Sirdaryo hokimi G‘ofurjon Mirzayev: Paxta mavsumida viloyatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi

0

Sirdaryo viloyatida 2019-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda ta’kidlab o‘tdi.

korrespondent uz 031
Foto: Daryo.uz

G‘ofurjon Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda paxta terimida qatnashadigan hasharchilar uchun 90 ta shaharcha barpo etilmoqda. “Shaharchalardan biri Boyovut tumanida ko‘rgazmali tarzda tashkillashtirilgan. Shaharchada terimchilar uchun uch mahal issiq ovqat tortiladi, dam olish xonalari, tibbiy yordam ko‘rsatish shoxobchalari xizmatda bo‘ladi”, — dedi hokim.

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydimi, degan savolga hokim shunday javob berdi: “Majburiy mehnat bo‘lmaydi. O‘z xohishi bilan terimda qatnashmoqchi bo‘lganlar kelib mehnat qilishi mumkin. Sirdaryo — aholisi eng kam bo‘lgan viloyat. Lekin paxta maydoni boshqa katta viloyatlarnikidan kam emas. Bu yil 230 ming tonnadan ortiq paxta topshirish reja qilingan”.

Viloyat hokimining qo‘shimcha qilishicha, Sirdaryoda paxtani qayta ishlashga ixtisoslashgan 5 ta klaster faoliyat yuritmoqda. Klasterlar tomonidan chet eldan bir nechta zamonaviy paxta terish mashinalari olib kelingan. “Terimda qo‘l kuchini kamaytirish maqsadida paxta maydonlarining 40 foiziga texnika orqali terishga moslab g‘o‘za qadalgan”, — dedi hokim.

Avvalroq Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov paxta terimiga birorta budjet tashkiloti xodimini yaqinlashtirmaslikka qasam ichgani ma’lum bo‘lgandi. “Undan ko‘ra, paxta dalada qolsa qolib ketsin. Qolmaydi albatta. Hammasini teramiz. Lekin budjet tashkilotlari bilan emas”, — degandi Andijon viloyati hokimi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting