Senatorlar: chet ellik sayyohlarga O‘zbekiston to‘g‘risida noxolis va eskirgan ma’lumotlar tarqatilmoqda

0
23
marta oʻqilgan

Senat qo‘mitasi tomonidan xorijiy mamlakatlar tashqi ishlar vazirliklarining sayyohlar uchun rasmiy tavsiyanoma va ogohlantirishlari tahlil qilindi. Bu haqda 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 20-yalpi majlisida so‘z bordi.

Korrespondent.uz 164
Foto: Daily Sabah

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, turli mintaqalarda joylashgan jami 66 ta davlatning rasmiy idoralari tomonidan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun e’lon qilingan tavsiyanomalar o‘rganilgan. Ularda O‘zbekiston to‘g‘risida noxolis, eskirgan ma’lumotlar va mavjud kamchiliklar taqdim etilgani aniqlandi.

Xususan, O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar uchun quyidagi noxolis va eskirgan tahdid va ogohlantirishlar o‘rin olgan:

  • O‘zbekistonda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan terroristik harakatlar, zo‘ravonlik jinoyatlari, mintaqada siyosiy keskinlik, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan chegaradosh ayrim hududlarda, shu jumladan respublikaning janubiy sarhadlarida va Farg‘ona vodiysida beqaror holatlar bilan bog‘liq xavfsizlikka jiddiy tahdidlar mavjud;
  • O‘zbekistonga chegaradosh qo‘shni mamlakatlar bilan keskinlik, hattoki ushbu hududlarda muntazam harbiy to‘qnashuvlar ehtimoli borligi va bunday mojarolar muntazam sodir bo‘lishi hamda piyodaga qarshi minalar bilan bog‘liq xavf-xatarlar mavjud;
  • mamlakatda o‘g‘irlik va bosqinchilik, aholi gavjum joylarda — bozorlar, poyezdlar, jamoat transportidagi talonchilik va kissavurlik hamda firibgarlik holatlari uchrab turadi. Bunday holatlar turistik mavsumda avj oladi;
  • viza rejimi qoidalarini buzganlik uchun sayyohlar ma’muriy javobgarlikka tortiladi, shu jumladan, ularga katta miqdorda jarima solinishi, ba’zida uzoq davom etadigan sud jarayonlariga jalb qilinishi, keyinchalik esa deportatsiya kabi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Viza muddatini uzaytirish imkoniyatlarining mavjud emas yoki cheklangan;
  • Aksariyat hollarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan fuqarolarga kelgan kunidan boshlab 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi va 3 kundan ortiq muddatga boshqa biror shaharda qoladigan bo‘lsa, bu jarayonni qayta takrorlash majburiyati yuklatilgan;
  • sog‘liqni saqlash sohasida ko‘p davlatlar O‘zbekistonda tibbiy yordam barcha joylarda mavjud emas va uning sifati juda past darajada. Shuningdek, O‘zbekistonda davolanishning hech qanday uslubini qo‘llamaslik tavsiya etiladi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi ko‘pgina jiddiy kasalliklarni davolash uchun yetarli darajada taraqqiy topmagan. Respublikada tibbiyot muassasalari soni cheklangan bo‘lib, kasalxonalar kerakli anjomlar bilan yetarli darajada ta’minlanmagan va ular gigiyena talablariga to‘liq javob bermasligi, shuningdek, dori-darmonlarning zahirasi juda ozligi haqida ham ma’lum qilingan;
  • O‘zbekistonda transport va infratuzilma sohasida xavf-xatarlar mavjudligi, shu jumladan yo‘llardagi shart-sharoitlarning va boshqarish standartlarining qoniqarsizligi, yo‘llarning yoritish darajasi pastligi, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik, yo‘nalish axborot-ko‘rsatkichlari yo‘qligi, kelgusida bu sohada amaliy chora-tadbirlar ko‘rish lozimligini talab qiladi;
  • respublikadagi jamoat binolari, aeroportlar, qo‘priklar va metro bekatlarida suratga tushish man etilgani, telefon xizmatlari tizimining beqarorligi va ushbu xizmat turining mehmonxonalarda qimmatligi, elektr tarmog‘ida, ayniqsa, qishloq joylarida tez-tez uzilishlar sodir bo‘lib turishi to‘g‘risida ham axborot berilgan;
  • O‘zbekiston hukumati tomonidan jinoyatchilikning aniq ko‘rsatkichlari qayd etilgan rasman nashr etilmasligi hamda ma’lumotlarning katta qismi norasmiy manbalar orqali shakllantirilishiga ham e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, deyarli barcha mamlakatlar O‘zbekistonga tashrif oldidan yetarlicha naqd pul olishni tavsiya etishgan va yo‘l cheklari, kredit kartalaridan poytaxt markazidagi cheklangan bank muassasalari yoki zamonaviy mehmonxonalardan boshqa joyda foydalanishning imkoni yo‘qligiga e’tibor qaratilgan.

Ushbu holatlarni inobatga olgan holda haqiqiy vaziyatga oid ob’ektiv ma’lumotlarni jahon hamjamiyatiga yetkazishda idoralararo muvofiqlashtirish va maqsadli vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, turistlar oqimining oshishiga zamin yaratuvchi infratuzilmani yanada yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni joriy etishni taqozo qiladi.

O‘zbekistonning turistlarni jalb etish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilayotgan ayni vaqtda xorijiy mamlakatlar tashqi ishlar vazirliklari tavsiya etayotgan butun bir kompleks ehtiyotkorlik choralari qisqa muddatlarda bartaraf etilishi mumkin.

Senatorlar tomonidan O‘zbekistonning istiqbolli sayyohlik yo‘nalishida xalqaro imijini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar yuzasidan O‘zbekiston bosh vaziriga parlament so‘rovi yuboriladi.