng’iroq bo’ldi ertalab. “O’zingizga kelib qoldingizmi, men Sizni tushunaman. Onangizlarga pensiya olib boradigan ayol (pochtalyon) nomeringizni berdi. Menga yaxshi umr yo’ldosh kerak. Oyingizlarni pochtalyon maqtadi. Sizni pochtalyon tanimas ekan. Sizni doim ishda bo’ladi. Men pensiya olib borsam, eshikni onalari ochadilar” dedi. Onangizni pochtalyon shunday ta’rifladiki, man o’yladim “Onasini ko’rib, qizini ol” degan gap bor. Qizi ham onasiga o’xshasa kerak” deb aytdi begona erkak. Aqlim shoshib qoldi bu gaplardan. Yaqindagina onajonimlarning yil oshlarini o’tkazib, hali uzimga kelmaganman. “Uzr, kayfiyatim yo’qroq” dedim. Begona erkak “Mayli unda loaqal telefonda suhbatlashib turaylik” dedi. Shu alfozda roppa rosa 1 oy ko’rishmay gaplashdik. 5-noyabr kuni “Bir oy bo’ldi gaplashayotganimizga, endi kurishsak bo’lar, umr o’tib ketaveradimi” dedi notanish erkak. 5 (!) noyabr kuni ko’rishdik ko’chada. “Iste’dod” jamg’armasidan chiqishda poylab turgan ekanlar. Yana 5 (!) marta ko’rishdik va 5-dekabrdan to’y kilib, oila bo’lib yashay boshladik.

Onajonimlar vasiyat qilgan edilar “Qizim, agar yana oila qursang, imkoniyat bo’lsa, stajing pensiya olish uchun etarli bo’lsa, kamida 5 yil oldin ishdan bo’shab xo’jayininglarga xizmat qilgin” deb. Ularga uzoq yillar davlat ishida ishlab, adajonimlar yonlarida o’zlari xohlagandek ko’p bo’la olmaganlari armon bo’lib qoldi. Hozir o’ylab qarasam, pensiya yoshiga to’lishiga 5 yil qolibdi (agar pensiya yoshini nariroqqa surishmasa). Taqdir taqozosi bilan onajonimlarning vasiyatlari ijobat bulayotganidan baxtiyorman.
Har bir ongli inson jamiyat uchun foyda keltirishi zarur! Oila ham jamiyatning bir bo’lagi! Baxtli jamiyat baxtli oilalardan tashkil topadi, deb o’ylayman. Bugun adajonimlarning tug’ilgan kunlari!!! Agar xayot bo’lganlarida 89 yoshga kirar edilar. 74 yil yashadilar, munosib hayot kechirdilar, onajonimlarni nihoyatda yaxshi ko’rar edilar, hurmat qilardilar. Onajonimlardan 8 yosh katta bo’lishlariga, onajonimlar adajonimlarning tug’ishgan xolalarining qizlari (xolavachcha) bo’lishlariga qaramasdan doim ularga Siz deb murojaat qilardilar. Menga ham adajonimlar Siz deb murojaat qilardilar. Vatanparvar, insonparvar bo’lganlar. Abdulla Qodiriy, Fitrat, Munavvar Qori va boshqa ko’plab o’zbek tom ma’noda ziyolilarning qatl etilgan kundan bir kun keyin tug’ilibdilar. O’ylaymanki, ajdodlariga munosib bo’lganlar. Alloh ularning oxiratlarini obod qilsin. Hayotdagi oliy maqsadim – ularga munosib bo’lish va ruhlarini shod etish. Bu dunyodan o’tgan barcha yaqinlarimizning, yaxshilarning joylari jannatda bo’lsin!”

Muqaddas Isroil, professor

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting