O‘zbekiston Yaponiyaga qo‘shimcha 28 turdagi meva-sabzavot eksporti bo‘yicha kelishuvga erishdi

0

O‘zbekiston Yaponiyaga qo‘shimcha 28 turdagi meva-sabzavot eksporti bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xabar beradi.

Korrespondent.uz 042
Foto: “O‘zdavkarantin”

Muzokaralar natijalariga ko‘ra, Yaponiya tomoni O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining qo‘shimcha 28 turini, ya’ni xurmo, tarvuz, malina, anjir, yer yong‘oq, bodom, grek yong‘og‘i (tashqi po‘stlog‘isiz), loviya, mosh, kunjut, kovrak, jiyda, kabachki, aysberg salat bargi, ukrop, kashnich, petrushka, selderey, rayhon, rukkola, yalpiz, latuk, yashil piyoz, piyoz, sabzi, karam, qovoq va rediskani eksport qilish imkonini berish bo‘yicha ruxsatnomasini tasdiqladi. Ushbu mahsulotlar karantin nazoratidan o‘tkazilishi va zarur hollarda zararsizlantirish (fumigatsiyalash) lozim bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, avval 26 ta meva-sabzavot va poliz mahsuloti (qovun, uzum, anor, limon, sarimsoq piyoz, lavlagi, bodring, qulupnay, xandon pista, shu bilan birga, quritilgan meva-sabzavotlar: o‘rik, mayiz, olxo‘ri, qovun, olcha, gilos, olma, shaftoli, nok, achchiq qalampir, piyoz, sabzi, kartoshka, bulg‘or qalampiri, no‘xot, kovrak, quritilgan ko‘katlar)ni eksport qilishga fitosanitar ruxsati olingan edi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Yaponiya Fumigatsiya texnologiyasi assotsiatsiyasida meva-sabzavot mahsulotlarini zararsizlantirish (fumigatsiyalash) bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish maqsadida uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari fitosanitariya sohasidagi Yaponiya tajribasi, ya’ni logistika markazlari, aeroportda va karantin laboratoriyasida karantin yuklarining fitosanitariya talablari asosida tekshirish usullari hamda ekinlarning karantin nazoratidan o‘tkazish tartiblari bilan yaqindan tanishdilar.

Bundan tashqari, uchrashuvda tomonlar ikki mamlakatning o‘simliklar karantini bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Yaponiyaning JICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan faol hamkorlik qilish yuzasidan ham kelishuvga erishdi.

Shu bilan birga, Yaponiya tomoni gilos, achchiq qalampir, olma, shaftoli va olxo‘rini istisno tariqasida O‘zbekistondan eksport qilishga ruxsat berish masalasini tezlashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting