Boysunda qiymati 5,27 mlrd dollarlik yangi gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi

0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi asnosida Boysun tumanidagi ”Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida qidiruv va oʻzlashtirish ishlarini amalga oshirish, gaz-kimyo majmuasi qurish boʻyicha bitim imzolangan edi.

korrespondent uz 0394

Umumiy qiymati 5,27 milliard AQSH dollariga teng ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

2018-2022 yillarga moʻljallangan birinchi bosqichda yiliga 5 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod quriladi.2023-2025 yillarga moʻljallangan ikkinchi bosqichda 1,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash hisobiga yiliga 500 ming tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgandan soʻng 2 ming 200 ish oʻrni yaratiladi.

Hozirgi kunda gaz konining 3D seysmik qidiruv ishlari oʻtkazilmoqda, “Eriell” kompaniyasi tomonidan 7 ta baholash qudugʻi burgʻulanmoqda. Obyektda “Baker Hughes”, “Halliburton” va “Schlumberger” xorijiy kompaniyalari mutaxassislari ham mehnat qilmoqda.

Boysun tumanida boshlangan navbatdagi loyiha mamlakatimizning janubiy hududini kompleks rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika, kimyo, qurilish sanoati va transport infratuzilmasi korxonalari quvvatlarini oshirish imkonini beradi.

Prezidentimizga loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida erishiladigan natijalar haqidagi taqdimot namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev konda oʻtkazilayotgan geologiya-qidiruv jarayoni, uni oʻzlashtirish, tashqi infratuzilmalarni va gazni qayta ishlash zavodini qurishni jadallashtirish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.

Shu yerda Surxondaryo viloyatida 900 megavattli issiqlik elektr stansiyasi qurish, viloyatda sanoat sohasini rivojlantirish, muhandislik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, 2019-2020 yillarda Boysun tumanida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, Sariosiyo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar taqdimotlari oʻtkazildi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting