Oʻzbekistonga chetdan kirib kelayotgan poyabzallarga boj oshirilsa nima boʻladi?

0
15
marta oʻqilgan

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi Oʻzbekiston bozoriga chetdan kirib kelayotgan poyabzal mahsulotlariga boj oshirilsa, bu nimaga olib kelishi mumkinligi haqida tahlili materialni omma eʼtiboriga havola qildi.

Korrespondent-uz-110
Foto: Sputnik

Eslatib oʻtamiz, sal oldin Oʻzbekiston charm va poyabzal sanoati vakillari soha taraqqiyotini qoʻllab-quvvatlash uchun qator “protektsionistik” choralarni taklif etgan edilar. Xususan, chetdan kirib kelayotgan poyabzallarga bojni uch baravar oshirish va mahalliy ishlab-chiqaruvchilarga imtiyozlar berish taklif etilgandi.

Ushbu taklif ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Tanqidiy munosabat bildirganlar koʻplab topildi.

Xususan, ushbu loyihaga eʼtiroz bildirganlar, bu tartib bozor mexanizmlariga mos kelmasligini, monopoliyaga olib kelishi va mahsulot narxining oshib ketishi toʻgʻrisida fikr bildirgan edilar. 

“Oʻzcharmsanoat” maqolasida aytilishicha, ayni paytda, ragʻbatlantirish mexanizmi, yaʼni bshqacha aytganda “protektsionizm” butun dunyo boʻylab, rivojlangan mamlakatlarda ham, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham keng qoʻllaniladi. Iqtisodiy oyoqqa turish va tiklanish davrida AQSH, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Yaponiya, Koreya va boshqa davlatlar protektsionizm siyosatidan foydalanganlar.

Koʻpgina taniqli iqtisodchilar fikriga koʻra protektsionizm mamlakat sanoatning rivojlanishiga, barqaror iqtisodiy oʻsishga va pirovardida davlatning qudratli boʻlishiga yordam beradi, erkin savdo siyosati (fritreyding) esa, ayniqsa sanoati yetarli darajada rivojlanmagan mamlakatda ishlab chiqarishga boʻlgan qiziqishni kamaytirib mamlakat sanoatining vayron boʻlishiga, iqtisodiy pasayish va qashshoqlikka olib keladi.

Tarix tajribasi

Angliyada 1690 yilda sanoatni bojxona nazorati orqali himoya qilish joriy qilingan. Xalqaro savdoda ingliz protektsionizmining asosiy chorasi boʻlib turli mahsulotlarga nisbatan (umumiy olganda 66 % olib kirilayotgan mahsulotlarga nisbatan) 20 % miqdoridagi import bojining kiritilishi boʻlgan. Keyinchalik boj miqdori oshirib borilgan.

Buning eng yuqori choʻqqisi XVIII asr oʻrtalari 1820 yillarga toʻgʻri kelgan va bu paytda asosiy boj 25 – 50 %, himoyaviy yaʼni protektsion boj 40 – 50 % belgilangan. Shu bilan birga ichki sanoatning yangi va yosh tarmoqlari va sohalari uchun raqobatchi boʻlgan bir qator import mahsulotlariga mamlakatga olib kirish uchun toʻliq taʼqiq qoʻyilgan. Shunisi eʼtiborga molikki, xalqaro savdoda ingliz protektsionizmi davri, yaʼni XVIII – XIX asr oʻrtalari aynan Angliyada roʻy bergan birinchi sanoat inqilobi davri boʻlgan. Bu davrda ishlab chiqarishga, xususan metallurgiya, tekstil sanoatida ishlab chiqarish texnologiyalariga innovatsiyalar joriy qilingan.

Jahondagi holat

Bugungi kunda poyabzal mahsulotlari uchun Pokistonda 25%, Turkiyada 30-50%, Vyetnamda 10-20%, poyabzal sanoati rivojlangan va mahsulotlari butun dunyo boʻylab sotilayotgan Xitoyda esa 100% import boji oʻrnatilgan.

Jahon tajribasiga yanada chuqurroq qaraydigan boʻlsak, aynan import uchun bojning ichki ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida oshirilishi va ularga qoʻshimcha imtiyozlar berilishi sanoatning yanada gurkirab rivojlanishiga, ichki ishlab chiqarish hajmlarining oshishiga, yangi ishchi oʻrinlarining yaratilishiga, ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilishga hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar turlarining koʻpayishiga imkon berganligini koʻrishimiz mumkin. Soliq imtiyozlari berilishidan boʻshagan mablagʻlar ishlab chiqaruvchilarga, asosan aylanma mablagʻlarini koʻpaytirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy ilgʻor texnika va texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun qayta investitsiya qilish imkonini beradi.

Mahsulotga talab boʻyicha

Oʻzbekiston charm-poyabzal bozorida monopoliya oʻrnatiladimi? Albatta yoʻq, charm-poyabzal mahsulotlarini olib kirishni taʼqiqlash haqida hech qanday soʻz yoʻq, va bundan kelib chiqadiki poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari bozorida monopoliya paydo boʻlmaydi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda 700 dan ortiq poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqdalar.

Mana shunday koʻp sonli korxonalar bozorning turli segmentlarini qoplagan holda turli toifadagi xaridorlarning talablarini qondirish imkonini beradi. Biroq, bozorda narx shakllanishi muammolari hali ham dolzarb boʻlib qolmoqda. Mamlakatimizda poyabzal ishlab chiqarish tannarxi nisbatan past boʻlsada (Xitoy va Hindistonga qaraganda past), poyabzal mahsulotlari xaridorlargacha “birinchi qoʻldan” yetib bormaydi. Baʼzan ustamalar 100, hatto 200 foizni tashkil etadi.

Bugungi kunda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan korxonalarning brend doʻkonlarini ochish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish siyosati olib borilmoqda. Uyushma homiyligida, viloyatlarda va Toshkent shahrida koʻp brendli poyabzal doʻkonlarini tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu doʻkonlarda xaridorlar turli xil mahalliy ishlab chiqaruvchilarning poyabzal mahsulotlarini sotib olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Shu bilan birga bir joyda keng narx diapazoni va keng assortimentdagi mahsulotlarni toʻplash imkoni yaratiladi.

“Made in Uzbekistan”- poyabzallari kiymoqdamiz

Sohaning dolzarb muammolaridan yana biri: Oʻzbekistonda poyabzal ishlab chiqarilishi haqida hamma ham toʻliq maʼlumotga ega emas. Bu esa oʻz navbatida fuqarolarning mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha choralarga ishonchsizligining asosiy sababidir. Ammo, ayni paytda, mamlakatimizda 2018 yilda 58 million juft poyabzal ishlab chiqarildi. Erkaklar poyabzali segmentida Oʻzbekiston ichki bozor ehtiyojlarini deyarli 100 foiz qopladi. Ayollar poyabzali segmentda bu koʻrsatkich 70 foizdan oshdi. Ommaviy segmentda chakana savdo nuqtalarida deyarli barcha ayollar poyabzali mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari hisoblanadi. Shunga qaramay, har kim xam, xorijiy tovar brendi ostida autsorsing sharoitida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sotib olayotganliklarini bilmaydi. Shuningdek, xaridor ushbu poyabzalni qayerda ishlab chiqarilganligini oxirigacha bilmaganligi kabi,

u qanday xomashyo va materiallardan ishlanganligidan ham xabardor emas. Uyushma mahalliy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni nazorat qilishi mumkin, lekin chetdan olib kirilayotgan import mahsulotlar sifatini nazorat qila olmaydi.

Qaror loyihasi bilan taklif qilinayotgan chora-tadbirlar xaridorlarning bugungi kunda bozorda xarid qilingan deyarli har ikkinchi juft poyabzali bilan duch kelayotgan sifatsiz mahsulotlarni olib kirilishi masalasini qisman hal qiladi.

Buni Uyushmaga kelayotgan xatlar hamda qaror loyihasi boʻyicha qoldirilgan izohlar tasdiqlaydi.

Oʻsish uchun ragʻbatlantirish

Yana bir nozik masala – kundalik poyabzallarga boʻlgan talab mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoplangan, lekin model poyabzallari boʻyicha holat boshqacharoq. Bu yerda Xitoy, Turkiya va Yevropa davlatlaridan importning roli hali ham inkor etilmaydi.

Ammo bunday poyabzallar oʻz oʻzidan arzon emas. Shu oʻrinda unga savdogarlarning ustamasini ham inobatga olish lozim. Poyabzallarni chetdan olib kelish jarayonini qoʻshimcha tartibga solish ularning narxini asossiz oshib ketishiga ijobiy taʼsir qilishi mumkin.

Qaror loyihasi bilan korxonalarni tayyor va yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarishga ragʻbatlantirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charm xomashyosini olib chiqishda eksport qilinadigan mahsulot qiymatidan undiriladigan yigʻim miqdorini 2021 yil 1 yanvardan boshlab 20 % etib belgilash taklif qilinmoqda. Mazkur chora terini qayta ishlash sanoatining rivojlanishiga yanada turtki beradi.

Oʻzbek poyabzalining qadamlari

Biznesni bunday qoʻllab-quvvatlash allaqachon oʻz samarasini koʻrsatgan. Oʻzbekiston pPrezidentining 2018 yil

3 maydagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yaratilgan imkoniyat va sharoitlar qisqa davrda salmoqli natijalarga erishish imkonini berdi.

Xususan, 2017 yil bilan taqqoslaganda poyabzal ishlab chiqarish hajmi 5,4 barobarga oshgan va 2019 yilda oʻsish koʻrsatkichini 8 barobarga yetkazish maqsadi qoʻyilgan. Bir yil ichida charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari 2,7 barobarga oshgan va joriy yilda oʻsish koʻrsatkichi 4,8 barobarga yetkazilishi kutilmoqda.

Istiqbollar

Istiqbolda soha oldida katta vazifa va rejalar turibdi. Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini yanada rivojlantirish, shuningdek import oʻrnini bosuvchi va eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar eksportning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish imkonini beradi. Joriy yilda 190 mln dollarlik mahsulotlarni jahonning 25 mamlakatiga eksport qilish moʻljallangan.

Muhokamaga qoʻyilgan qarorning 2-ilovasida 2019-2022 yillarda sohada mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish boʻyicha jami qiymati 431,9 mln dollardan ortiq boʻlgan 198,6ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi moʻljallangan.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi 2019-yilda tayyor charm ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini 919,6 mln kv dmga, poyabzal ishlab chiqarish hajmlarini 86,1 mln juftga yetkazish imkonini beradi, bu esa oʻz navbatida Oʻzbekiston aholisining poyabzal mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻliq qoplaydi.