Mariya Filippova-Xadji: O‘zbekiston abadiy qalbimda (Intervyu)

0

korrespondent uz 0414

Mariya Filippova 1954-yil 31-mayda Bolgariyaning Burgas viloyati Sitovo qishlog‘ida tavallud topgan. Gimnaziya va iqtisod texnikumida tahsil olgan. Bir muddat Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutida ham o‘qigan, rus filologiyasi fakultetini Bolgariyada tamomlagan. M. Filippova bolgar tilidagi 4 ta, grek tilidagi 1 ta she’riy kitobning muallifi. «Kapalak qanoti», «Kunchiqar tubida», «E’tiqod» va «Qushlar uchun toj» kitoblari keng jamoatchilikka manzur bo‘lgan. She’rlari Toshkentda chop etilgan “Ilonbaliq” va “Qush tili” she’riy bayozlariga kiritilgan. U bir qancha shoirlarning she’rlarini mahorat bilan bolgar tiliga o‘girgan va Bolgariyadagi nufuzli adabiy mukofotga sazovor bo‘lgan. Ayni paytda Bolgariyadagi Plovdiv shahrida istiqomat qiladi.

O‘zbekiston Mariya xotirasida hech o‘chmas iz qoldirgan, bu yerda u talabalikning oltin davrini o‘tkazgan, yurtimizning ba’zi viloyatlariga sayohat qilgan, Yozuvchilar uyushmasida ijodkorlar bilan mushoiralarda, adabiy yig‘inlarda qatnashgan, o‘zbek shoirlarining she’rlarini bolgar tiliga tarjima qilgan. Eng e’tiborlisi, Mariya Filippova 1991-yili hazrat Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan navoiyxonlik kechalarida faol ishtirok etgan chet ellik ijodkorlarning biridir. Bu haqda Mariya xonim bilan maroqli suhbatimiz 2017-yil Yevropa madaniyati markazi etib belgilangan, qish bo‘lishiga qaramay, quyosh zarrin nurlarini sochib turgan, atirgullar iforiga ko‘milgan ko‘hna, ayni paytda navqiron Plovdivda bo‘lib o‘tdi.

korrespondent uz 0415

Mariya xonim, O‘zbekistonga bo‘lgan mehringiz, samimiy ishqingizni hali Toshkentdaligimdayoq sezganman, yozishmalarimizda xotiralaringizni ko‘p bor esga olgansiz. Keling, ushbu muxtasar suhbatimizni Navoiyxonlik kechalaridagi ishtirokingizga bag‘ishlsak.

Aziz do‘stim, O‘zbekiston degan nomni shunchaki tilga ola bilmayman. Yurtingiz men uchun xuddi ona makonimday aziz, u yerda hayotimning eng shirin lahzalari, umrimning eng yorqin sahifalarini o‘tkazganga o‘xshayveraman. To‘qsoninchi yillar boshida taqdir taqozosi bilan mamlakatingizda bir yil talaba bo‘lib yashash nasib etdi, Toshkentda rus tilini o‘rganganman. Haligacha yaxshi eslayman: Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan poytaxt va boshqa shaharlarda ajib ko‘tarinki ruh sezilar, adabiy, madaniy tadbirlar har joyda o‘tkazilardi. O‘shanda bunday katta bayram uchun Navoiyga bag‘ishlab she’r yozganman, adashmasam, Chorsha’m Ro‘zi uni o‘zbek tiliga tarjima ham qilgandi. Kaminani Chirchiq shahrida Navoiy haykalining ochilish marosimiga taklif etishgan. Oddiy talaba uchun bu nechog‘li sharaf ekanini tasavvur qilib ko‘ring. Haykal poyiga gul qo‘yganim, hayajondan ko‘zlarimga yosh kelgani, do‘ppi va xushbichim qiyiqchalar kiyib bezangan orasta, sochlari mayda o‘rilgan qizlar, karnay-surnay chalgan yigitlar ko‘z oldimda namoyon bo‘laveradi. Karnay sadolaridan xayolim uzoq-uzoqlarga uchgani, o‘xshash milliy liboslarda qadimgi bolgariyalik millatdoshlarim qiyofasi gavdalangani, o‘zimni naq osiyolik qizlarday his etganim onlar juda ta’sirli edi.

Mariya xonim, Navoiy shahrida ham bo‘lganman, deb edingiz. U yerda ham adabiy tadbirda qatnashganmisiz?

Shunday. Men Yozuvchilar uyushmasidagi gurunglarda tez-tez ishtirok etib turardim. Hazrat tavalludiga bag‘ishlangan she’rim yoqib qolgan shekil, Chirchiqdagi tadbirdan ko‘p o‘tmay, kichik delegatsiya tarkibida Navoiy shahriga bordim. Zal liq to‘la odam. Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, «Assalomu alaykum!» deya o‘zbekchada gap boshlashim zahoti tomoshabinlar o‘rinlaridan turib, gulduros qarsaklar chalishgandi. Yuzlab odamlar yevropalik qizning o‘zbekchada nutq irod etishidan quvonchga to‘lgan. Sahnada va navoiyliklar orasida o‘zimni hech begona sezmagandim, xudi singillari va opalariday edim. She’r o‘qib bo‘lgach, qarasam, mitti bolakay qo‘lida gul ko‘targancha menga yaqinlashib kelardi. Bolajonni dast ko‘tardim-u negadir yig‘lab yubordim. O‘sha kuni kaminadan dastxat olmoq ilinjida navbatda turgan yosh yigit-qizlarni bir ko‘rsangiz edi. Axir oddiygina bir talaba bo‘lsam. Yana deng atrofimda gazetachilar, televideniye muxbirlari intervyu bering, deb turibdi. Birpasda mashhur va katta odamga aylanib qolganday sezdim o‘zimni. Hammani bag‘rimga bosgim, hammaga rahmat aytgim kelardi.

korrespondent uz 0413

Rus tili barobarida o‘zbekcha ham o‘rganganmisiz? Sizningcha, o‘zbek tili yoqimli, jarangdor tilmi?

To‘g‘risini aytsam, Yozuvchilar uyushmasiga borib, ko‘plab adiblarning o‘zbekcha asar yozishidan xabardor bo‘lmagunimcha hamma rus tilida so‘zlashadi va ijod qiladi, badiiy kitoblar faqat rus tilida chop etiladi, deb yurarkanman. Ammo, o‘zbekchani ko‘cha-ko‘yda, oliygohda talabalar tilidan eshitib, qo‘shiqlarni birga xirgoyi qilib, uning juda go‘zal, musiqiy til ekaniga guvoh bo‘lganman. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Yozuvchilar uyushmasidagi adabiy tadbirda olima Suyima G‘aniyeva “mening orzuim o‘zbek adabiyotini Yevropada ko‘rish, o‘zbek adiblari asarlari Yevropa va boshqa chet mamlakatlar kitob do‘konlarida turishini, xorijlik o‘quvchilar o‘qib, bahramand olishini juda istayman” deb aytgandi. Bu men uchun juda chiroyli orzu bo‘lib tuyulgan o‘shanda. Shoir va tarjimon sifatida men ham chin dildan bunday yaxshi niyatlarning amalga oshishini tilayman.

Iliq xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashganingiz uchun tashakkur! Siz bilan yana O‘zbekistonda ko‘rishish, navoiyxonlik kechalarida, adabiy tadbirlarda uchrashish nasib etsin ilohim. Agar malol kelmasa, shu kunlarda yozgan she’ringizdan birini o‘qib bersangiz.

Albatta, men ham bir yillik umrim o‘tgan O‘zbekistonga tashrif buyurib, u yerdagi ijobiy o‘zgarishlarni, islohotlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rsam, deyman. O‘zbekiston va Bolgariya adiblari o‘rtasida adabiy ko‘prik barpo qilsak, deb orzu qilaman. Bajonidil bitta she’r o‘qib beraman:

Taxayyul

O‘tgan tunning g‘am-tashvishlari
Ko‘miladi qorga sukunat
Yuragimga inar oqlikda
Nihon bo‘lgan kulbaday qat-qat.
Miltillaydi oppoq zarralar
Yodga tushar qancha saraton.
Muz ostiga berkingan jilg‘a
Shildiraydi qalbimda shu on…

Aʼzam Obid suhbatlashdi
Bolgariya, Plovdiv shahri, 2017-yil

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting