Karim Bahriyev: O‘zbekiston 1991-yildan so‘ng chorak asr shaxsga sig‘inish va uning zulmidan azob chekib yashadi

0
79
marta oʻqilgan

Karim Bahriyev o‘z vaqtida Birinchi prezidentni keskin va ochiq tanqid qilgan. Islom Karimov o‘ziga nisbatan bildirilgan bu tanqidlarni qanday qabul qilgan? Shoir va jurnalist bu haqda shunday xotirlaydi.

korrespondentuz 008
Foto: Karim Bahriyev fotoarxivi

— Uning uchun birinchi va yoqimsiz tanqid 1991-yil 7-iyun kuni “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan “Uyg‘onish mashaqqati” maqolasida ifoda etilgan. Bu voqea men uylangan kunda ro‘y bergan. Hali gazetalar “Sharq” nashriyotida chop etilayotgan va rastalarga yetib kelmagan bir paytda, ya’ni tonggi oshga davlat rahbari devonidan, parlamentdan vakillar va vazirlar mehmon sifatida kelishdi. Vazirlar Mahkamasining birinchi kafesida o‘tkazilgan kechki bazmga esa menga tanish bo‘lgan birorta ham amaldor kelmadi. To‘y Toshkent hamda samarqandlik mehmonlar va qarindoshlar ishtirokida, parlamentda menga maslakdosh bo‘lgan yaqin do‘stlar, she’rlar o‘qigan va ko‘p qadah so‘zlari aytgan shoirlar-u yozuvchilar davrasida o‘tdi. Turmush o‘rtog‘imning qarindoshlari hatto “Bu to‘y emas, yig‘ilish bo‘ldi” deyishgan.

Keyin ma’lum bo‘ldiki, gazeta ertalab rastalarga chiqqan. Vazirlar Mahkamasi Prezidiumi va Oliy Kengashning qo‘shma yig‘ilishida Islom Karimov ustozlarim — shoir Erkin Vohidov va yozuvchi Pirimqul Qodirovga jahl bilan baqirgan: “Uni sadoqatli, iste’dodli odam deb aytyapsizlarmi? U menga dushman-ku! U muxolifatchi!”.

Erkin Vohidov o‘sha yillari Oshkoralik qo‘mitasi raisi, Pirimqul Qodirov esa Til, din, madaniyat va millatlararo qo‘mita raisi edi. Men turli davrlarda ularning ikkisida o‘rinbosar bo‘lib ishlagan edim. “Uyg‘onish mashaqqati” maqolasida shaxsni ulug‘lash boshlanayotgani haqida fikr yuritilgandi. Tanqidiy materialim chop etilishidan avval davlat rahbarining qishloq va uzoq qishloqlarda yashovchi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qarori e’lon qilingandi. Televizor orqali chiroyli diktor ayol maqtovga yo‘g‘rilgan matnni o‘qiy boshladi: “Bizga toza suv berganligi uchun Prezidentga rahmat!”, “Unga rahmat, bunga rahmat” va hokazo.

Men bunga o‘z maqolamda shunday munosabat bildirganman: “Prezident o‘z tomorqasida bodring ekkani ham, yetishtirgani ham yo‘q. Ishlab topgan pullariga sizlarga vodoprovod o‘tkazib bergani ham yo‘q. U budjet pullarini ajratayapti. Bu pullar esa bizning — soliq to‘lovchilarning puli. Agar shunday davom etsa, biz uni o‘zimiz nafas olib turgan havo uchun ham maqtay boshlaymiz. Nega biz yana qaytadan shaxsni ulug‘lashni tashkillayapmiz? Axir biz SSSR davrida avtoritarizm va totalitarizmdan to‘ymaganmidik?”.

Bu so‘zlar uning Prezident bo‘lib saylanganiga bor-yo‘g‘i olti oy o‘tganidan keyin yozilgandi. Biroq, bu ogohlantirish muhim va bashoratli bo‘lib chiqdi — mamlakat keyingi chorak asr davomida shaxsga sig‘inish va uning zulmidan azob chekib yashadi.

Parlamentdan quvilib, so‘ng qamalishimni hamma kutayotgandi. Maqolamdan keyin ayrim tanishlarim men bilan duch kelganlarida salomlashmay ham qo‘yishdi. Odatda Karimovning g‘azabi tez so‘nardi. Ikki-uch kun jahl qilardi. Ammo bu safar u men bilan bir yarim oy gaplashmadi. O‘sha paytdagi muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Gosplan” rahbari Shukrullo Mirsaidov va parlamentning Til, din, madaniyat va millatlararo qo‘mitasi kotibi, ya’ni men uchalamiz diniy tashkilotlarni soliqdan ozod qilish masalasini muhokama qilayotgan paytimizda oldimga Islom Karimov keldi va baland ovozda baqira boshladi: “Nima qilib qo‘yding?!”.

Men unga xotirjam javob berdim: “Yozdim. Chop etildi. Nima qilish kerak? Ortga qaytarib bo‘lmasa endi!”. U o‘zini bosib olib, gapirdi: “Bilaman, sen men haqimda hech qachon yaxshi so‘zlar yozmaysan. Lekin yomonini ham yozma. Mening dushmanlarim shundog‘am yetarli. Biz sen bilan bir joydanmiz. Xafa emasman”.

Shunday qilib biz yarashib oldik va Karimov meni u yoki bu moddalar bilan qamash kerakligi haqidagi qog‘oz bilan kirgan amaldorlari quvg‘inidan bir necha marotaba qutqarib qolgan.