Yangi o‘quv yilidan maktab formasi majburiy bo‘lmaydi — Sherzod Shermatov

0

O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Daryo nashriga bergan intervyusida yangi o‘quv yilidan maktab formasi majburiy bo‘lmasligini ma’lum qildi. Yaqin vaqtlarda hukumatning shu haqdagi qarori qabul qilinishi kutilmoqda.

«Formani juda ko‘p muhokoma qilsa bo‘ladi. Ijobiy tomonini ham, salbiy tomonini ham. Lekin, shoshilish kerak emas. Bizda ozgina shoshish bo‘layapti. Maktab formasi o‘tgan yili majburiy emas, ixtiyoriy bo‘ldi. Yangi o‘quv yilida majburiy qilsak, shoshilish bo‘lib qoladi», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1−11-sinf o‘quvchilarining maktab formasini tikish juda katta hajmni tashkil qilib, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati bu vazifani uddalay olishiga ham savollar bor.

«Hozir biz Vazirlar Mahkamasiga qo‘shimcha taklif tayyorlayapmiz. Chiqqan qarorga o‘zgartirish kiritish. Ota-onalar tashvishlanmasa bo‘ladi, yaqin orada qaror chiqadi. Yangi o‘quv yilidan maktab formasi majburiy bo‘lmaydi. Maktab formasi bosqichma-bosqich joriy qilinadi», — dedi Sherzod Shermatov.

Yagona maktab formasini joriy etish to‘g‘risidagi taklifni 2017 yil avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan edi. U o‘quvchilarning bir-biriga kiyimiga qarab baho berishi va buning natijasida mojarolar vujudga kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Oradan bir yil o‘tib, hukumat qarori bilan maktab formalari namunalari tasdiqlanib, 2019/2020 o‘quv yilidan majburiy joriy etilishi belgilandi.

May oyida esa prezidentning qizi, O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva majburiy yagona maktab formasini joriy etishdan avval maktablardagi kamchiliklarni bartaraf etish lozimligini ta’kidladi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting