Oliy Majlis deputati: Aholining namunaviy uylar bo‘yicha e’tirozlari asosli chiqdi

0

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida qurilgan namunali uylar bo‘yicha e’tirozlar asosli bo‘lib chiqqanini ma’lum qildi.

korrespondentuz 032
Foto: Gazeta.uz

«Shu yilning aprel oyida tugallanishi va’da qilingan uylar hamon to‘liq egalariga topshirilmaganligi va qurilishdagi sifatsiz ishlar haqida aholi vakillari o‘tgan haftada Yangiyo‘ldagi qabulxonamga kelib murojaat qilishgandi, — deydi deputat. — Tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, murojaat joyida o‘rganilgandagina asl haqiqat namoyon bo‘ladi. Shu bois, qurilishga mas’ul „Qishloq qurilish invest“ IK va tuman hokimligi mas’ullarini joyiga taklif qilib, muammoni o‘rganib chiqdik».

«Ochig‘i aholi vakillari noliganicha ham bor ekan: jami 76 ta uyning 60 ga yaqinida xonadon egalari u yoki bu darajada qurilish ishlaridan norozi, aksariyati qurilish-ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani uchun uylarni qabul qilib olishmagan. Shu bois, uylar hamon tabiiy gaz bilan ta’minlamagan, yangi ko‘cha chang to‘zon va shag‘aldan iborat bir ahvolda. Shuningdek, bir qator xonadonlardagi hammom, kotelnыy, eshik, kanalizatsiya, hovli sahnidagi beton va elektr toki montaj ishlari qurilish talablariga mos olib borilmagan, ayrim quruvchi ustalar ish haqlarini ola olmay sarson…» — deydi Rasul Kusherbayev.

Deputat barcha kamchiliklar bilan tanishgach, aholi e’tirozlari bejizga emasligini, shu yerning o‘zida tez muddatda qurilish ta’mirlash ishlarini oxirigacha yetkazish bo‘yicha ishlar rejalashtirib olinganini ta’kidladi.

«Har tugul bu safar bir-birimizni yaxshi tushundik shekilli „Qishloq qurilish invest“ mas’ullari e’tiborsizlik qilgan qurilish ishlarini qattiq nazoratga olib, kamchiliklarni bartaraf qilishga kirishishdi. Hokimlik ham ertalabdan va’da qilingan ishlarni boshlab yuboribdi», — deya ma’lum qildi Qonunchilik palatasi deputati.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting