Bosh prokuratura Qodir Yusupovga qiynoqlar qo‘llanilganini rad etdi

0
20
marta oʻqilgan

Sobiq diplomat Qodir Yusupovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani yo‘q, deya ma’lum qildi O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yuldashev juma kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida jurnalistlar bilan uchrashuvda.

Korrespondent-uz-099
Foto: Facebook

«Qodir Yusupov ishi bo‘yicha ham, Said-Abdulaziz Yusupov ishi bo‘yicha ham aslida nima bo‘lgani to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot olishlari uchun ham advokatlar, ham jurnalistlarga maksimal imkoniyatlarni taqdim etishga harakat qildik. Biz maxsus prokurorlik tekshiruvini o‘tkazib, uning yakunlari bo‘yicha har ikki jinoyat ishi bo‘yicha ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga ruhiy yoki jismoniy bosim o‘tkazilmaganini aniqladik. Protsessual qaror qabul qilindi va biz ushbu qarorning to‘g‘ri ekaniga javob beramiz», — deya izoh berdi prokuror o‘rinbosari Human Rights Watch huquqni himoya qilish tashkilotining tergov hibsxonasida Qodir Yusupovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilayotgani haqidagi bayonotiga izoh berar ekan.

Qodir Yusupovga qarshi o‘tgan yilning 1 dekabrida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Jinoyat kodeksining 157-moddasi (davlatga xoinlik qilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. 23 may kuni u ko‘rib chiqish uchun Harbiy sudga taqdim etildi. «Odatda bunday ishlar yopiq tartibda ko‘rib chiqiladi. Sudga qanday ma’lumotlar taqdim etilgani haqida hozirda aytishim qiyin», — dedi Erkin Yuldashev.

U sud agarda Qodir Yusupovga qarshi biror bir noqonuniy ta’sir qo‘llanilgani to‘g‘risidagi masala yuzaga kelsa, albatta o‘z munosabatini bildirishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Human Rights Watch tashkiloti 12 iyun kuni e’lon qilgan bayonotda O‘zbekiston hukumati zudlik bilan Qodir Yusupovni ozod qilish, shuningdek u bilan noqonuniy muomalada bo‘lishga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqirgan edi. Huquq himoyachilari sobiq diplomatga nisbatan hibsga olingandan buyon ruhiy qiynoqlar qo‘llanilayotgani, u zarur zarur dori vositalaridan mahrum etilgani hamda oilasi kuzatuv ostida ekani va tazyiqlarga uchrayotganini tasdiqlamoqda. Qariyb besh oydan buyon Qodir Yusupovning oldiga na advokat, na qarindoshlari kiritildi va undan o‘z advokati xizmatidan voz kechish talab etildi, deyiladi HRW bayonotida.