Samarqandda bir oilaning 5 nafar a’zosini o‘ldirgan shaxslar umrbod ozodlikdan mahrum etildi

0

Samarqandda bir oilaning 5 nafar a’zosini o‘ldirgan shaxslar ustidan sud hukmi o‘qildi.

korrespondentuz 0696
Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi binosida 6-sentabr, juma kuni sudlanuvchilar G‘olib Tashanov (1981-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, oilali, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Jahongir Usmonov (1993-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz), Shamshiddin Esonboyev (1995-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta, uylanmagan, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz) va Habibullo Nurmanov (1996-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, millati — o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti — o‘rta-maxsus, uylanmagan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Jinoyat ishi O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi Ikrom Muslimov raisligida hamda sudyalar O.Arabov va E.Ergashevdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, G‘olib Tashanov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 270-moddasi, 1-qismi va 273-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib oqlandi va jinoyat ishining shu qismi tugatildi.

 

G‘olib Tashanov, Jahongir Usmonov, Shamshiddin Esonboyev va Habibullo Nurmanovning aybidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “o” bandi hamda “p” bandidagi qasddan odam o‘ldirish jinoyatining “uyushgan guruh a’zolari tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda” sodir etishda ifodalangan malakalovchi belgisi chiqarildi.

G‘olib Tashanov, Jahongir Usmonov, Shamshiddin Esonboye va Habibullo Nurmanovning jinoiy harakatlari JKning 164-moddasi 4-qismining “v” bandidan, JKning 33-moddasi talablariga muvofiq, Jinoyat kodeksi 164-moddasi 3-qismining “v”, “g” bandlariga, Jinoyat kodeksi 267-moddasi 3-qismining “b” bandidan Jinoyat kodeksi 267-moddasi 2-qismining “b” bandiga qayta kvalifikatsiya qilindi.

G‘olib Tashanov Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a”, “v”, “j”, “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 3-qismining “v”, “g” bandlari, 267-moddasi 2-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, o‘tash uchun uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasida o‘tattirish belgilandi.

Jahongir Usmonov Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a”, “v”, “j”, “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 3-qismining “v”, “g” bandlari, 267-moddasi 2-qismining “b” bandi, 276-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, o‘tash uchun uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasida o‘tattirish belgilandi.

Shamshiddin Esonboyev Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a”, “v”, “j”, “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 3-qismining “v”, “g” bandlari, 267-moddasi 2-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, o‘tash uchun uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasida o‘tattirish belgilandi.

Habibullo Nurmanov Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a”, “v”, “j”, “i”, “p” bandlari, 164-moddasi 3-qismining “v”, “g” bandlari, 267-moddasi 2-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, o‘tash uchun uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazo maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasida o‘tattirish belgilandi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandning Qo‘shrabot tumanida 15-may kuni bir oilaning besh a’zosi jasadlari topilgan edi. Oradan uch kun o‘tib, ushbu qotillik jinoyatini sodir etishda gumonlanib to‘rt kishi ushlangan. Jinoyatchilar 5 a’zosini o‘ldirgan oiladan 22 million so‘m, 100 dollar va 600 ming so‘mlik Samsung uyali telefonini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Ularning bari o‘zaro qarindosh, oilalari namunali va o‘ziga to‘q ekanligi aniqlangan. Jinoyatchilar marhumlar bilan mahalladosh bo‘lgan.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov to‘rt yigitning pul ilinjida besh kishining qotiliga aylanishini “barchamiz uchun sharmandali holat” deb baholagan. Uning o‘rinbosari Rustam Qobilov esa bunday jinoyatlar viloyatda qayta sodir etilmasligiga va’da bergan.

Qotillarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud ishi 4-sentabr kuni boshlangan.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting