Oʻzbekistondagi deyarli barcha attraktsionlar xavfli deb topildi

0

Bugungi kunda Oʻzbekiston hududidagi istirohat bogʻlarida aholiga xizmat koʻrsatayotgan attraktsionlarning barchasi inson hayoti uchun xavfli ekanligi aniqlandi, deb xabar qilmoqda OʻzA.

korrespondentuz 056
Foto: Sputnik

Bu haqda maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi raisi Baxtiyor Gʻulomov maʼlum qildi.

– Madaniyat va istirohat bogʻlaridagi attraktsionlarning aksariyati foydalanish talablariga javob bermaydi. Yurtimizga koʻp attraktsionlar xorijiy davlatlardan, xususan, Xitoy Respublikasidan olib kelinadi. Oʻzimizda ham ishlab chiqarilayotgan attraktsionlar bor. Ammo yetarli tajribaga ega konstruktorlar yoʻqligi sababli yurtimizda ishlab chiqarilayotgan attraktsionlar talabga toʻliq javob bermaydi. Bu holat esa inson hayoti uchun xavflidir, – dedi Baxtiyor Gʻulomov.

Gʻulomov aytishiga qaraganda, 28-iyunda Jizzaxda sodir boʻlgan inson oʻlimi bilan bogʻliq fojia ham Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan attraktsionda roʻy bergan.

Ushbu baxsiz hodisadan soʻng mahalliy hokimiyat, Favqulodda vaziyat vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi, “Oʻzenergoinspektsiya” hamda Sanoat xavfsizligi qoʻmitasi vakillaridan iborat 16ta komissiya tuzilib butun Respublika boʻylab 1 845ta attraktsionlar tekshiruvdan oʻtkazilgan.

Tekshiruv natijasida aniqlanishiga koʻra, 1 292 ta attraktsionda texnik pasport yoʻqligi, 1106 tasida – kunlik texnik koʻrikdan oʻtkazish jurnali yoʻqligi, 928ta  attraktsionda – ishlatish va oʻrnatish boʻyicha yoʻriqnomalar mavjud emasligi aniqlangan. Undan tashqari attraktsionlarga biriktirilgan xodimlarning 1 258 nafarida oʻqiganlik toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomalar yoʻq va ular texnikadan foydalanish tartib qoidalarini mutlaqo bilmasligi aniqlangan. Shuningdek 854 ta attraktsionda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati mavjud emas.

Kelgusida bolalar hayoti va sogʻligi bilan bogʻliq noxush hodisalarning oldini olish maqsadida Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi taklifiga binoan 2017-2019-yillar oraligʻida madaniyat va istirohat bogʻlariga oʻrnatilgan attraktsionlar sertifikatlashtirilib, ularga biriktirilgan xodimlar maxsus kurslarda oʻqitiladi. Attraktsionlar qurish va ishga tushirishdan oldin texnik koʻrik va sinovlardan oʻtkaziladi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting