O‘zbekiston fermer ayollari Gollandiya dalalarida nimani o‘rganishmoqda?

0

O‘zbekistondan 10 nafar ayol fermerlar Gollandiyada bog‘dorchilik, issiqxonalarni yuritish, hamda fermerlik xo‘jaligini yuritishda axborot texnologiyalaridan foydalanish sirlarini o‘rganib qaytdilar. Bu haqda BBC xabar qilmoqda.

Korrespondent-uz-072
Foto: BBC

Mazkur safar ular uchun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi koordinatori tomonidan uyushtirilgan.

Iyun oyi boshida besh kun davom etgan mashg‘ulotlarda o‘zbek ayol fermerlari Gollandiyaning Naaldviyk shahridagi Jahon bog‘dorchilik markaziga tashrif buyurganlar va yuqori texnologiyalar qanday qo‘llanishi bilan tanishganlar.

Ushbu Jahon bog‘dorchilik markazi issiqxona bog‘dorchiligidagi innovatsiya va bilim bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turishi aytiladi.

Aholisi 17 million kishidan tashkil topgan va hududi 42,5 ming kvadrat kilometrga teng Gollandiya jahon bozoriga oziq-ovqat yetkazib beruvchi eksportyor davlatlar orasida 6-o‘rinda turadi.

O‘zbek ayollari nazariy mashg‘ulotlardan tashqari, xususiy korxonalarga borib urug‘ etishtirilishi va issiqxonalar yuritilishi bilan tanishganlar.

Ayollar, shuningdek, fermerlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, kredit olish va mahsulotni sotish yo‘lidagi marketing usullari bobida intensiv kurslarda ishtirok etishdi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yozishicha, Gollandiya modeli atayin tanlab olingan, chunki u O‘zbekistondagi iqlim sharoiti va ayol fermerlar talablariga javob bera oladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligini egallagan ilk kunlarida mamlakat qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, xususan paxta yetishtirishdan meva va sabzavotlar hisobiga qisman voz kechishni targ‘ib qilgandi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting