OIV mehnat muhojirlari oʻrtasida koʻproq aniqlanmoqda

0

Mehnat migrantlari oʻrtasida OIV (VICH) kasalligi aniqlanishi hamon yuqoriligicha qolmoqda, deb xabar qiladi “Zarafshon” nashri.

korrespondent-uz-0447-OIV-mehnat-muhojirlari-o-rtasida-ko-proq-aniqlanmoqda-Sadinov
Foto: Google Images

Samarqand shahrida viloyatda OIV infektsiyasi boʻyicha epidemik holat va uning tarqalishiga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar hamda bu saʼy-harakatlarni yanada kuchaytirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazilgan.

Tadbirda tegishli tibbiyot muassasalari xodimlari bilan birga barcha shahar va tuman hokimlarining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, ichki ishlar tizimi xodimlari, mahalla faollari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, mehnat migrantlari oʻrtasida kasallik aniqlanishi hamon yuqoriligicha qolmoqda, shuningdek, tibbiy koʻrikdan oʻtayotgan nikohlanuvchi shaxslar orasida ham OIV aniqlansa-da, turmush qurishni istovchilar bor, OIV bilan kasallangan kishilarni yolgʻizlatib qoʻyish holatlari hamon uchramoqda.

Viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh vrachi, tibbiyot fanlari nomzodi Pahlavon Sadinov fikricha, mehnat migrantlari qaytib kelgach, oʻz hududida chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim.

“Afsuski, ushbu koʻriklar baʼzida nomiga oʻtkazilmoqda, garchi jamoat tashkilotlari orasida bu masalaga masʼullar boʻlsa-da, eʼtiborsizlik bilan qarash holatlari uchrayotir. Oʻz vaqtida aniqlanmagan OIV esa nafaqat oʻsha inson hayotiga, balki jamiyatga ham xavf tugʻdiradi, yaʼni u kasallikni tarqatishda davom etadi. Oʻz vaqtida muolaja olmagach uni davolash ham qiyin kechadi. Kasallik koʻproq jinsiy yoʻl bilan yuqmoqda. OIVga chalinganlarning katta qismi mehnatga layoqatli, yaʼni 30-39 yoshdagi kishilar sanaladi. Shuningdek, ular orasida 18 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ham bor”, – degan Sadinov.

Yigʻilishda ushbu xastalikning oldini olishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilar ogohlantirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilandi.