O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik olamdan o‘tdi

0

O‘zbek adabiyotining yetuk namoyandalaridan biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 73 yoshida olamdan o‘tdi, deb xabar qildi “UzA”.

korrespondent uz 0431

Tohir Malik 1946-yilning 27-dekabrida ziyoli oilada dunyoga keldi.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakulteti kechki bo‘limida o‘qidi. Qurilishda duradgor, g‘isht teruvchi bo‘lib ishladi. Keyinchalik hozirgi “Tong yulduzi” gazetasida adabiy xodim, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida ishladi (1966).

Harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, Respublika radiosida, “Cho‘lpon”, G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qildi. 1995-yildan buyon Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida o‘zbek tilidan dars beradi.

O‘zbek adabiyotida kam e’tibor berilgan fantastika janriga aynan talabalik yillarida qo‘l urdi; bir qator asarlari kitobxonlar e’tiborini o‘ziga tortdi.

“Hikmat afandining o‘limi” (1972) asari o‘zbek adabiyotida fantastika yo‘nalishidagi birinchi qissa sanaladi. Shu yo‘nalishdagi bir qator hikoyalari, “Falak” (1976), “Zaharli g‘ubor” (1978), “Somon yo‘li elchilari” (1979), “Tiriklik suvi” (1984) qissalari, “Devona” romani (1985, dastlab “Chorrahada qolgan odamlar” nomida nashr etilgan), “Qora farishta” (2005) kitobi chop etildi; bu asarlar rus hamda boshqa xorij tillariga tarjima qilindi.

Adib XX asr boshlaridagi o‘zbek ziyolilari faoliyatini o‘rganib, Abdulla Avloniy hayoti misolida “Savohil” (1987, avval “Qaldirg‘och” nomida nashr etilgan) romanini va Mirzakalon Ismoiliy xotirasiga atab “Ozod inson haqida qo‘shiq” (2008) qissasini yozdi. Bu mavzu keyinchalik “So‘nggi o‘q” (1990), “Ov” (1997) qissalarida davom etdi. “So‘nggi o‘q” asosida etti qismli telefilm yaratildi.

Uning ma’naviyat masalalariga, axloqiy qadriyatlarga bag‘ishlangan “Bir ko‘cha, bir kecha” (1988), “Iblis devori” (2006), “Eng kichik jinoyat” (2007) asarlari ham kitobxonlarga manzur bo‘ldi. “Iblis devori” asosida badiiy film suratga olindi. Adib insonning ma’naviy-ruhiy olamini tadqiq etishga ko‘p e’tibor qaratdi. Buning samarasi o‘laroq “Jinoyatning uzun yo‘li” (2001), “Ayovsiz ilon” (2009), “Aql va Oqil” (2010), “Kelinlar daftariga” (2010), “Tilingni asra”, “Mehmon tuyg‘ular” ma’rifiy asarlari hamda uch kitobdan iborat “Odamiylik mulki” (2012) asari dunyoga keldi.

Tohir Malikning yana “Alvido… bolalik” (1989), 5 kitobdan iborat “Shaytanat” (1994, 1995, 1997, 2001, 2011), “Murdalar gapirmaydi” (1994), “Yomonlikdan yiroq bo‘ling” (2001), “Talvasa” (2007), “Tilla kalamush” (2007), “Voy, onajonim” (2009), “Sohilsiz dengiz”, “Padarkush” (2011), “Samum” (1-2 kitob, 2012-2013), “Charxpalak”, “Halovat”, “Shaytanatning jin ko‘chalari”, “Nomus”, “Kuyov bola, sizga aytar so‘zim bor” (2012), 12 jildli “Tanlangan asarlar“, Munojot” (2013), “Umidlar dashti”, “Umidimiz yulduzlariga” (2014), “Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i (1-2 kitob, 2015) kabi roman, qissa, hikoyalar, badealar kitoblari nashr etildi.

Adib tarjimon sifatida “Tashnalik” (bulg‘or hikoyalari, 1980), E.Amitning “Kapalak” (1981), A.Hakimovning “Oqsoq bo‘ri” (roman, 1981), F.Dostoevskiyning “Ma’suma” (roman, 1985), V.Ikskulning “Nomus va ajal” (2010), “Nomus va qasos” (2011), K.Gotstsining “Bug‘uga aylangan qirol” (pьesa, 2011), L.Tolstoyning “Sakrash” (1980) asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdi. Ayni paytda adibning asarlari ham arab, rus, qirg‘iz, qozoq, uyg‘ur tillariga tarjima qilindi.

Adib qator kinostsenariylar va radiopyesalarmuallifi hamdir.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 1996-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Adibning yaqinlariga hamdardlik bildiriladi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting