AOKA turk seriallaridan shikoyatlar soni ortganini xabar qildi

0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov so‘nggi vaqtlarda mamlakat fuqarolarining nodavlat telekanallar efirida namoyish etilayotgan xorijiy, asosan turk seriallaridan noroziligi ortib borishi kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Korrespondent.uz 128
Foto: fb.com/k.allamjonov

«Agentlikka kelib tushgan murojaatlariga ko‘ra, ushbu seriallar ko‘p hollarda o‘zbek xalqining milliy udum va an’analariga, shuningdek milliy o‘zligimizga ma’no va mazmun jihatdan mos kelmaydi», — deb yozdi u Facebook-sahifasida.

Agentlikka fuqarolarimizdan shu yilning faqatgina besh oyida kelib tushgan murojaat va shikoyatlar soni o‘tgan yil davomida kelib tushgan jami murojaatlar soni bilan taqqoslaganda 5 marta ko‘paygan.

Bundan tashqari, Komil Allamjonov nodavlat telekanallarda mahsulot va xizmatlar savdosini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan, pul va boshqa ko‘rinishidagi sovg‘alar o‘ynaladigan ko‘rsatuvlar soni ko‘payib bormoqda.

«Nodavlat telekanallar ko‘rsatuvlar setkasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, telekanallar tizimli ravishda Litsenziya kelishuvi talablarini buzib kelishmoqda», — dedi Komil Allamjonov.

Yuqorida keltirilgan holatlar asosli xavotirlar uyg‘otayotganini ta’kidlagan Komil Allamjonov agentlik respublika hududida qonun doirasida faoliyat olib borayotgan barcha — ham davlat, ham nodavlat ommaviy axborot vositalariga har qanday yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

«Shu munosabat bilan, O‘zbekiston axborot bozori sub’ektlarini o‘z faoliyatlarini amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqchimiz», — deya ta’kidladi u.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting