Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi

0

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 19-20-may kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Bu haqda O‘zA’ga tayanib Uz24.uz xabar qiladi.

Foto: Sputnik O‘zbekiston

Prezidentning 6-7-mart kunlari Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkmaniston muloqotining davomi bo‘ladigan Turkmanboshi shaharida o‘tadigan uchrashuv va muzokaralarda mamlakatlar o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir dolzarb masalalar muhokama qilinadi, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlaridan kelgan bir guruh bolalar dam olayotgan “Avaza” milliy sayyohlik zonasiga ham tashrif buyuradi.

Davlat rahbarlarining muzokaralari yakunida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo va boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro manfaatli tijorat shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.