«Maktablarga pulli qabul to‘g‘risida hozircha gap yo‘q» — Sherzod Shermatov

0

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida iyun oyi boshida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Toshkentdavgi 81 ta davlat maktabiga qabul shakliga o‘zgartishlar to‘g‘risida izoh berdi.

Korrespondent.uz 138
Foto: ХТВ

Qarorga ko‘ra, Toshkent shahridagi talab yuqori bo‘lgan 81 maktabda qabul Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilangan. Ushbu maktablarga birinchi navbatda mikrohududdagi bolalar qamrab olinadi, asosiy kvotadan ortiqcha o‘rinlarga va maktab imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda joriy etiladigan qo‘shimcha kvotaga boshqa mikrohududlardan bolalarni qabul qilish maktab kuzatuv kengashi tomonidan belgilangan eng kam ish haqining 10 baravaridan boshlanuvchi miqdorda pulli ravishda amalga oshiriladi.

Matbuot anjumaniga qadar Sherzod Shermatov Facebook-sahifasida joriy yildan barcha uchun qabul bepul bo‘lishi haqida ma’lum qildi. Tadbirda esa quyidagi so‘zlarini takrorladi: «Hozirda pulli qabul haqida so‘z borayotgani yo‘q».

«Hamisha biror yangilikni joriy qilishda ijro mexanizmi to‘liq ishlab chiqilishi kerak va bu bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ushbu qarorning asosiy maqsadi ham, ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotganidek, pul ishlash emas. Hozir birinchi navbatda mikrohududdagi bolalarni qamrab olishga e’tibor beryapmiz. Avval ularni joylashtirib olamiz. Keyin esa o‘sha mikrohududdagi 6 yoshli bolalar qabul qilinadi», — dedi vazir.

«Afsuski, [ro‘yxatdagi maktablarda] o‘qishning iloji yo‘q, bitta sinfda 40 dan ortiq bola, ta’lim uchtagacha smenada olib boriladi. Biz buni albatta tartibga solishimiz kerak», — dedi Sherzod Shermatov.

«Yangi tartibning asosiy maqsadi — «qo‘ng‘iroq orqali» bolalar maktabga qabul qilinayotgani sababli o‘z mikrohududidagi maktablarga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘layotgan bolalarga ushbu huquqni taqdim etishdan iborat. «Ikkinchidan — bir sinfda 40−50 o‘quvchidan emas, balki bemalol o‘qish imkonini berish. Uchinchidan, bolalar o‘z tillarida bemalol tahsil olishlari uchun. Ushbu maqsadlarga erishgandan keyingina boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi», — dedi u.

O‘zgarishlar 309 ta maktabning 81 tasiga taalluqli. Bu poytaxtdagi barcha maktablarning 26 foizini tashkil etadi, biroq ularda o‘quvchilarning 43 foizi tahsil olmoqda, dedi vazir.

Hujjatlarni Adliya vazirligining Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish maktab ma’muriyatlarining bolalarni joylashtirishdagi bosimdan xalos etish hamda korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qilishi lozim.

Sherzod Shermatov yangi qaror Konstitutsiyaga zid kelishi va bolalarni tabaqalashtirishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarni rad etdi. «Birorta ham bolaning huquqlari poymol qilinmaydi», — dedi u. Yangi tartiblar bolalarning mikrohududidagi maktabda bepul ta’lim olishini kafolatlaydi.

7 yoshga to‘lmagan bola maktabda o‘qishga tayyor bo‘lsa va uning maktabga tayyor ekani to‘g‘risidagi komissiya xulosasi mavjud bo‘lsa maktabga qabul qilinadimi, degan savolga vazir quyidagicha javob berdi: «Agarda siz bola birinchi sinfda o‘qishi kerak, deb turib olsangiz (biz tavsiya qilmasak ham, bu sizning bolangizga zarar keltiradi), sizga bunday imkoniyatni beramiz».

Sherzod Shermatov o‘z so‘zini yakunlar ekan, Xalq ta’limi vazirligi faoliyatida sifat, adolat va shaffoflik ustuvor vazifa etib belgilanganini ta’kidladi.

Matbuot anjumani videoyozuvi

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting