O‘zbekiston parlamentining ilk rahbari Shavkat Yo‘ldoshev: Bizda Islom Karimovning nomi bulg‘anmaganidan xursand bo‘laman (video)

0

Shavkat Yo‘ldoshev O‘zbekiston parlamentining sobiq Ittifoq davridagi so‘nggi, mustaqillik davridagi esa ilk rahbari bo‘lgan. U rahbarlik qilgan parlament tomonidan 1990-yil 20-iyunda Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan. Jurnalist Komiljon Shamsiddinovning u bilan suhbatini O‘zA e’lon qildi.

korrespondent uz 0374
Foto: O‘zA

Birinchi Prezident O‘zbekiston Oliy Kengashidagi sessiyada mamlakatni mustaqil, deya e’lon qilayotganda deputatlar hatto qarsak chalishmagan ekan. Shu rostmi?

— Bu gapda qisman jon bor. Ammo bu bilan deputatlar istiqlolga tayyor emas edi, deb bo‘lmaydi. Kutilmaganda bo‘ldi. Prezident mustaqillikni e’lon qilishidan oldin ikkalamiz ancha gaplashganmiz. Keyin parlament rayosatida ham bu masala qo‘yilgan. Bu yerda rayosat a’zolari, ya’ni qo‘mita raislari e’tiborsizlik qilishgan chog‘i. Yangilikni hamma deputatlarga yetkazish kerak edi.

O‘zbekistonning yangi tarixida, mustaqillik qo‘lga kiritilgandan bir oy o‘tib-o‘tmay, parlamentdagi guruhlar o‘rtasida kurash kechgan, davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilgan, degan gap bor. Shunday voqea bo‘lganmi?

— Bo‘lgan. Parlamentda to‘polon ko‘targanlarning talabi — Prezidentni almashtirish edi. U paytda Prezident hali umumxalq asosda saylanmagan, parlamentda saylangan Prezidentni almashtirish uchun Oliy Kengashning vakolati bor edi. Ammo o‘sha muxolif guruh juda xunuk, g‘ayriqonuniy yo‘lni tanladi. Gap shundaki, biror masala umumiy sessiya muhokamasiga qo‘yilishidan oldin tegishli qo‘mita, undan keyin esa rayosatda ko‘rib chiqilishi, uning huquqiy jihatdan Konstitutsiyaga nechog‘li to‘g‘ri kelish-kelmasligi muhokama etilishi lozim. Undan keyingina o‘sha masala bo‘lajak sessiya kun tartibiga kiritilib, muhokama etilishi zarur edi.

Hanuz eslayman, dabdurustdan bir guruh minbarni egallab, baqir-chaqir qila boshladi va Prezidentni almashtirishni talab qildi. Bu na qonunga, na reglamentga to‘g‘ri kelgan. Ularning talabi, istagi amalga oshmay qoldi.

Ming afsuski, o‘shalarning ichida istiqboli porloq, mard, jonkuyar yigitlar ham bor edi. O‘sha guruh aynan shu kabilarni qalqon qilib, oldingi safga chiqarib qo‘ygan. Ular keyinchalik jabr ko‘rdi, ta’qib qilindi, qamaldi. Masalan, Shuhratjon Nusratov. Ularning taqdiriga hali hanuz achinaman, afsus qilaman.

— Sir bo‘lmasa, u guruh kimni Prezident qilib saylamoqchi edi?

— Shuni, ochig‘i, men bilmayman. Tayyorgarlikdan bexabar qolganman. Ular mening pozitsiyamni bilishardi, shu bois o‘zaro hal qilib, mendan sir tutishgan.

—90-yillar boshida yosh davlat hisoblangan O‘zbekistonga har tarafdan tosh otilgani ma’lum. Ulardan biri Sizning ona shahringiz — Namanganda kechgan mash’um hodisalar. Siz u kezlarda Prezident bilan birga edingiz.

— Bu gaplar, diniy erkinlik deganlari sovet davrida juda cheklangan, ozodlikka chiqib, berilgan imkoniyatni dabdurustdan hazm qila olmaslikdan kelib chiqqandi. Chalg‘itganlar ko‘p bo‘ldi. Farg‘onaga, Namanganga chetdan yuborilgan minglab dollar pullarning ushlab qolingan holatlari ham kuzatildi. Bunaqa bemazagarchiliklarning hammasi aslida chalasavodlikdan kelib chiqadi. Hozir eslasam, judayam qaltis, tarixni bir o‘zandan boshqasiga burib yubora oladigan darajadagi vaziyat edi.

O‘shanda Islom Abdug‘aniyevich baribir to‘g‘ri ish qildi. Sal noto‘g‘ri harakat bo‘lganda, voqea tamoman teskari aylanib ketardi. Buni hatto, keyinchalik Andijonda kechgan voqealar ham ko‘rsatdi: u Namangandagi voqealardan necha yil o‘tib, juda yomon, xunuk holatda takrorlandi.

— Siz O‘zbekiston siyosiy sahnidan juda barvaqt ketgansiz. Umringiz uzoq bo‘lsin-u, adashmasam, hali saksonga kirganingiz yo‘q. Lekin siyosatdan ketganingizga chorak asrdan oshdi. Bermoqchi bo‘lgan savolim — nega ishdan ketgansiz?

— O‘zim ketganman. Ko‘p odam, hatto yaqinlarim ham, qanday qilib shu darajadagi lavozimdan o‘z hohishiga ko‘ra ketishi mumkin, deya, ishonmaydi. Lekin bu rost. Salomatligim vajidan, o‘zim ariza berib ketganman. 33 yoshimda infarkt bo‘lib, ikki oy reanimatsiyada yotganimdan so‘ng, Xudo jonimni qaytarib bergan. Asorati bilinardi. Axir tasavvur qiling — o‘sha siz aytgan “o‘tish davri”da kun bo‘yi, kechki soat 10-11 gacha ishlaysiz. Kechasi uyga borib, dam olish o‘rniga bir quloch qonun loyihalari va turli hujjatlarni tonggacha ko‘rib chiqasiz, ertasiga yana sessiya davom etishi kerak. Xullas, shu taxlit, o‘zim ishdan ketganman.

Taskin shuki, O‘zbekistondek davlatning mustaqil bo‘lishi haqidagi hujjatga imzo chekish mening peshonamda bor ekan, Olloh menga shuni nasib qilgan ekan. Bu menga hayotning bergan mukofoti, sharaf.

—Bugun nimalardan afsus va armon qilasiz? Aksincha, nimalardan ko‘nglingiz to‘ladi?

—Salomatligim sababli siyosatdan sal vaqtliroq ketganimga afsus qilaman. Yana bir gapni aytay. Mustaqillikning 1 yillik bayramida qatnashganman, Prezident bilan yonma-yon o‘tirganmiz. Ammo ishdan ketganimdan so‘ng, pastdagilar “biror gap bo‘ldi shekilli” deb o‘ylashganmi, biror marta bo‘lsin, meni bayramlarga chaqirishmagan. “O‘zbekiston mustaqilligi haqidagi hujjatga imzo qo‘ygan odamni nega Mustaqillik bayramlariga taklif qilishmaydi”, deya hayron bo‘lasan. Bu hayotning past-u balandi ko‘p ekan-da.

Men Den Syaopinni ko‘p eslayman. Aslida Xitoyni Xitoy qilgan aynan uning islohotlari. Madaniy inqilob davrida u odam Mao Szedun tomonidan olisga, dehqonchilik qilish uchun surgun qilingan. Shunga qaramasdan, zamon o‘zgarib, Den Syaopin hokimiyat tepasiga kelgach, olamdan o‘tgan, o‘zidan oldingi salafi Mao Szedun haqida “Uning 70 foiz ishi adolatli, 30 foizi esa xato edi” deya adolatli xulosa bergan. To hanuz Xitoydagi Mao Szedun haqidagi qarashlar o‘zgarmadi. Ya’ni uning yaxshiliklari qilgan xatolari posangisini bosib ketadi, degan qarash ustuvor.

Aksincha, Sovet Ittifoqini qulatgan, abgor qilgan jihatning ildizi ham yangi kelgan rahbar o‘zidan oldingisiga loy chaplashi, birovining qilgan ishlarini ikkinchisi oyog‘ini osmondan keltirib tashlashiga borib taqaladi.

Xursand bo‘lganim — bizda Islom Karimovning nomi bulg‘anmadi. Aksincha, xotirasiga hurmat bajo keltirilmoqda, nomi abadiylashtirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga qoyil qoldim, mardlik qildi. Aslida bu bizning kelajagimiz uchun juda yaxshi zamin. Agar o‘zim Islom aka bilan birga ishlagan davrni misol qilib oladigan bo‘lsam (har qalay, besh yil yonma-yon ishlaganman), Islom Karimovning O‘zbekiston uchun qilgan ishlari Mao Szedundan ham ko‘ra tosh bosadi, ya’ni 80 ga 20.