IIV «O‘zbeklarni O‘zbekistonda qiynashyapti, diqqat qiling» nomli videomaterial yuzasidan rasmiy bayonot berdi

0

Joriy yilning 3 iyun kuni ijtimoiy tarmoqdagi «YouTube» kanaliga ayol kishi tomonidan sharhlangan 10 daqiqa 34 sekundlik «O‘zbeklarni O‘zbekistonda qiynashyapti, diqqat qiling» nomi bilan joylashtirilgan, «SERVIS INTER GRAND» MCHJ rahbari Tadjibayev Elyorbek Madaminovichning murojaati asosida tayyorlangan videomaterial O‘zbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi hamda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Korrespondent-uz-062
Foto: tergovdepartamenti.uz

Ma’lum bo‘lishicha, «SERVIS INTER GRAND» MCHJ Farg‘ona viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi ma’muriy binosining kirish qismida joylashgan bo‘lib, ushbu jamiyat Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga kelgan fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq servis xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Videomaterialda aks ettirilgan videokuzatuv kamerasidan olingan tasvirda «SERVIS INTER GRAND» MCHJning xizmat ko‘rsatish xonasiga kirib kelgan shaxslarning qo‘pol munosabatda bo‘lganliklari kuzatilmadi va ayol kishining sharhida «…kliyentlarni (mijozlar) haydab chiqarishdi…» deyilgani videotasvirdagi holatga to‘g‘ri kelmagan. Chunki «SERVIS INTER GRAND» MCHJning xizmat ko‘rsatish xonasiga kirib kelgan shaxslarning chiqib ketganlaridan keyin ham mijozlarga xizmat ko‘rsatish davom etganini ko‘rishimiz mumkin (ikkala tasvirning soatiga qarab bilib olsa bo‘ladi).

Video murojaatni sharhlayotgan ayolning Farg‘ona viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Mexmonov Azizga nisbatan «yalog‘», «ochofat» so‘zlarini ishlatgani haqorat bo‘lib, bu esa O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks bo‘yicha chora ko‘rishga asos bo‘ladi.

Bugungi kunda ko‘plab fuqarolarning talablaridan kelib chiqqan holda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish yo‘nalishida qulayliklar yaratish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlarni kamaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4079-son «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirining 2019 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun anketa shaklini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 22 mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3161) tasdiqlandi.

Ushbu buyruqning 1 va 2-ilovalaridagi izohlarda anketalar, ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (ma’lumotlarni yig‘ish punkti)ning mas’ul xodimi tomonidan shakllantirilib, anketa bergan shaxsga tanishtirilishi hamda u tomonidan imzolanishi belgilab berilgan, shuningdek anketada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish taqiqlangan.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari xodimlari tomonidan ko‘rsatilayotgan ushbu xizmatlar bepul amalga oshiriladi. Bu esa aholiga qulay bo‘lib, xodimlar va fuqarolar o‘rtasidagi tushinmovchiliklarga barham beradi. Ilgari joylardagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga kelgan fuqarolarga hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq servis xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan firmalar xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun anketalarni to‘ldirib berish evaziga 25−30 ming so‘m atrofida xizmat haqqi olganlar.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, «YouTube» kanaliga «O‘zbeklarni O‘zbekistonda qiynashyapti diqqat qiling» nomi bilan tayyorlab joylashtirilgan videomaterialni, O‘zbekistonda aholi uchun yaratilayotgan qulayliklarga qarshi tayyorlangan bo‘hton, deb tushunish mumkin. Buni videomaterialga qoldirilgan izohlardan ham bilsa bo‘ladi, deyiladi IIV xabarida.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting