Surxondaryoda milliy suv resurslarini boshqarishga oid media-tur bo‘lib o‘tmoqda

0
54
marta oʻqilgan

O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishi va sanoat rivojlanishi bilan bog‘liq xolda suvga bo‘lgan talab kun sayin kuchayib bormoqda. Ayniqsa, qishloq joylarda bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Aholining kerakli miqdordagi suv resurslariga bo‘lgan talabini qondirish birinchi darajali muhim vazifalardan biridir.

Foto: Korrespondent.uz

Yvropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali hamda suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” BMT Taraqqiyot Dasturi aynan shu masalaga qaratilgan. Dastur o‘zaro bog‘liq uchta komponent— “Suv resurslarini boshqarishning milliy tizimi va suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish”, “Texnik salohiyatni mustahkamlash”, “Xabardorlikni oshirish” komponentlar doirasidagi ishlarni amalga oshirgan xolda, suv xo‘jaligi sohasiga ko‘maklashishga qaratilgan.

Loyihaning asosiy maqsadi milliy suv havzalari va fermer xo‘jaliklari suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha tashkilotlarning texnik salohiyatini mustaxkamlashga, shuningdek, o‘quv dasturlarini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan milliy muassasalarning salohiyatini oshirishga qaratilgan.

20-23-avgust kunlari mazkur dasturning 2- va 3-komponentlari doirasida Surxondaryo viloyatida media-tur bo‘lib o‘tmoqda. Jurnalistlar uchun tashkil etilgan mazkur media-tur doirasida barcha turdagi respublika ommaviy axborot vositalaridan vakillar ishtirok etmoqda.

Foto: Korrespondent.uz

Dasturning birinchi kunida BMT Taraqqiyot Dasturi loyiha rahbari Ulug‘bek Islamov mazkur dastur va uning “Texnik salohiyatni mustahkamlash” 2-komponenti doirasida 2017–2019-yillarda bajarilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, suv resurslarini boshqarishda texnik salohiyatni mustahkamlash uchun Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari tanlab olingan. Ushbu viloyatlarning irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bilan hamkorlikda suv ta’minoti va suv resurslarini samarali boshqarish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha ish olib borilayapti.

Foto: Korrespondent.uz

Tadbirda Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali tomonidan amalga oshirilayotgan 3-komponent doirasidagi Suvni tejash bo‘yicha xabardorlikni oshirish (UzWaterAware) loyihasining ahamiyati haqida mazkur loyiha ekspertlari Rezida Erdman va Yekaterina Ustinenko gapirib berdi.

Ikknchi kuni esa media-tur ishtirokchilari Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida bo‘lishdi. Boshqarmada “Texnik salohiyatni mustahkamlash” 2-komponent doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda. Erlarning meliorativ holatini yaxshilash, nasos stantsiyalari, yirik suv omborlari va gidroinshootlardan samarali foydalanish, suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida viloyatdagi suv xo‘jaligi mutaxassislari va rahbar xodimlari ishtirok etishmoqda. Mashg‘ulotlarni Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-o‘qituvchilari olib borishyapti.

OAV vakillari Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi faoliyati bilan tanishishdi, trening jarayonlarini kuzatib, ishtirokchilar bilan muloqot qilishdi.

Foto: Korrespondent.uz

Media-turning 3-kuni, 22-avgustda ishtirokchilar Sherobod tumanidagi “Tallashqon kelajagi” suv iste’molchilari uyushmasida bo‘lishdi. Uyushma binosi “Texnik salohiyatni mustahkamlash” 2-komponenti doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi asosida ta’mirdan chiqarilib, kompyuter va jihozlar bilan ta’minlangan. Media-tur ishtirokchilari mazkur uyushma faoliyati bilan tanishar ekan, miroblar bilan suhbatlashdi.

BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi asosida “Tallashqon kelajagi” SIU hududidagi 5 ta xonadonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi taqdim etilgan edi. Sherobod tumani Bog‘obot mahallasida yashovchi Abduraimovlar xonadoni shular jumlasidan.

— Tomchilatib sug‘orish tizimi juda foydali ekan. Avval ariqqa suvga chiqardik. Vaqtim ariqma-ariq suv poylashga ketib qolardi. Agar bu tizimdan to‘g‘ri foydalansa bir yilda uch marta hosil olsa bo‘lar ekan, – deya Adburaimovlar oilasi bir yillik tajribasini o‘rtoqlashdi. — Yoz vaqtida suv tanqis bo‘ladi. Bu yil bizga ariqda suv bor yo‘qligi bilinmadi. Tomchilatib sug‘orishning qulayliklari ko‘p ekan. Begona o‘tlar ko‘p o‘smaydi, xosil ham yaxshi.10 sotix maydondan 1 tonna pomidor oldik.

Foto: Korrespondent.uz

“Tallashqon kelajagi” SIU ikki ming gektardan ziyod sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan ta’minlash uchun xizmat qiladi. Hududning asosiy suv manbai bo‘lgan “R-20” kanali 1967-yilda qurilgan bo‘lib, keyingi yillarda ta’mirlashga muhtoj bo‘lib qolgan edi. Suv yo‘qotishlari ko‘p bo‘lganidan quloqning oxiridagi fermer xo‘jaliklariga suv yaxshi yetib bormas edi. BMT Taraqqiyot Dasturi loyihasi asosida mazkur kanal ta’mirdan chiqarildi. Natijada suv yo‘qotishlarining oldi olindi, suv mo‘l bo‘lganidan eng chekka hududlardagi maydonlarda ham ekinlar yaxshi rivojlandi. Ayniqsa, fermerlar bu yil paxtadan yuqori hosil kutishmoqda.

— Paxtalarimizni bir marta suvlab qolardik. 10 sentner xosil olardik. Kanal nosoz bo‘lgani uchun suv yetib bormay yo‘lda qolib ketar edi. Ta’mirlangandan so‘ng mana uch martagacha sug‘orishga ulguryapmiz. Suv yaxshi yetib boryapti, xosil 25-30 sentnerga chiqdi, – deydi “Isloxot yo‘li” fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Hayitov.

Dasturning 3-kunida ham loyiha doirasida qilinayotgan ishlar bilan tanishishda davom etamiz.

Charos Yoqubova

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting