Toshkentda MMA jangchisi Muslimbek Omonov mushtlashuv oqibatida vafot etdi

0
65
marta oʻqilgan

Toshkentda MMA professional jangchisi Muslimbek Omonov mushtlashuvda olgan jarohati oqibatida vafot etdi. Toshkent shahar IIBB bu haqda tarqalgan xabarlarni tasdiqladi.

korrespondent uz 077
Foto: Kun.uz

Ma’lum bo‘lishicha, 11-sentabr, chorshanbaga o‘tar kechasi soat taxminan 00:50da Yunusobod tumanida joylashgan kafelarning birida bir-biridan alohida ikki davrada o‘tirgan yigitlar o‘rtasida mojaro kelib chiqqan.

Tomonlar ko‘chaga chiqib, Shayxontohur tumaniga qarab yo‘l olgan va u yerda mushtlashuv kelib chiqqan. Natijada uch kishi tan jarohatlari bilan kasalxonaga murojaat qilgan, ulardan biri — 23 yoshli Muslimbek Omonov shifokorlar sa’y-harakatlariga qaramay vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. IIBBdan ma’lum qilishlaricha, mojaroning barcha ishtirokchilari aniqlangan. Tergov davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yil avgustida Yunusobodda joylashgan Aurum 898 tungi klubida ro‘y bergan pichoqbozlik oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayev vafot etgandi.