O‘zbekistonda “Yozuvchi, rassom, madaniyat xodimlari rezidentsiyada” dasturi o‘tkazilmoqda

0
285
marta oʻqilgan

krp 024

Joriy yilning 25-sentabrdan 10-oktabrigacha O‘zbekistonda “Yozuvchi, rassom, madaniyat xodimlari rezidentsiyada” dasturi – UzLAB (“Uzbekistan’s Literature and Art Bridge”) bo‘lib o‘tmoqda. Dastur davomida O‘zbekistonga uzoq-yaqin mamlakatlardan 20 nafar shoir, rassom va yozuvchilar tashrif buyurgan. Bu haqda “Korrespondent.uz”ga dastur tashkilotchisi ma’lum qildi.

krp 027

Ushbu “Ijodiy turizm” dasturi bir yilda to‘rt marta maxsus tashkillashtiriladi. Xorijlik ijodkorlarning katta qiziqishi tufayli, yilning istalgan paytida 2-4 kishilik qo‘shimcha guruhlarni ham qabul qilish boshlandi, ya’ni, dastur bundan buyon yil bo‘yi davom etaveradi.

krp 017

UzLAB – O‘zbekistonni dunyo adabiyoti va san’ati bilan bog‘lovchi mustaqil mitti ko‘prik bo‘lib, u o‘n kundan to‘rt haftagacha muddat ichida O‘zbekistonning kamida uchta shahridagi adabiy, do‘stona, dilkash davralarda bo‘lishni istovchi chet ellik yozuvchi, shoir, tarjimon, rassom va madaniyat xodimlari uchundir. Dastur 2018-yil oktabr oyida loyiha-tajriba sifatida ochilgan va hozirgacha unda o‘ndan ziyod xorijiy davlatdan 20 nafardan ortiq ijodkor ishtirok etdi.

krp 014

“UzLAB” mustaqil tashabbus sifatida adabiy, madaniy almashuv, chet ellik mualliflar bilan muloqot va o‘zaro aloqaga ochilish, o‘zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot o‘rnatishi uchun imkon berish va sharoit yaratish, kelgusida foydali dastur va loyihalar ustida birgalikda ishlash uchun adabiy, professional munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, ko‘rgazmalar qilish, chet tillari kurslari tashkil etish, adabiy tahrirlar qilish, kitoblar chop etish barobarida chet ellik ijodkor turistlarni O‘zbekistonga jalb etishni ko‘zda tutadi.

krp 015

Mazkur dastur kelgusida O‘zbekiston o‘zining keng ko‘lamli Xalqaro ijodiy dasturlarini, Xalqaro yozuvchilar va she’riyat festivallarini, Xalqaro ijod uylarini ochishiga turtki bo‘lishni maqsad qiladi. Bu ijodiy tashabbus shartiga ko‘ra, dastur ishtirokchilari mehmonxonada emas, o‘zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat xodimlarining uylarida ular bilan birga yashaydi va ijod qiladi.

krp 021

“UzLAB “ mushoira va badiiy o‘qish kechalari, qisqa muddatli chet tili kurslari va suhbat klublari, yozuvchi, shoir, rassom va talabalar bilan uchrashuvlar, kutubxona, adabiyot va uy-muzeylari, va albatta O‘zbekistonning diqqatga sazovor, tarixiy shaharlari va ziyortgohlariga sayohatni o‘z ichiga oladi.

krp 008

O‘tgan dasturlar natijasi o‘laroq, o‘zbek yozuvchilarining hikoyalar to‘plami, o‘zbek shoiralari to‘plami dasturda ishtirok etgan xorij ijodkorlar yordamida ingliz tilida kitob holida nashr etilmoqda. O‘zbek shoirlari ijodidan namunalar esa ingliz, hind, ozarbayjon, qirg‘iz, bolgar tillariga tarjima qilindi. Bolgar tilida o‘zbek yozuvchilari hikoyalari birin-ketin onlayn adabiyot platformalarida nashr etila boshladi. Hind shoirasi Ranu Uniyalning o‘zbek tilidagi to‘plami Xorazmda, Alisher Navoiyning ingliz tiliga o‘girilgan “Farhod va Shirin” dostoni hamda zamonaviy o‘zbek she’riyati antologiyasi Hindistonda bosilishi rejalashtirilgan.

krp 022

Bolgariyada O‘zbekistonga bag‘ishlangan alohida taqdimotlar qilindi, Ozarbayjon, Qirg‘izistonda 10 ga yaqin nashrlar o‘zbek adabiyoti va san’atiga oid maqolalar berdi. Dastur ishtirokchilari o‘z mamlakatlaridagi adabiy va madaniy doiralarni O‘zbekistonga jalb qilishda, sayohatlarini uyushtirishda jonbozlik qilmoqda.

krp-028

Shu yil avgust oyida bir guruh o‘zbekistonlik ijodkorlar Bolgariyaning Plovdiv shahriga madaniy-adabiy almashuv dasturida ishtirok etib qaytdi. Dastur bunday ijodiy almashuvlarni tez-tez amalga oshirishni ko‘zlaydi.

 

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting