Yunusobodning sobiq hokimi ishi bo‘yicha hukm hali kuchga kirgani yo‘q

0

Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatovga chiqarilgan hukm hali kuchga kirgani yo‘q. Bunga u bilan bitta jinoyat ishi bo‘yicha sudi bo‘lib o‘tgan O‘lmas Muhammadsaidovning appelyatsion shikoyati sabab, deya xabar qildi “Gazeta.uz“.

Korrespondent.uz 145
Foto: Gazeta.uz

Ayni vaqtda Baxtiyor Abdusamatov Davlat xavfsizlik xizmati tergov hibsxonasidan IIV 1-sonli jazoni ijro etish muassasasiga (sobiq «Toshturma») o‘tqazilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 13-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida yakuniga yetdi. Baxtiyor Abdusamatov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qism «a» bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda) bo‘yicha aybdor deb topilib, manzil-koloniyada besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U uch yil mas’ul lavozimlarda ishlash huquqidan ham mahrum etildi.

Sobiq hokim bilan birgalikda vaqtincha ishsiz O‘lmas Muxamedsaidov (1970 y. t.) firibgarlik va poraxo‘rlikda aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Davlat turizm qo‘mitasining «Milliy PR-markazi”ning sobiq bosh direktori Shohruh Malikov (1982 y. t.) esa aybsiz deb topildi va sud zalidan ozod qilindi.

Baxtiyor Abdusamatov 2018-yil sentabrida o‘z xizmat xonasida yer uchastkasini ajratish uchun pora olganlikda ayblanib qo‘lga olingan edi. Keyinchalik prokuratura JKning 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha ayblovni bekor qilishni so‘radi.

Himoya tomoni Baxtiyor Abdusamatovning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligini, qo‘lga olishda protsessual qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani va guvohlarga bosim o‘tkazilganini ma’lum qildi. Sobiq hokim esa o‘zining qo‘lga olinishi ortida Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbarlari turganini ta’kidladi.

Tergov tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar

Shu bilan bir qatorda, tergov organi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida jinoyat yuz berganini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni sinchkovlik bilan aniqlamasdan, protsessual xatolarga yo‘q qo‘ygani oqibatida, sudlanuvchi Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan (fuqarolar U.Turayevdan, S.Zikrullayev, Sh. Malikov va M.Xalilovdan pora olganlik epizodlari bo‘yicha) O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 2-qismi «a» bandi, 210-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari va 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan, sudlanuvchi Sh. Malikovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 212-moddasi3-qismi «a, b» bandlari va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan asossiz ravishda e’lon qilingani, shuningdek, sudlanuvchi Baxtiyor Abdusamatov va U.Muhamddsaidovning ayrim ayblov epizodlari bo‘yicha jinoiy harakatlari noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingani aniqlandi.

Bundan tashqari, jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, tergov organining 2018-yil 10-sentabrdagi qaroriga muvofiq, sudlanuvchi Baxtiyor Abdusamatovga nisbatan uning tomonidan fuqaro U.Turayevdan go‘yoki 779 mln so‘m va 3 320 dollar miqdoridagi pul mablag‘larini pora tariqasida olgani munosabati bilan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ish bo‘yicha Baxtiyor Abdusamatovga qolgan ayblov epizodlari yuzasidan ayblovlar keyinchalik e’lon qilingan bo‘lsa-da, shu kuni, ya’ni 2018 yil 10-sentabr kuni Baxtiyor Abdusamatovga jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qarorda ko‘rsatilgan summadan bir necha baravar oshiq miqdorda, ya’ni 400 ming dollar miqdoridagi pul mablag‘lari to‘lattirilib, mazkur pul mablag‘lari shu kundagi, ya’ni 2018-yil 10-sentabrdagi pul mablag‘larini ixtiyoriy ravishda taqdim etish haqidagi bayonnomasi bilan rasmiylashtirib olingan.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Jinoyat protsessual kodeksining 209-moddasi talablariga muvofiq, fuqaroviy da’voni ta’minlash maqsadida yoxud garov tariqasida olib qo‘yilgan yoki qabul qilingan pullar uch sutkadan kechiktirmay surishtiruv, dastlabki tergov organi yoki sudning depozit hisobiga topshirilishi shartligi belgilangan.

Biroq tergov organi mazkur qonun talablarini qo‘pol ravishda buzib, Baxtiyor Abdusamatov tomonidan 400 ming dollar mablag‘lari ixtiyoriy ravishda 2018-yil 10-sentabr kunida topshirilgan bo‘lishiga qaramay, mazkur pul mablag‘larini to‘rt oydan keyin, ya’ni 2019-yil 8-fevral kuni O‘zbekiston DXX depozit hisob raqamiga topshirilgan.

Bundan tashqari, jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi Baxtiyor Abdusamatov tergov organining 2018-yil 10-sentabrdagi qaroriga muvofiq, jinoyat ishi yuzasidan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan bo‘lib, shu kuni Toshkent shahar prokurori Sh. Oblokulov tomonidan Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga Baxtiyor Abdusamatovni jinoiy javobgarlikka tortishlik uchun ruxsat berish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.

Biroq, mazkur holatda qonun talablari jiddiy ravishda buzilib, Baxtiyor Abdusamatovni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish masalasini muhokama qilish aynan xalq deputatlari Kengashi vakolatiga kirgan bo‘lsa-da, Baxtiyor Abdusamatovni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berish haqidagi qaror 2018-yil 10-sentabr kuni vakolatli bo‘lmagan shaxs, ya’ni Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari K.Aripov tomonidan chiqarilgan.

Bunday holatlarda sud, mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini amalga oshirish chog‘ida O‘zbekiston Davlat xavfsizligi xizmati Tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksi talablarini jiddiy buzilgan, O‘zbekiston Oliy sudi Plenumi qarorlaridagi tushuntirishlarni inobatga olmasdan, sudlanuvchilarning harakatlari noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinib, tergov davomida sudlanuvchilarning O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan huquqlari buzilgan hamda boshqa tegishli huquqiy-me’yoriy hujjatlarga rioya etilmagan, shu bilan bir qatorda, sudlanuvchini jinoiy javobgarlikka tortish masalasi vakolatli bo‘lmagan shaxs tomonidan muhokama qilingan deb hisobladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud O‘zbekiston Davlat xavfsizligi xizmati Tergov boshqarmasi rahbariyati hamda Toshkent shahar hokimligiga ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzarlik va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha xususiy hukm chiqardi.

Appelyatsion shikoyat bo‘yicha eshituvning 25-iyun kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting