Kunduz chiroq yoqib nimaga erishamiz? Deputatlar mazkur qoidani bekor qilish taklifi bilan chiqdi

0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev oʻzining telegramdagi kanalida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorni bekor qilish boʻyicha taklif bildirib oʻtdi. U bir qator deputatlar nomidan tayyorlangan materialni sahifasiga joylashtirdi. Quyida ushbu taklif oʻzgartirishlarsiz taqdim etiladi.

korrespondent uz 0444 Kunduz chiroq yoqib nimaga erishamiz Deputatlar mazkur qoidani bekor qilish taklifi bilan chiqdi
Foto: http://xs.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi №292-sonli qarori bilan yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish kiritilgan edi.

Unga koʻra, jumladan, kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilandi. Aynan ushbu kiritilgan oʻzgartirish koʻpchilik fuqarolar tomonidan norozilik bilan qarshi olinib, bunday oʻzgartish kiritishga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotganligi kabi eʼtirozli fikrlar bildirilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga ham saylovchilar tomonidan shu mazmundagi koʻplab murojaatlar qilinmoqda.

Biz bu oʻrinda yangi hujjatning ishlab chiqilishi va qabul qilinishidan asosiy maqsad haydovchi va piyodalarning xavfsizligini taʼminlashda yuqori natijalarga erishish nazarda tutilganligini eʼtirof etamiz. Ammo…

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu masala boʻyicha quyidagilarni xulosa qilish mumkin. Birinchidan, bizning sharoitimizdagi bunday qarorni qabul qilishda bir qator oʻziga xos xususiyatlar inobatga olinmagan. Jumladan, Oʻzbekistonda yil davomida sutkaning asosiy qismi yorugʻ vaqtga toʻgʻri kelishi sababli piyodalar va yoʻlovchilarning harakatlanishida inson koʻzining atrofni toʻliq ilgʻab olishi uchun quyosh yorugʻligining yetarli ekanligi.

Ikkinchidan, mamlakatimiz iqlim sharoitini inobatga olsak, yil davomida kunlarning asosiy qismi issiq, yogʻingarchilik kam, tuman va havo kam bulutli mintaqa ekanligi inobat olinmagan. Masalan, Moldovada bunday tartib faqat qish mavsumida amalga kiritilgan va tartibni buzganlik uchun jarima choralari qoʻllanilmaydi.

Uchinchidan, kunduz kunlari, shu jumladan yoz faslida haroratning oʻta yuqori vaqtida ham chiroqlarning yoqib yurilishiga eski rusumdagi avtomobillarning mos holda ishlab chiqarilmaganligi.

Mazkur masalada Yevropa mamlakatlari tajribasiga tayanilsa, ularda bunday tartib 2011-yildan amalga kiritilgan boʻlib, barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilarga yangi avtomobillar uchun kunduzgi avtomatik yonuvchi chiroqlarni oʻrnatishi shartligi belgilangan. 2011-yilgacha ishlab chiqarilgan, avtomatik chiroqlari yonmaydigan avtomobil egalariga esa majburiy chiroqlarni yoqib yurish tartibi yoʻq.

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizdagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar yoki chetdan avtomobil olib kiruvchilarga ham chiroqlarning avtomatik ravishda yonib turishini taʼminlovchi faralar bilan jihozlash majburiyatini yuklash zarur boʻladi.

Toʻrtinchidan, soʻngi yillardagi amaliyotga mos ravishda ijtimoiy ahamiyatga ega muhim normativ huquqiy hujjatlar keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi va bildirilgan takliflar asosida takomillashtirilib, shunga mos ravishda koʻrib chiqish boʻyicha huquqiy asos va amaliyot boʻlishiga qaramasdan hujjatda jamoatchilik fikri inobatga olinmagan.

Beshinchidan, 2016-yil sentabr oyiga qadar amalda boʻlgan Yoʻl harakat qoidalarining 138-bandidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 128-moddasiga “tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik” uchun eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima belgilash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi OʻRQ-411-sonli Qonuni tahriridagi dispozitsiyasi deputatlar tomonidan maʼqullanib, qonun qabul qilingan edi.

Biroq, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Yoʻl xarakati qoidalarining 138-bandiga kiritilgan “Kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart” degan oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasining 23-sentabrdagi 2016-yildagi OʻRQ-411-sonli Qonunining tegishli qismi konsepsiyasiga mos kelmaydi.

Oltinchidan, ushbu tartibga rioya etmaslik oqibatida toʻlanishi kerak boʻlgan jarima miqdorlari oʻrtacha oylik ish haqlariga nisbatan Italiyada 85 marta, Latviyada 146 marta, Sloveniya 56 marta, Finlyandiya 82 marta kamni tashkil etadi. Bizda esa belgilangan jarima miqdori oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan 16-17 marta kamni tashkil etmoqda.

Ushbu asoslardan kelib chiqqan holda biz bir guruh deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hamda Ichki ishlar vazirligiga Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-apreldagi №292-sonli qarori bilan yoʻl harakati qoidalariga “kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart”ligi boʻyicha kiritilgan oʻzgartirishni bekor qilish yoki jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda takomiliga yetkazish shu jumladan, bunday qoidabuzarlik uchun jarima belgilamaslik masalasini koʻrib chiqish boʻyicha taklif kiritdik.

Umid qilamizki tez kunlarda mazkur masala oʻzining ijobiy yechimini topadi.

Rasul Kusherbayev, Abdurashid Abduqodirov, Jamshid Pirmatov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari