«Harlem Globetrotters» jamoasi basketbol o‘yinini yoshlar orasida targ‘ib qilish uchun O‘zbekistonga keldi

0

Joriy yilning 29-aprelidan 4-mayiga qadar Amerikaning «Harlem Globetrotters» jamoasi «T.E.A.M Up at School» dasturi doirasida basketbol o‘yinini yoshlar orasida targ‘ib qilish va bullingga qarshi kurashishish maqsadida yurtimizga tashrif buyuradi.

korrespondent uz 0384
Foto: AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

«Harlem Globetrotters» tashrifi Xalq ta’limi vazirligi va AQSh elchixonasining sportni rivojlantirish hamda bullingga qarshi kurashishdagi keng ko‘lamli tashabbusi hisoblanadi.

“Basketbol AQShdagi eng mashhur sport turlaridan biri hisoblanadi. Biz ham o‘z navbatida basketbolni O‘zbekistonda rivojlantirishni rejalashtirmoqdamiz. Chunki bu sport turi jamoada ishlashni o‘rgatishga imkon yaratadi. AQShda basketbol o‘yiniga bolalarni jalb qilish orqali jinoyatchilikni kamaytirish dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. O‘ylashimcha, bu tajriba biz uchun ham foydali bo‘ladi. Ushbu loyiha doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan beshta tashabbusning ikkinchisini amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz», – deya ta’kidladi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

korrespondent uz 0385
Foto: AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

«Harlem Globetrotters» a’zolari Fatima Lister (TNT) va Julius MakKlarkin (Zeus) O‘zbekistonga tashrif buyurib, AQShning Bullingga qarshi milliy kampaniyasi yaratgan, T.E.A.M Up at School dasturi doirasida qator mahorat darslarini o‘tkazishlari rejalashtirilgan.

T.E.A.M Up at School dasturi o‘quvchilarga bulling bilan kurashishda ko‘mak beradi. T.E.A.M. – gapirmoq (talk), rahm qilmoq (empathize), so‘ramoq (ask) va mobillashmoq (mobilize) ma’nolarini anglatadi.

korrespondent uz 0386
Foto: AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

«O‘quvchilar uchun qulay o‘quv muhitini yaratish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanamiz. Yoshlar hamjihatlikda ishlashni o‘rganib, turli xil kelishmovchiliklarni zo‘ravonlik bilan emas, balki muloqot bilan kelishishni o‘rgansa, maktablar bolalar uchun xavfsiz maskanga aylanishi mumkin, – deydi AQSh muvaqqat ishlar vakili Alan Meltser.

Ushbu dasturning ochilish marosimi 29-aprel kuni Toshkent shahridagi 211-maktabda bo‘lib o‘tdi. «Harlem Globetrotters» vakillari mazkur tur davomida O‘zbekiston bo‘ylab bullingga oid taqdimotlarini Toshkent shahri, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 60 dan ortiq maktablarga namoyish etadi. Bir yarim soatlik dastur davomida basketbolchilar turli xil o‘yinlar orqali o‘quvchi va o‘qituvchilarga zo‘ravonlikka qarshi kurashishni tushuntirib beradi. Mahorat darslari yakunida ishtirokchilarga «Harlem Globetrotters» guruhi sertifikatlar topshiradi.

korrespondent uz 0387
Foto: AQSh Elchixonasi matbuot xizmati

Shuningdek, loyiha doirasida AQShlik professor Lori Vulf maktab o‘qituvchilari va psixologlariga ijobiy psixologiya usullari bo‘yicha bir qator seminarlar o‘tkazadi.
«Harlem Globetrotters» basketbol jamoasi 1920-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugunga qadar akrobatik va ssirk uslubiga yaqin, shuningdek unutilmas tomoshalarni namoyish etib kelmoqda. «Harlem Globetrotters» chiqishlarini har yili 1,5 million aholi kuzatib boradi. Basketbol jamoasi va uning asoschisi Eyb Sapersten Basketbol shon-shuhratlari zaliga kiritilgan.

«Harlem Globetrotters» jamoasining tashrifini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va AQSh Davlat departamenti uyushtirdi.

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting