Andijon viloyati hokimligi internetda tarqalgan audioyozuv yuzasidan izoh berdi

0

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan audioyozuvyuzasidan “Gazeta.uz”ga izoh berdi. Hokimlik izohida, jumladan, tibbiyot vositalarini sotish bo‘yicha korxonalar monopoliyasi o‘rnatilganini ma’lum qilingan.

korrespondent uz 008
Foto: Daryo.uz

O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 7-noyabrdagi “Farmatsevtika tarmog‘ini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5229-sonli Farmoniga ko‘ra, 2018-yilning aprel oyida Gold Grown Pharma kompaniyasi tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega tibbiy buyumlar ro‘yxatiga kiritilgan tibbiyot qo‘lqoplari (perchatka) ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etildi va 150 ta yangi ish o‘rini yaratilib, mahalliy byudjetga oyma-oy 75 million so‘mgacha soliq to‘lovlari amalga oshirilyapti.

Shuningdek, 2018-yil dekabr oyida Makro Farm Andijan kompaniyasi tomonidan shprits va infuzion sistemalar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. 110 ta yangi ish o‘rini yaratildi. Har oyda mahalliy byudjetga 60 million so‘mgacha soliq to‘lovlari kelib tushmoqda.

Ushbu korxonalarda har yili 24 million dona nosteril va 54 million juft steril xirurgik tibbiy qo‘lqoplar hamda 136 million dona shpritslar ishlab chiqariladi. Narx masalasiga kelsak, bugungi kunda davlat tibbiyot muassasalariga 2 ml. hajmdagi shprits 260−300 so‘mdan, 5 ml. shprits 280−500 so‘mdan, 10 ml. shprits 320−600 so‘mdan xarid qilinmoqda. Respublika komissiyasi tomonidan ulgurji sotish narxlari bir dona nosteril rezina qo‘lqoplari uchun 650 so‘m va bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari uchun 2500 so‘m etib belgilangan.

Hozirda Makro Farm Andijan kompaniyasi tomonidan 2 ml. hajmdagi shprits 220 so‘mdan, 5 ml. shprits 245 so‘mdan, 10 ml. shprits 310 so‘mdan, Gold Grown Pharma kompaniyasi tomonidan nosteril rezina qo‘lqoplari 500 so‘mdan, bir juft steril xirurgik rezina qo‘lqoplari 1800 so‘mdan davlat tibbiyot muassasalariga yetkazib berilmoqda.

2019-yil davomida Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan davlat tibbiyot muassasalari Gold Grown Pharma kompaniyasi bilan 8,4 million dona nosteril qo‘lqoplar, 9,6 million juft steril xirurgik qo‘lqoplar xarid qilish uchun hamda Makro Farm Andijan kompaniyasi bilan 5 turdagi 11,2 million dona shpritslarni xarid qilish uchun shartnomalar imzolangan va izchil bajarib kelinmoqda.

Mazkur shartnomalar imzolanishi va tibbiyot buyumlarini davlat tibbiyot tashkilotlariga sifatli va arzon narxlarda yetkazib berilishi hisobiga tibbiyot qo‘lqoplari xarididan byudjet uchun 6 milliard 902 million so‘m hamda shprits xarididan 2,1 milliard so‘m mablag‘lar iqtisod qilingan, deya ma’lum qildi hokimiyat.

Shu tariqa hosil bo‘lgan qo‘shimcha 9 milliard so‘m mablag‘ evaziga 600 o‘rinli zamonaviy maktab qurib, jihozlash mumkin. Yoki 2 ta yangi bog‘cha barpo etish imkoniyati mavjud. Aynan yuqoridagi summa 4 ta bog‘cha yoki maktabni rekonstruksiyasiga kifoya qiladi. 9 milliard so‘mga 3 ta QVP yoki butun boshli tibbiyot birlashmasini zamonaviy ko‘rinishda rekonsruksiya qilib, jihozlasa bo‘ladi. Shu mablag‘ga 90 ta oila uchun uy qurish, yoki 60 kilometrga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish mumkin. Yuqorida iqtisod qilingan mablag‘ 80 kilometr yo‘lni shag‘allash yoki 30 kilometr yo‘lga asfalt yotqizish harajatlarini qoplaydi.

Shuningdek, 14 yanvardagi PF-5629-sonli Farmonga asosan Andijon tumani, Xortum qishlog‘i, Zahiriddin Muhammad Bobur massivi hududida jami 52 gektar yer madonida “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududda (Gold Grown Pharma kompaniyasi hamda Makro Farm Andijan kompaniyasi va boshqa tashabbuskorlarning) 2019−2020-yillar davomida umumiy qiymati 1 trillion 20,6 milliard so‘m miqdoridagi, shundan xorijiy investorlar mablag‘lari hisobiga 84 million dollarlik yangi farmatsevtika loyihalari ishga tushirilishi hamda 1 415 nafar yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Viloyatda mazkur loyihalarni amalga oshirishda 2019−2020-yillar davomida import qilinayotgan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish hisobiga 524,7 million dona dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, sohaning eksport salohiyati 15 foizga o‘sishiga hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarning tannarxi 30 foizgacha pasayishiga erishiladi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat hokimining birinchi galdagi vazifasi aholi muammolarini o‘rganish va xalqqa xizmat qilishdan iborat.

O‘zbekiston hududining yuzdan bir foizini tashkil qiluvchi viloyatda mamlakat aholisining qariyb yuzdan o‘n foizi istiqomat qiladi. Tabiiy o‘sish 53 ming kishiga to‘g‘ri keladi. Bu degani aholi soni har 12 oyda Xonobod shahri (42 ming) yoki Ulug‘nor tumani (54 ming) aholisiga teng miqdorda ko‘paymoqda. Zichlik borasida nafaqat mamlakatimizd yoki Osiyoda, balki dunyoda yetakchi o‘rinlarda turuvchi Andijon viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar alohida dolzarblik kasb etishi tabiiy hol.

Viloyat hokimining qabul kunlari yuzlab fuqarolar murojaat qiladilar. Ertalab 8 dan boshlab, kech soat 22 gacha davom etadigan ochiq muloqotlarda aholi muamollarini hal qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Hokimning feysbuk, instagrammdagi sahifalariga, bevosita mobil telefoniga kelib tushadigan murojaatlar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Ularning yechimini topish, yuzaga keladiganlarining oldini olish yuqori jadallik bilan ishlashni taqozo etadi. Bir kun, hatto bir soatlik sustkashlikning ta’siri seziladi, deya qayd etdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

“Shu o‘rinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishiga to‘xtalsak. Yig‘ilishning amaliy samarasi chetda qolib, aynan ehtirosli jihatlari bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Viloyat hokimi o‘sha dori vositalari atrofidagi muammolarni avval ham bir necha bor ko‘targan. Mutasaddilarga ularning narx-navo, sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish yuzasidan topshiriq bergan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu jihatlar tushirib qoldirilgan. Bu kabi yondashuvni shov-shuv ko‘tarish, soxta obro‘ orttirish deb baholash mumkin”, — deyiladi bayonotda.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting