O‘zbekistonda avtomobilda quyoshdan saqlangan holda yurish uchun 20 mln so‘mdan ortiq xarajat qilish zarur. To‘lovlar qimmatligi sabab ko‘pchilik “tonirovka”dan foydalanmayapti

0

O‘zbekistonda yozning issiq kunlarida avtomobilda quyoshdan saqlangan holda yurish uchun 20 million so‘mdan ortiq xarajat qilish lozim. Oramizda 5-10 yillab ishlab ham shuncha pul orttirib, yig‘a olmaydiganlar bor. Demak, ular o‘z avtomobilida “komfort” yaratishga qodir emas. Bu haqda O‘zA muxbiri Anora Sodiqova fikr yuritgan.

Korrespondent.uz 126
Foto: O‘zА

O‘zbekistonda 8-9 oy quyosh charaqlab, yoz chillasi odamni behuzur qiladi. Aksariyat avtomobil haydovchilarining bir qo‘li oftobda kuyganidan ham ajratib olish mumkin. Yana buning ustiga, tibbiyot xodimlari quyoshning ultrabinafsha nurlari teri saratoni kasaliga olib kelishidan ogohlantiradi. Shunday ekan, avtomobil oynalarini qoraytirish faqat puldorlar imkoniyati yetadigan qulaylikka aylantirilgani qanchalik to‘g‘ri?

Bu haqda Xalq deputatlari Chilonzor tumani kengashi deputati Umid Sanaqulov fikr bildirdi:

— Mashina oynalari “tonirovka”si o‘rtacha maosh olib ishlaydiganlar uchun juda qimmat. Biroq, avtomobil oynalarini quyoshdan saqlanish uchun qoraytirish bizning iqlim sharoitimizda juda zarur. Jamiyatning ma’lum qatlamigina quyoshdan saqlanib, salqin yura oladi. Menimcha, bu barcha fuqarolar imkoniyati darajasida bo‘lishi kerak. Agar O‘zbekistonda 1-2 million avtomobil bo‘lsa, ularning 0,1 foizi ham “tonirovka” qildirmagan. Mashina oynalarini qoraytirish narxi eng kam ish haqining 10 baravariga kamaytirilsa, “tonirovka” qiluvchilar ham ko‘payadi. O‘z-o‘zidan byudjetga tushum ham ortadi.

Ayni paytda to‘lovlar qimmatligi sabab ko‘pchilik undan foydalanmayapti. Xohlovchilarni esa narx qimmatligi qiynamoqda. Hujjatsiz mashinasi yon oynalarini “tonirovka” qilayotganlar ham anchagina. Qarorlar bilan odamlarni qiynash kerak emas. Aksincha, qarorlar xalq farovonligiga xizmat qilishi lozim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning besh oyi davomida ruxsatnomasiz mashina yon oynalarini qoraytirgan va pardalar bilan yopgan 1072 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, chora ko‘rilgan. Ruxsatnomasiz mashina oynalarini qoraytirish eng kam ish haqining 25 barobari miqdoridagi jarima bilan jazolanadi.

Hozirgacha 400 ga yaqin avtomobil egasi ruxsatnoma asosida to‘lovlarni bajarib, “tonirovka” qildirgan.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting