Andijonda yiliga 4,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro aeroport qurilishi mumkin

0

Andijon viloyatida turkiyalik investorlar tomonidan kuniga 15 mingdan ortiq, yiliga esa 4,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy xalqaro aeroport quriladi.

Foto: Protoday

Hokimlik matbuot xizmati rahbari Mirzohid Botirovning ma’lum qilishicha, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 28-avgust kuni Turkiyaning “MN Grup” kompaniyasi rasmiylarini qabul qilgan. Qabul davomida turkiyalik investorlar viloyatda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xalqaro aeroportning ikki turdagi taklifiy loyihalarini taqdim etgan.

Vodiyda yagona bo‘lishi kutilayotgan aeroport loyihasining umumiy qiymati 120 million yevroni tashkil qiladi. Qurilish ishlari jahon andazalari asosida olib boriladi. Agarda ishga tushadigan bo‘lsa, 9 ta ichki yo‘nalish va Rossiya, Turkiya, BAA, Koreya davlatlari bo‘yicha tashqi parvozlarni amalga oshiriladi. Bir soatda 6 ta reysni qabul qilib, kuzata olish, bir kunda 15 mingdan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatishga ega bo‘ladi.

“Xorijlik ishbilarmonlar bilan bo‘lib o‘tgan avvalgi uchrashuvlar chog‘ida viloyat rahbari Andijonda qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yishda katta imkoniyat borligi uchun, aynan bu yo‘nalishda aeroportda kargo tashkil qilish bo‘yicha ham taklif bergan edi, — deydi viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Shohrux Qambarov. — Taklifga ko‘ra, yangi majmuada meva-sabzavotlarni uzoq muddat saqlab turish quvvatiga ega bo‘lgan muzlatgichli omborxonalar ham tashkil etiladi. Bundan ko‘zlangan bosh maqsad viloyatimiz hududida yetishtirilgan meva va sabzavotlarni jahon bozoriga o‘z sifatini saqlagan holda yetkazib berishdan iborat”.

Ma’lumot uchun, 2017-yilda Toshkent xalqaro aeroporti 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. O‘zbekiston havo yo‘llari esa 2018-yilda 21 mingta parvozlar amalga oshirib, 3 million yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatdi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting