OITS: O‘zbekistondagi raqamlar, tahlillar va ko‘rsatkichlar (Intervyu)

0

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yuz yillikka asrlar davomida davosiz, deb hisoblanib kelingan ko‘plab kasalliklarda davo topilgan. Afsuski, bir qancha yangi kasalliklar ham paydo bo‘lgan. Shu bilan birga integratsiya sabab ma’lum hududlardagigina uchraydigan xastaliklarning tarqalishi kengayib bormoqda. Mana shunday kasalliklardan biri odam immuniteti tanqisligi virusidir. Oxirgi o‘ttiz yilda bu virus O‘zbekiston hududida ham uchramoqda. Ushbu kasallikdan aziyat chekayotganlar oramizda ham bor. Ushbu kasallikning paydo bo‘lishi, tarqalishi, namoyon bo‘lish ko‘rinishlari va O‘zbekistonda OITSga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi rahbari Venera Jo‘rayeva bilan suhbatlashdik.

korrespondent uz 0408

Suhbatimiz boshida kasallikning paydo bo‘lishi, uning tarqalish geografiyasi haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

Odam immunitei virusi infektsiyasi (OIV) aslida Afrika mintaqasida yashovchi aholi o‘rtasida paydo bo‘lgan. U haqda judayam ko‘p ertakka o‘xshagan dunyoqarashlar, sabablar ko‘rsatilgan. Kasallikning Afrikadagilar o‘rtasida tarqalganligi birinchi marta 1982-yilda amerikalik olimlar, 1983-yilda fransiyalik olimlar tomonidan xastalik virusi labarotoriya usulida aniqlangan va hastalik virusi Afrikada yashovchilarga to‘g‘ri kelgani aniqlangan.

Mazkur xastalikning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi qachonga to‘g‘ri keldi? Qanday omillar mamlakat hududida mazkur kasallikning kirib kelishi va tarqalishiga zamin yaratgan?

OIV kasalligi mamlakatimizda 1987-yilda Angolalik talabada aniqlangan. Bu talaba Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlaridan birining talabasi edi. 1989-yilda respublikada OITSga qarshi kurash labarotoriyalari tashkil etilgan. 1987-yildan boshlab bu kasallikda gumon qilinganlardan qon olinib, Moskvaga yuborilgan. Tekshiruv natijalari olib kelinib o‘rganilgan, tahlil qilingan. Bu kasallikning respublikamizga kirib kelishida asosiy vosita migrantlardir.

Bugun yer yuzida qancha odam OITS bilan og‘rigan? Kasallanganlarning yoshi, hududi, mashg‘ulotlari statistikasi bormi?

Yer yuzida bugun o‘rtacha hisobda 38 million kishi ushbu kasallik bo‘yicha og‘rigan. Kasallikka chalingan odamlarning asosiy qismi har tomonlama faol yosh –19 yoshdan 49 yoshgacha to‘g‘ri keladi. Ularning nima bilan mashg‘ul bo‘lishi ularning gap-so‘zlaridan kelib chiqib o‘rganiladi. Hududi bo‘yicha Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) birinchi o‘rinda turadi. OIV Amerika Qo‘shma Shtatlarida, Hindistonda, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida ham tarqalgan. Ukraina, Rossiya, Qozoqistonda bu kasallik ko‘rsatkichlari ancha yuqori.

Kasallikni yuqtiruvchi omillar qaysmilar? Ko‘proq qaysi holatlarda hamyurtlarimiz ushbu kasallikni o‘zlariga yuqtirib olmoqda?

Kasallikning yuqish yo‘llari uch turga bo‘linadi. Birinchisi himoyalanmagan betartib jinsiy aloqa. Ikkinchisi parientral yo‘l, deyiladi tibbiyotda. Teri va shilliq qavatlari butunligining buzilishi. Sanchiladigan, kesadigan, urganda yorilib ketadigan anjomlar bilan teri butunligi buzilganda bu virus yuqishi mumkin, agar bu anjomlar ilgari virus yuqqan odamga ishlatilgan bo‘lsa. Uchinchisi vertikal yo‘l, ya’ni OIV infektsiyali onadan bolaga yuqish yo‘li. Bu bo‘yicha respublikada juda katta ishlar qilindi. Raqamlar minimal ko‘rsatkichlarga tushdi. 2017-yil va 2018-yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent shahrida bu virusning onadan bolaga yuqish holati uchramadi.

Epidemiologik so‘rovlar davomida virusni yuqtirgan insonlar bilan gaplashib bilganimizda eng ko‘p himoyalanmagan betartib jinsiy aloqa orqali yuqish hollari ko‘proq uchramoqda.

korrespondent uz 0411

Bemorda kasallik alomatlari qanday nomoyon bo‘ladi. Kasallik o‘zidan qanday belgi beradi. Kasallikning yashirin davri qanchagacha davom etishi mumkin?

Judayam qiziq savol. OIV bilan bog‘liq muammo ham shunda. Virusning kech aniqlanishidagi muammo ham shunda. Tarqalib ketishining asosiy sababi ham shu joyda. Chunki infektsiya yuqqanidan keyin 8-10 yil, bugungi amaliyotdan kelib aytishimiz mukinki, hatto 15 yil davomida ham klinik belgilar bo‘lmasligi mumkin. Kasallik virusining qonda borligi u yoki bu turdagi labarotoriya tekshiruvi davomida qondan namuna olib tekshirilganda aniqlanadi. Bu sabablar nima bo‘lishi mumkin. Oddiy misol. Barcha turdagi tashkilotlarga ishga kirishda tibbiy ko‘rikdan o‘tish so‘raladi. Mana shunday davriy ko‘riklarda aniqlanib qoladi yoki chet ellarga chiqib ketayotganda so‘ralgan zarur hujjatlar orasida tibbiy ma’lumotnoma bo‘lsa, mana shu ma’lumotnoma uchun tekshiruv davomida qon topshirishadi. Bu jarayonda aniqlanish holalari ham uchrab turibdi.

Yana bir holat. Qaysidir fuqaro olti oy davomida uch marta yoki undan ko‘p marta tibbiy muassasalarga sog‘lig‘idan shikoyat qilib murojaat qilsa, undan ham albatta OIV virusini aniqlash testi uchun qon olinadi.

Xalqimizni topib aytilgan bir gap bor: ip eng ingichka joyidan uziladi. Organizmda somatik kasalliklar bo‘lsa, bu virus yuqqanidan keyin avvalo mana shu kasallangan organlarda alomatlar namoyon bo‘ladi. To‘xtovsiz, hech qanday sabablarsiz ich ketish holatlari bo‘ladi. Kimlardadir oylab isitma ko‘tarilib yuradi. Yo‘tal, quruq yo‘tallar uchraydi. Og‘iz bo‘shlig‘ida zamburug‘li kasalliklar uchraydi. Bu oylab davom etishi mumkin. Bu vaqtda bemor o‘zini o‘zini davolash uchun turli muolajalarni qilib yuradi. Dorilar qabul qiladi. Hech bir samara bo‘lmagach, tibbiyot xodimiga murojaat qilishga majbul bo‘ladi. Organizmda immunitet tushib ketganidan keyin mana shu belgilar ketma-ket namoyon bo‘ladi. Shu bois har qanday kasallik alomatlari sezilgan paytda tezgina tibbiyot xodimlariga murojaat qilsak, vaqti-vaqti bilan davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tib tursak, har qanday kasallikni aniqlay olamiz va davolash ishlarimiz samaraliroq kechadi.

korrespondent uz 0410

Oramizda hozir ham mazkur virusni yuqtirib olayotganlar uchrab turibdi. Qanday omillar sabab kasallikning yuqishi yanada kengaymoqda?

Global o‘zgarishlar bu kasallikning ham kengayishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, migratsiya. Bizning mamlakatimizda tashrif buyuruvchilar, xorijga turli sabablar bilan chiquvchi hamyurtlarimiz orqali kasallik “harakatlanadi”. Bir necha yil oilasidan uzoqda, uyidagi sharoitdan yiroqda bo‘lganidan keyin kasallikni yuqtirish ehtimoli ortadi.

Respublikamizda 2018-yil iyun oyida qabul qilingan tartib bor. Unga ko‘ra uch oydan ortiq chet ellarda bo‘lib qaytib kelgan fuqarolarimiz qon topirishlari kerak. Ular bilan tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. O‘z xohishi bilan kelib ongli ravishda qon topshiradiganlar bor. Nafaqat OIVni, boshqa kasalliklarni “olib kelgan” bo‘lsa, uni turmush o‘rtog‘iga, oila a’zolariga yuqtirib qo‘yishining oldini olish uchun joriy etilgan bu tartib.

O‘zbekistonda kasallikni aniqlash tartibi qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i asosida bir nechta maxsus kodlar joriy etilgan. Bu xos raqamlar, deyiladi. Masalan, 101 xos raqam. Bu OIV infektsiyasi yuqqan kishi yashovchi jinsiy sherik. Mana shunday jinsiy sheriklar ham doimiy nazoratda bo‘ladi. Giyohvand moddalar qabul qiluvchilar, donorlar, tez-tez kasallanuvchilar va tibbiyot xodimlarini tekshirishda ham mana shunday xos raqamlar joriy etilgan. Mana shunday fuqarolar bilan suhbatlardan keyin ulardan qon namunalari olinadi. Xos raqam bilan OISTga qarshi kurash markazlariga yuboriladi. Bu joyda immunaferment (IFA) yo‘l bilan tekshiriladi. Agar kelgan qonda virus borligi alomatlari sezilsa, uni yuborgan tibbiyot muassasaga shu yo‘llanmaga qizil qalamda bu shaxsdan qayta qon olib jo‘nating, deb yozib yuboriladi. Ikkinchi marta fuqarodan maxsus kommisiya ishtirokida qon olinadi. Unga hamma narsa tushuntiriladi. Fuqaro qo‘rqib ketishi kerak emas, mening qonimda virus borakan, degan taxlikaga tushishi kerak emas. Sizga to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun ham ikkinchi marta qon namunasi olinayapti, deb tushuntiriladi. Bunga ham virus bo‘lishi mumkin, degan natijani olinsa, bu qon namunasi respublika OITSga qarshi kurash markaziga yuboriladi. Bu yerda tasdiqlovchi testdan o‘tkaziladi. Bunda ham virus bor degan taxmin bo‘lsa, maxsus testdan o‘tkaziladi. Maxsus test ham virus borligini tasdiqlasa, keyin bemorga xabar beriladi. Bemor markazga chaqirilib, u bilan suhbat o‘tkaziladi va zarur profilaktik choralar bergilanadi.

Ushbu kasallikka chalingan bemorlar bilan ishlash jarayoni haqida ham ma’lumot bersanggiz.

OIV virusiga chalinganlar dispanser nazoratiga olinadi va doimiy nazoratda turadi. Ularning qonidagi immunitet ko‘rsatkichi aniqlanadi. Sog‘lom odamda bu hujayralarning miqdori bir milligrammda 500 nusxadan kam bo‘lmaydi. Lekin virusni yuqtirganlarda kamayib ketadi. Keyin qondagi virus yuklamasini aniqlaymiz. Tabbiyki, virus qancha ko‘p bo‘lsa, bemorning ahvoli shuncha og‘ir bo‘ladi. Mana shu ikki xil tekshirish natijasidagi ko‘rsatkichlarga asoslanib davolash boshlanadi.

korrespondent uz 0409

Mazkur xastalik bo‘yicha og‘riganlar ma’umotlarining sir saqlanishi zamirida nima yotadi?

Xufyonalik. Aholi o‘rtasida bu kasallikka munosabat hali boshqacharoq. Kimdadir bu virus aniqlanganini sezishsa, uning huquqlari poymol qilish boshlanadi. Uni ajratib qo‘yishadi. Kamsitilishining oldini olish maqsadida xufyonalik yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bayonnomalari asosida olib boriladi.

Kasallik kimlar o‘rtasida ko‘proq uchraydi?

OIV surunkali, ya’ni yuqumli infektsiya hisoblanadi. Shunga bog‘liq ravishda epidemiologik qonuniyat bor. Bu qonuniyat barcha yuqumli kasalliklarda vaziyat bir xilligini ko‘rsatadi. Bizning respublikamizda bu virusni yuqtirganlar orasida asosan faol qatlam vakillari, ya’ni 29 yoshdan 49 yoshdagilar ko‘proq uchraydi. Kasallarning 54-55 foizi erkaklardir.

Kasalikni butkul davolasa bo‘ladimi?

Afsuski, bugungi kunda dunyo bo‘yicha kasallikni butkul davolash choralari aniqlanmagan. Kasallikni chaqiruvchi virusga qarshi qo‘llab-quvvalovchi davolovchi preparatlar beriladi. Dori vositalarini qabul qilganlarning immuniteti ko‘tarilib boradi. Qon tarkibidagi virus miqdori kamayib boradi. Bu bir biriga bog‘liq, chunki bu virus immunitet hujayralarining kushandasi, ularni yeb oziqlanadi. Preparatlar virusni kamaytirgani sayin immunitet oshib boradi. Organizmda solamatlik ko‘rsatkichi yaxshilanadi. Bunday odamlarda hayotga bo‘lgan qiziqish, yashash ishtiyoq yana paydo bo‘ladi, ortib boradi.

Kasallikni davolash bosqichlarini haqida gapirib bersangiz. Kasallikka qarshi kurashning eng muhim jihati nimada?

To‘g‘ri qo‘yilgan tashxis, bu davolashning yarmi, deyiladi. Bemorning sog‘lig‘i holatini yaxshilab o‘rganamiz. Homidorlarda, bolalarda kasallik aniqlangan kundan boshlab davolash ishlarini boshlaymiz. Bunda albatta sil kasalliklari mutaxassisining tavsiyalari olinadi. Davolash boshlangandan keyin ijobiy o‘zgarish sezilsa, bemorning o‘z xohishi bilan uni yo‘llanma orqali poliklinikalariga yuboramiz. U yerdagi yuqumli kasalliklar shifokori davolash ishlarini davom ettiradi. Kasallik ko‘rsatkichlariga qarab har uch oyda, har olti oyda markazga kelib dispanser nazoratidan o‘tib turadi.

korrespondent uz 0412

Bemorlar bilan har xil holatlar uchraydi. Virus aniqlangan fuqarolar bilan suhbatda ular buni tan olmaslik, dorilarni ichishdan bosh tortish holatlari ko‘p uchraydi. Bir nechta shifokorlar u bilan oylab tushuntirish ishlarini olib boramiz. O‘zida davolanishga nisbatan xohish paydo bo‘lgandan so‘ng muolajalarni boylaymiz. Davolash ishlaridagi asosiy mezon – fuqaroda davolashga nisbatan sodiqlikni shakllantirish. Chunki ishonch bo‘lmasa, muolajalarni tashlab qo‘yish holatlari, dorilarni qabul qilish tartibiga amal qilmasligi yoki to‘xtatib qo‘yishi ham mumkin. Bunday holatlarda bemorning ahvoli yana og‘irlashadi. Davolash ishlari samarasiz bo‘ladi. Natijada esa yana hammasini boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Shu bois undagi klinik holatdan kelib chiqib sodiqlik holatini ham baholab davolashni boshlaymiz.

Nikohdan so‘ng erdan xotiniga yoki aksincha holatlarda virus yuqsa…

Vazirlar Mahkamasining qarori asosida har bir nikohlanuvchi nikohdan bir oy ilgari tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Qarorda ko‘rsatilgan kasalliklar bilan birga OIV virusiga ham tekshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha xulosalar aks etgan yo‘llanma bilan FHDYoga borib nikohdan o‘tishlari mumkin. Ilgari faqat sha’riy nikoh asosida oila qurib, homiladorlikdan so‘ng tekshirilganda virus aniqlanish holatlari ham uchrab turardi. Shu masala ko‘tarilib, tegishli choralar ko‘rilgach bunday ko‘ngilsizliklarning oldi olindi. Agar tibbiy ko‘riksiz, o‘zidagi virusni bilib turib oila qurgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 113-moddasi asosida chora ko‘riladi. Biz bunday holatlar to‘g‘risida huquq-tartibot organlariga ma’lumot kiritamiz va o‘sha kiritilgan ma’lumot asosida birgalikda choralar ko‘riladi.

Tibbiyot xodimi o‘z faoliyati davomida turli kasallikni, xususan ushbu virusni yuqtirib olsa…

Tibbiyot xodimi unga murojaat qilgan fuqaroni rad etishga haqi yo‘q. Kutilmagan vaziyatlar, turli shoshilinch holatlarda ham bemorga xizmat ko‘rsatadi. Shu bois turli noxushliklarning oldini olish uchun foydalanish zarur bo‘lgan tibbiy jamlanmalar bilan himoyalanishi kerak. Tibbiyot ko‘zoynagi, rezina qo‘lqop, fartuk, xalat va bosh kiyimlar shular jumlasidan. Qon bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kontakt bo‘ladigan jarayonlarda ayniqsa, gigiena talablariga to‘liq rioya qilsa, bu kabi norush holatlarning oldi olinadi. Mabodo bunday holat bo‘lsa, u albatta disparner nazoratiga olinadi. Uning qachon, qayerda bu virusni yuqtirganini aniqlashning iloji yo‘q. O‘n yillar oldin yuqtirgan bo‘lishi mumkin. Yuqtirish mumkin bo‘lgan omillar judayam ko‘p. Shu bois u bu vaqt oralig‘ida qayerlarda tibbiy xizmatdan foydalangan, go‘zallik salonlariga borgan bo‘lsa, hammasiga murojaat qilamiz. Kasallik yuqishiga zamin yaratishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarni o‘rganib, bizga ma’lumot yuborishini va bu bemorning ular xizmatidan foydalanganligi tasdiqlab berishlari so‘raladi. Keyin davlat sanitariya-epidemiologiya markazlari bilan birgalikda shu joylarga chiqib bu kabi holatlarni o‘rganish ishlarini olib boramiz. Kelgusida virusni yuqtirish ehtimolining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘ramiz.

korrespondent uz 0409

Ushbu suhbat orqali o‘zida ushbu OIV alomatlarini sezayotgan, ammo tibbiyot muassasalariga murojaat qilishga cho‘chib turganlar bo‘lsa, ularga qanday maslahatlar berasiz.

Har bir inson sog‘lig‘i uchun o‘zi javobgar. Mana shu javobgarlik hissini har kuni, har soatda tan olishimiz kerak. Bu taxminda bo‘lgan fuqaro, sizdan iltimos, hecham qo‘rqmang. O‘zingiz yashab turgan hududdagi oilaviy poliklinikaga yoki OITSga qarshi kurash markazlariga murojaat qiling. Tibbiyot xodimlari sizga ma’qul shaklda analizlar olishga va siz bilan ishlashga tayyor. OIV infektsiyasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qon topshirishga qo‘rqsangiz, anonim ravishda qon topshirishingiz mumkin. Bunda sizdan pasport, yashash manzili so‘ralmaydi. Sizga xos raqam yozib beriladi. Tahlil chiqqandan keyin kelib bemalol natijalarni olishingiz mumkin.

So‘nggi so‘z o‘rnida maslahatlaringiz, tavsiyalaringiz…

O‘zingizning, atrofdagilaringizning solig‘iga befarq bo‘lmang. Qandaydir kasallik alomatlarini sezsangiz – bu isitma, ichketar yoki teridagi toshmalar bo‘lishi mumkin – albatta o‘z vaqtida kechiktirmasdan tibbiyot muassasalariga murojaat qiling. Sog‘lig‘ingiz nafaqat o‘zingizning, butun jamiyatning boyligi!

Farhod Umarov, “Korrespondent.uz” uchun maxsus

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting