23-iyun kuni Islom Karimov O‘zbekiston rahbariyatiga kelganiga 30 yil to‘ldi (video)

0

Islom Karimov O‘zbekiston rahbariyatiga kelganiga bugun, 23-iyun kuni 30 yil to‘ldi. Bu haqda Islom Karimov nomidagi jamg‘arma o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Foto: Islom Karimov jamg‘armasi

U 1989-yil 23-iyunda O‘zbekiston SSR kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi Birinchi kotibi etib tayinlangan edi. Sovet Ittifoqi respublikalarini idora etish amaliyotiga muvofiq, Karimov Kommunistik partiyaning Siyosiy byurosi hamda shaxsan SSSR davlat boshlig‘i Mixail Gorbachyov tasdiqlagach, partiya yetakchisi sifatida O‘zbekiston SSR rahbari vazifasiga kirishdi.

O‘sha kezlar sobiq Sovet Ittifoqida, jumladan, O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lgani barchaga ma’lum.

O‘zbekiston SSR ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi bo‘yicha Sovet Ittifoqida so‘nggi o‘rinlarda edi. Milliy va etnik ziddiyatlar esa vaziyatni yanada murakkablashtirgan edi.

1989-yilning may-iyun oylarida Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona voqealari” deb atalgan ommaviy to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Oqibatda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 100 dan ziyod kishi qurbon bo‘ldi, 735 ta turar joy, 28 ta davlat obyekti hamda 275 ta avtotransport vositasi yoqib yuborildi.

Boshqa qator viloyatlarda ham vaziyat notinch edi. Odamlarni tartibsizlikka undovchi kuchlar harakatga tushib qolgandi.

Moskvadagi SSSR rahbariyati O‘zbekiston SSRdagi vaziyatni izga solmog‘i talab etilar edi. Mintaqada holat o‘ta qaltis ekanini yaxshi anglagan Moskva o‘sha kezlar respublika viloyatlaridan birini boshqarayotgan aqlli, kuchli va shijoatli yetakchiga ishonch bildirdi. Qayd etish joizki, Qashqadaryo viloyati Islom Karimov rahbarlik qilgan 3 yil ichida jadal rivojlana boshladi. Karimov viloyatda ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, qisqa muddatda uni yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi.

Moskva Karimov nomzodini tanlar ekan, u shunchaki respublikani idora etib qolmay, yig‘ilib qolgan jiddiy muammolarni hal qilishiga ishonchi komil edi.

Islom Karimov butun faoliyati davomida yuksak natijalarga erishdi – SSSR hududida respublikaning eng yosh moliya vaziri (1983—1986) bo‘lib qolmay, hali Sovet Ittifoqi hukmfarmolik qilib turgan davrda (1990-yilning marti) ittifoqdosh respublikaning birinchi Prezidenti o‘laroq butun SSSR miqyosida favqulodda qadam tashladi.

Islom Karimov o‘sha davrni shunday xotirlagan edi:

“1989-yilning iyuni. Tahlikali kezlar edi. Farg‘ona, Qo‘qon, Quvasoy, Guliston, Parkent, Bo‘kadagi qirg‘in-u yong‘inlar… Fitna-fasod darvozasi lang ochilib ketgan edi go‘yo. Mamlakat bo‘ylab yoyilgan qudratli to‘lqin mutelik zamonining jamiki dov-dastgohini o‘z domiga tortdi. Hukumat vaziyatni idora qilolmay qoldi.

Boshboshdoqlikka chek qo‘yib, jar yoqasidagi respublikani halokatdan saqlab qolishga qodir inson qidirilayotgan edi. Pirovardida menga murojaat qilishdi. O‘sha pallada nafaqat mening karyeram, ta’bir joiz bo‘lsa, butun hayotim garovga qo‘yilganini yaxshi anglar edim. Balandparvozlikka yo‘ymang, ammo “xalq meni to‘g‘ri tushunadi va albatta qo‘llab-quvvatlaydi” degan ishonch menga kuch bag‘ishladi.

10 yoki 11-iyun kuni, aniq esimda yo‘q, Siyosiy byuro O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi Birinchi kotibi masalasini ko‘rayotgan edi. Muhokama nainki tanqidiy, hatto bepisand ruhda o‘tardi. Beo‘xshov luqmalar, nomaqbul mulohazalar. O‘shanda men minbardan Gorbachyovga qarata: “Mixail Sergeyevich! Mening nomzodimni olib tashlang. Bu yerda kimgadir yoqmayotganga o‘xshayman. Rafiq Nishonovni yana olti oycha lavozimida qoldirishni taklif etaman. U vaziyatni tartibga solganidan so‘ng bugungi masalaga qaytish mumkin. Endi esa mening ketishimga ijozat bering”, dedim. Gorbachyov meni olib qolishga urindi. Men esa: “Ko‘ndirishga harakat qilmang. Menga hammasi kundek ravshan. Ketishimga ijozat bering”, dedim. “Bo‘pti, shunga qaror qilibsiz, ketavering”, dedi u. Men Toshkentga uchdim. Zavodga qaytishga qaror qilgandim.

Biroq oradan ikki kun o‘tib, uyimga Nishonov qo‘ng‘iroq qildi va Moskva mening birinchi kotiblikka ko‘rsatilishimga rozilik berganini aytdi. 23-iyun kuni O‘zbekiston kompartiyasi MQ plenumi bo‘lib o‘tdi va unda men Birinchi kotib lavozimiga saylandim”.

Islom Karimov zimmasiga yuklangan mas’uliyatni mudom chuqur his etdi, hamisha ko‘ksini o‘z xalqi manfaatlari yo‘lida qalqon qildi. Insoniy fazilatlari, vatanparvarlik va oddiy insonlar talab-ehtiyojini anglay bilish xislati tufayli Islom Karimov tarix sahifalaridan o‘z xalqini mustaqillik sari boshlagan yetakchi sifatida o‘rin oldi.

Karimov kuchli davlat barpo qildi, an’analar, diniy va tarixiy obidalarga qayta hayot baxsh etdi. U ajdodlarga munosib ehtirom ko‘rsatdi. O‘z ona Vatanining madaniyati va tarixini chuqur bilgan holda, yosh davlatning milliy va madaniy o‘zligi g‘oyalarini yaratib, hayotga tatbiq eta oldi. Uning qat’iy maslagi va mashaqqatli mehnati tufayli o‘zbek xalqi o‘zligini angladi. Islom Karimov o‘z Vatani, xalqini sevar edi. Odamlar uning siymosida ularning hayoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan ota timsolini ko‘rdi. Ushbu o‘zaro samimiy ehtirom bugun ham davom etmoqda, va Birinchi Prezidentlarini uning ona shahri Samarqandda ziyorat etayotgan yuzlab insonlarning xayrli duolarida namoyon bo‘layotir.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting