Soʻrovnoma: Yoshlar IPV vaktsinasi haqida nimani bilishadi?

0
53
marta oʻqilgan

U-Report yoshlarning inson papilloma virusidan (IPV) qanday xabardor ekanligi va Oʻzbekistonda IPV emlovini joriy qilish haqida maʼlumot almashmoqda.

korrespondent uz 0451 Inson papiloma virusi

U-Report yordamida UNICEF ning Sogʻliqni saqlash boʻlimi yoshlarda inson papilloma virusi (IPV) haqida xabardorligi va yoshlarning IPV ga qarshi emlashga boʻlgan munosabati boʻyicha soʻrov oʻtkazdi. Ushbu maʼlumotlar IPV ga qarshi emlash haqida xabardorlikni oshirishda tavsiyalarni ishlab chiqish uchun zarur boʻladi.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bachadon boʻyni saratoni koʻkrak bezi saratonidan keyin 2-chi oʻrinda boʻlib, Oʻzbekistonda barcha yoshdagi ayollar orasida eng koʻp uchraydigan saraton hisoblanadi. Bachadon boʻyni saratonini asosan inson papilloma virusi (IPV) keltirib chiqaradi.

IPVga qarshi emlash 2019-yil oktabr oyidan boshlab Oʻzbekistonda joriy etiladi. 9-14 yoshdagi qizlar uchun u bepul amalga oshiriladi. Emlash erta yoshda, jinsiy faoliyat boshlanishidan oldin yoki jinsiy faoliyatning dastlabki yillarida samaralidir va kamida 10 yil davomida amal qiladi.

Tadqiqotda mamlakat boʻylab qariyb 3 000 respondent ishtirok etdi.

SOʻROVNING ASOSIY NATIJALARI:

  1. Respondentlarning 70 %ga yaqini inson papilloma virusi (bachadon boʻyni saratoniga olib keluvchi virus), shuningdek, ushbu virusni yuqtirish usullari haqida ma’lumotga yoki toʻgʻri tasavvurga ega emas.
  2. Soʻralganlarning 64 %i oʻzlari IPV ga qarshi emlashga tayyorlar yoki oʻz yaqinlariga IPV ga qarshi emlashni tavsiya qiladilar.
  3. Soʻralganlarning 36 %i IPV ga qarshi emlatishni xohlashmaydi yoki unga ishonmaydilar. IPV ga qarshi emlatishga ikkilanishining asosiy sabablari: inson papilloma virusi haqida toʻliq va ishonchli maʼlumotlarning yoʻqligi, emlovning vujudga kelishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsiridan qoʻrqish va salbiy oqibatlari haqida har xil mish-mishlar.
  4. Agar IPVga qarshi emlash haqida dilemma yuzaga kelsa, respondentlarning 66%i hal qiluvchi fikr sifatida shifokorning fikriga quloq solgan boʻlardilar va 19% respondentlar bu masalada ota-onalariga ishonishlarini aytib oʻtishdilar.

Respondentlarning 54 %i inson papilloma virusi haqida tushunchaga ega emasligini aytishdi. Shu bilan birga, respondentlarning 12 %i virusni havo orqali yuqishi mumkin yoki irsiy kasallik bo’lishi mumkin deb, xato javob berdilar.

Inson papilloma virusini yuqtirish usullari toʻgʻrisidagi keyingi savolga javoblar ham shunga oʻxshash foizga teng boʻldi. Soʻralganlarning 51 %i inson papilloma virusini qanday yuqtirish mumkinligini bilmasligini aytib oʻtishdi. Respondentlarning 17 %i esa toʻgʻri javob bera olmadi.

Aslida, inson papilloma virusi (IPV) asosan boladan onaga tugʻriq paytida, IPV shilliq parda bilan bevosita aloqada boʻlganda, masalan, jinsiy aloqa paytida yuqishi mumkin.

IPV dan saqlanish uchun jinsiy hayot boshlanishidan avval yoki birinchi yillarida virusga qarshi emlatish kerak. IPV irsiy kasallik emas.

Respondentlar IPVga qarshi vaksinatsiyaga tayyorligini soʻrashimizdan oldin, biz inson papilloma virusi haqida va qanday qilib virusni yuqtirishdan himoya qilish mumkinligi haqida ma’lumot berdik  (yuqoriga qarang).

 Shundan soʻng, soʻrov ishtirokchilariga IPVga qarshi emlash uchun oʻzlari tayyorliklarini yoki yaqinlariga IPVga qarshi emlashni tavsiya qilishlarini soʻradik. Respondentlarning 64% ijobiy javob berdi.

 Biz “ikkilanaman” variantini tanlagan respondentlardan (14%) – nima uchun ular shubhalanishlarini soʻradik va quyidagi javoblarni oldik:

  1. IPV virusi, uning yuqtirish usullari, va ular keltirib chiqaruvchi kasallik belgilari / alomatlari haqida toʻliq va ishonchli ma’lumotlarning yoʻqligi.
  2. IPV ga qarshi emlovning vujudga kelishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsiridan qoʻrqish; IPV emlovining sifatiga ishonchsizlik.
  3. IPV emlovining mumkin boʻlgan salbiy ta’siri haqida mish-mishlar mavjudligi (bepushtlik, immunitet pasayishi va boshqalar).

Bundan tashqari, respondentlar bir qator savollar, fikrlar bilan boʻlishdi va bezovta ekanligini bildirishdi: hammasi insonning oʻziga bogʻliq – normal jinsiy hayot kechirilsa, unda virus ham yuqmaydi;  atrofdagilarning tushunmasligi, ayiblashi mumkimligi yoki bu muhokama qilish uchun “noqulay mavzu” ekanligi; ushbu vaktsinaning qayerda qilinishi haqida bilmasligi, tasdiqlangan va tekshirilgan vaktsinaligi haqida gumonlar; vaktsinalarni umuman rad etish va boshqalar.

U-REPORTERLAR FIKRI:

“Shartmi? shunchalik xavflimi? vaksinani foydasi bormi?”.

“Bu qanchalik haqiqatga yaqin ekanini bilmayman, lekin bu emlashning reproduktiv tizimga ta’sir qilishi mumkinligini va bepusht boʻlib qolishingiz mumkinligi haqida eshitgan edim”.

«Hali uylanmaganman! Onamga yoki opa-singilimga, aytishga a’ndisha qilaman! Agar bu kasallik haqida yanada toʻliq ma’lumot olib, uning qanchalik xavfli ekanligini tushunsam albatta, tavsiya qilar edim!»

«Men erkakman, biroq bu vaksinani rad etishga sabab boʻlib hizmat qilmasa, unda albatta emlataman».

«Chunki ushbu vaksinaning foydali yoki zararli ekanligi haqida ishonchli malumotga ega emasman».

«Sababi 3 ta farzandim bor, rafiqam sogʻlom, kelajakda farzandlarimga emlatishni tavsiya qilaman, chunki kelajak avlodda kasallik rivojlanishini xohlamayman».

«Menga kerak emasdek tuyilyapti. Chunki menda pala partish jinsiy hayоt yoʻq».

«Birinchi marta eshitishim bu haqida, agar turmushga chiqvotganimda shu kerakligini aytishsa albatta hech ikkilanmay emlanishga tayyorman».

«Bilmagan narsamga ikkilanaman. Agar oilaviy shifokor maslahat bersa gap boʻlishi mumkin emas».

_________________________________________

IPV ga qarshi emlatish yoki emlatmaslik boʻyicha dilemma yuzaga kelganda, kimning fikri hal qiluvchi degan savolga, respondentlarning 66% fikriga koʻra, bu shifokor tavsiyasi (67% erkaklar ushbu javob variantini tanlashdi, ayollarda ushbu koʻrsatkich 63% teng) va respondentlarning 19% IPVga qarshi emlashda hal qiluvchi ovoz sifatida ota-onalarini tanladilar (agar erkaklar orasida 17% ushbu variantni tanlagan boʻlsa, ayollar (24%) koʻproq ota-onasiga ishonishini bildirdi).

Izoh: Soʻrov natijasida olingan ma’lumotlar UNICEF ning ushbu mavzuga munosabatini aks etmaydi, reprezentativ ma’lumot emas va soʻrovda qatnashgan 3 000 ga yaqin respondentlarning fikridir.