Toshkentda “Davr bank”ning ikki xodimi hibsga olindi

0

Toshkentda “Davr bank”ning ikki xodimi oʻnlab million soʻm mablagʻni talon-toroj qilganlikda gumonlanib qoʻlga olindi, deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

korrespondent uz 0406
Foto: Uzreport.news

Xabarda aytilishicha, ichki ishlar organiga Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqarodan ariza kelib tushgan. U oʻz arizasida shu yilning 9-aprel kuni “Davr bank”ning Uchtepa filialiga ipoteka krediti olish uchun murojaat qilgani va dastlabki toʻlov sifatida 75 mln soʻm toʻlaganini, ammo bu mablagʻ quruvchi tashkilot hisobiga tushmaganligini bildirgan.

Keyinroq ichki ishlar organlari xuddi shu mazmundagi ariza bilan yana yigirma kishi murojaat qilgan. Ularning barchasi kredit olish yoki bankda shaxsiy hisob raqami ochish masalalari boʻyicha murojaat qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB FMB tomonidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (firibgarlik) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanib “Davr bank”ning Uchtepa filiali ikki xodimi qoʻlga olingan.

1-may kuni ularga ayblov eʼlon qilingan va oʻsha kunning oʻzida ayblanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudi tomonidan hibsga olish koʻrinishidagi ehtiyot chorasi qoʻllash ajrimi chiqarilgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi boʻyicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting