Rasmiy tadbirda Putin Zelenskiy haqidagi soʻzlari bilan hammani kuldirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina yangi rahbari Vladimir Zelenskiy bilan bir kun kelib uchrashishga va tanishishga umid bildirdi va uning yaxshi aktyor ekani, lekin kimnidir oʻynash va kimdir boʻlish  – butunlay boshqa narsa ekanligini qayd etdi.

Korrespondent-uz-070
Foto: AP

“Menga qarang, men bu odamni bilmayman, umid qilamanki, bir kun kelib tanishamiz. Koʻrinishidan, u prezident boʻlgunga qadar faoliyat yuritgan sohada yaxshi mutaxassis – u yaxshi aktyor”, – dedi Putin Zelenskiy bilan hamkorlik qilish ehtimoli toʻgʻrisidagi savolga javoban.

Zaldagilar uning bu soʻzlarini qarsaq chalib, kulgi ila qarshi olishdi, deya yozadi RIA Novosti.

“Men jiddiy gapiryapman, siz esa kulyapsiz”, – dedi kulimsirab Putin.

Shuningdek, Rossiya rahbari oʻyin oʻynash uchun isteʼdod lozimligini taʼkidladi.

“Bu aniq. Isteʼdodlar bisyor, va bu isteʼdodlardan biri – bu gavdalantirish isteʼdodi. Sen har oʻn daqiqada yangi chehralarni – “shoh” va “gadoni gavdalantirishing mumkin . Har yerda ishontirarli darajada oʻynash – bu haqiqatdan ham isteʼdod. Lekin davlat ishlari bilan shugʻullanish uchun boshqa sifatlar zarurdir”, – deya taʼkidladi Putin.

Ukraina prezidenti saylovlarida gʻolib chiqqan Vladimir Zelenskiy 20-may kuni Ukrainani boshqarishni boshladi.