Imomo‘g‘li: Erdog‘an Turkiya demokratiyasiga katta zarba berdi

0

Akram Imomo‘g‘li Istanbul merligi uchun yaqinda kechgan saylovda g‘alaba qozonib, Prezident Rajab Toyib Erdog‘an partiyasining shahardagi 25 yillik hukmronligiga chek qo‘ydi. U o‘z ishini boshlashi bilan rasmiylar shahar mablag‘larini haddan ziyod bemaqsad sarflaganini fosh qildi. Shundan ko‘p o‘tmay Turkiya saylov komissiyasi ovozlarni bekor qilib, saylovni qayta o‘tkazish haqida qaror chiqardi.

korrespondent uz 0418
Foto: France 24

Ulkan g‘alaba ortidan Istanbulni aylangan Akram Imomo‘g‘li murosa qilishni hamda Turkiyadagi siyosiy bo’linishga chek qo‘yishni va’da qildi.

Aynan shu g‘oya uning g‘alabasini ta’minlagan edi. Ammo Imomo‘g‘lining shahar merligi bor-yo‘g‘i 19 kun davom etdi. Turkiya saylov komissiyasi natijani bekor qilib, qayta saylov o‘tkazilishini e’lon qildi.

Prezident Rajab Toyib Erdog‘anning aytishicha, saylovda firibgarlik va tartibsizlik holatlari yuz bergan.

“Bu tarixda qora dog‘ bilan yoziladigan zarba. Bu mutlaqo aniq. Shu bois mahzunman. O‘zim uchun emas, balki butun jamiyat uchun taassufdaman. Turkiya demokratiyasiga shunday zarba berilganidan xafaman. Bu xatoni tuzatish bizning zimmamizda. Hozir shu bo‘yicha kurash olib boryapmiz”, – dedi Imomo‘g‘li.

Saylov natijasining bekor qilingani noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Istanbul saylovi kelasi oyga rejalanar ekan, ko‘chada namoyishlar tinmayapti.

“Bu saylov faqat Istanbul haqida emasligi kunday ravshan. Bu mahalliy saylov va ayni paytda demokratiya uchun kurash. Shu bois kampaniyamiz yanada o‘sib boradi va yuz minglab odam unda ishtirok etadi”, – deydi Imomo‘g‘li.

Imomo‘g‘lining Istanbuldagi g‘alabasi va birlikka da’vati Jumhuriyat xalq partiyasini hamda yoshlarni jonlantirmoqda.

Imomo‘g‘lining o‘zi konservativ oilada tarbiya ko‘rgan. Istanbulda musulmon oila bilan iftorlik qilgan siyosatchi dindorlar va sekulyar qatlam orasidagi bo‘linishni qisqartirmoqchi.

“Biz qilayotgan ish partiya siyosatidan ham yuqori turadigan narsa. Jamiyat bilan murosa qilish, ularni birlashtirish ruhiyatni ko‘taradigan bir imkoniyat beradi. Buning ta’siri esa iqtisodiyotda ham, ta’limda ham, jamiyatdagi tinchlik va erkinlikda ham seziladi. Shu umumiy manzaraga qarasangiz, hammasi go‘zal”, – deydi u.

Yaqin-yaqingacha Istanbul atrofida Imomo‘g‘li nomini kamdan-kam odam bilar edi.

Istanbul kelasi oydagi saylovga hozirlanar ekan, bugun u Erdog‘an uchun eng kuchli raqibga aylangan. Saylov natijasi nafaqat Istanbul, balki butun mamlakat uchun muhim ekani aytiladi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting