AQSh Savdo vazirligi birinchi rasman tasdiqlagan savdo delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

0

Bu hafta Amerikaning yirik 13 ta kompaniyasini o‘z ichiga olgan AQSh Savdo vazirligi rasman tasdiqlagan savdo delegatsiyasi O‘zbekistondagi biznes va investitsiya muhiti bilan yaqindan tanishish hamda yuqori lavozimli rasmiylar, AQSh Savdo palatasi a’zolari, davlat korxonalari va boshqa kompaniya vakillari bilan uchrashish maqsadida Toshkentga tashrif buyurmoqda. Ushbu delegatsiya o‘tgan yili kuzda Toshkentga kelgan Savdo vaziri Uilbur Rossning Prezident Mirziyoevga bergan va’dasini bajarmoqda.

Korrespondent.uz 124
Foto: Toshkentdagi AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

Butun dunyoda tan olingan “GE”, “Bechtel”, “Procter & Gamble”, va “John Deere” kabi kompaniyalar vakillaridan tashkil topgan ushbu delegatsiya o‘zi uchun savdo va investitsiya imkoniyatlari ochilishiga umid qiladi.

“AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi 2017-yilda qariyb 150 million dollar, 2018-yilda esa 300 million dollardan ortiqni tashkil etib, ikki baravar oshgan bo‘lsa ham, tijoriy va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun zarur imkoniyatlar mavjud”,- deya ta’kidladi Savdo vaziri janob Ross.

“O‘zbekiston hukumatining jiddiy sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekistonning iqtisodiy qiyofasi tez o‘zgarib bormoqda. Tobora ko‘proq amerikalik kompaniyalar o‘zbek bozori imkoniyatlari bilan tanishmoqda. Biz AQSh va O‘zbekiston xususiy sektorlari o‘rtasida yanada chuqurroq va kengroq munosabatlar o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlaymiz,”- dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum. “Mamlakat o‘z iqtisodini diversifikatsiyalash va Markaziy Osiyo yuragidagi strategik jug‘rofiy o‘rnidan foydalanishga intilar ekan, ko‘plab biznes sektor vakillaridan iborat AQSh savdo delegatsiyasining ishiroki O‘zbekistondagi savdo va investitsiya imkoniyatlari o‘sib borayotganidan dalolat bermoqda,”- qo‘shimcha qildi elchi janoblari.

Savdo missiyasi AQSh elchisi Rozenblyum hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzaqov boshchiligidagi yuqori lavozimli rasmiylar qatnashgan brifing bilan boshlandi. Energetika, Transport va Sog‘liqni saqlash vazirlari o‘z sohalaridagi investitsiya imkoniyatlari haqida taqdimot qilib, savdo delegatsiyasi savollariga javob berdi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston Respublikasining strategik hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli savdo­­-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, ilmiy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirish aloqalarimizni mustahkamlashdagi muhim qirralardan biridir. Ishonchim komilki, bunday tadbirlar mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi munosabat va ishonchni mustahkamlashga xizmat qilib, hamkorlikning yangi sohalarini topishga yordam beradi,”- dedi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzaqov.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting