Gongkong namoyishlarida ikki million odam qatnashdi

0
6
marta oʻqilgan

Gongkongda ekstraditsiya to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlariga qariyb ikki million odam chiqqan. Bu haqda BBC xabar qilmoqda.

Korrespondent-uz-120
Foto: BBC

Hudud hukumati bahsli qonunning ko‘rib chiqilishini to‘xtatishiga qaramay, gongkongliklar norozilik bildirishdan to‘xtamagan. Odamlarni darg‘azab qilgan qonun loyihasida boshqa davlatlar hukumatlari tomonidan jinoyatda ayblangan shaxslarning Gongkongdan ekstraditsiya qilinishi to‘g‘risida gap boradi.

Tanqidchilar Xitoy Xalq Respublikasi ushbu qonundan Gongkongda istiqomat qilayotgan o‘z siyosiy muxoliflariga qarshi ta’qib vositasi o‘laroq foydalanishi mumkinligini ta’kidlaydilar.

Yakshanba kuni o‘tgan yirik namoyishda norozilar qonun loyihasining ko‘rib chiqilishini noma’lum muddatga to‘xtatilishi emas, balki mutlaqo bekor qilinishi hamda Gongkong rahbari Kerri Lamning iste’fosini talab qilganlar.

Kuzatuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, namoyish tinch kayfiyatda o‘tgan, politsiya odamlarning o‘z munosabatini ochiq namoyon etishiga xalal bermagan.

1841-yildan 1997-yilga qadar Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan Gongkong «bir mamlakat, ikki tizim» tamoyili asosida Xitoydan mustaqil o‘z qonunchilik va iqtisodiy tizimi hamda valyutasiga ega. Shuningdek, Gongkong fuqarolarining ma’lum huquq va erkinliklari, jumladan, so‘z erkinligi va mitinglar o‘tkazish huquqi kafolatlangan. Biroq so‘nggi vaqtlarda Xitoy Gongkong ustidan o‘z nazoratini kuchaytirishga urinmoqda.