Toshkentdagi oilaviy nizolarning salkam 6 foizi ayollarning erkaklarga tazyiqi oqibatida kelib chiqqan

0
25
marta oʻqilgan

Toshkent shahrida oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida sodir etilgan huquqbuzarliklarining 16,3 foizi er tomonidan xotinga qilingan zo‘ravonlik natijasida kelib chiqqan. Bu haqda 12-sentabr, payshanba kuni Toshkent shahar IIBB vakillarining jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbirda poytaxt IIBB Jinoyatchilikning oldini olish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mayor Maqsuda Xo‘janazarova oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga to‘xtalib o‘tdi.

“Huquqbuzarliklarning 16,3 foizi er tomonidan xotinga qilingan zo‘ravonlik, 5,9 foizi esa xotin tomonidan erga nisbatan tazyiq oqibatida kelib chiqqan. Nizolarnining 22 foizi er-xotin o‘rtasida doimiy janjallar, 16,9 foizi spirtli ichimliklarni muntazam iste’mol qilish, 5,5 foizi rashk tufayli, 4,5 foizi qarindosh-urug‘lar o‘rtasida mol-mulk talashish, 26,2 foizi murosasiz kelishmovchiliklar, 24 foizi boshqa sabablar oqibatida kelib chiqmoqda”, — dedi mayor Xo‘janazarova.

Poytaxtda erkaklarga ayollar tomonidan qilingan tazyiqlarga misol tariqasida mulk talashish vaqtida bir xotin erini urgani, ikkinchi holatda esa yosh kelin-kuyovlarning o‘zaro janjali vaqtida qaynona kuyoviga qo‘l ko‘targani ko‘rsatib o‘tildi. Har ikki holatda ham erkaklar ularga kuch ishlatgan ayollar ustidan ichki ishlar organlariga shikoyat qilgan.