«Murojaatchilar Prezident harakatlanayotgan kortej yo‘liga chiqmoqchi bo‘lishgan». Milliy gvardiya matbuot xizmati bayonot berdi

0

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi matbuot xizmati respublika xotin-qizlar qo‘mitasi binosi qarshisida sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan bayonot berdi:

Korrespondent.uz 135
Foto: «Gazeta.uz»

2019-yil 20-may kuni soat taxminan 08:45larda fuqarolar — G.Tashmatova, M.Xaitova, M.Akbarova, G.Karimbekova va X.Ergasheva Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi binosi qarshisida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining harakatlanishi uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘nalishda to‘planib, davlat rahbarining mazkur yo‘nalishdan harakatlanishini bilgan holda, maxsus yo‘nalishda harakatlanayotgan kortej yo‘liga chiqib murojaat qilmoqchi bo‘lganlar.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ushbu fuqarolarga mazkur yo‘nalish bo‘ylab to‘planib turish va davlat rahbariga bunday tarzda murojaat qilish mumkin emasligini aytishgan. Shuningdek, o‘zlarining qiziqtirayotgan savollari bilan tegishli tartibda murojaat qilish lozimligini tushuntirib, maxsus yo‘nalishdan chetroqda turish kerakligini aytganlarida, yuqorida ismlari qayd etilgan fuqarolar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini haqorat qilib, shovqin-suron ko‘tarishib, qonun doirasidagi talablarni bajarishdan bosh tortib, qarshilik ko‘rsatganlariga qaramasdan maxsus yo‘nalish uchun javobgar bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari belgilangan tartibni ta’minlaganlar.

Yuqorida nomlari zikr etilgan fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha surishtiruvni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlari o‘tkazgan. O‘zlarini «jabrlanuvchi» qilib ko‘rsatayotgan fuqarolarga nisbatan Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv materiallari asosida Sud organi qonuniy baho berib, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilagan.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari sudlarga berilgan vakolatlarga ega emas.

Hurmatli vatandoshlar!

Mamlakatimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan, jamoat tartibini saqlashga mas’ul harbiy xizmatchi va xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida bergan ko‘rsatmalarini to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘rab qolamiz.

Zero, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga safarbar etilgan organ xodimlariga har qanday xatti-harakatlarga sinchkovlik bilan e’tibor qaratish vazifasi yuklatilgan.

Aziz hamyurtlar! Agarda uchinchi shaxslar tomonidan Sizning huquqlaringiz poymol etilgan bo‘lsa yoki biror bir shikoyat-arzingiz davlat tashkilotlari tomonidan qonuniy hal qilinmayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari eshiklari Siz uchun doimo ochiqdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoyozuvlar hamda postlarda aks etayotgan asossiz ma’lumotlarga ishonib, davlat tashkilotlari va fuqarolarning qonuniy manfaatlariga putur yetkazuvchi, majburan yuzaga kelayotgan xatti-harakatlaringiz esa ma’lum bir ko‘rinishdagi javobgarlikka olib keladi, deyiladi Milliy gvardiya matbuot xizmati bayonotida.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting