Harlem Globetrotters basketbolchilari O‘zbekiston maktablarida bullingga qarshi chiqishlar qiladi

0
16
marta oʻqilgan

29-apreldan 4-mayga qadar Amerikaning «Harlem Globetrotters» jamoasi basketbol o‘yinini yoshlar orasida targ‘ib qilish va bullingga qarshi kurashishish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

korrespondent uz 0373

Harlem Globetrotters a’zolari Fatima Lister (TNT) va Julius MakKlarkin (Zeus) O‘zbekiston maktablarida AQSHning Bullingga qarshi milliy kampaniyasi tomonidan yaratilgan, T.E.A.M Up at School dasturi doirasida qator mahorat darslarini o‘tkazishlari rejalashtirilgan.

Dasturning ochilish marosimi 29-aprel kuni Toshkentdagi 211-maktabda bo‘lib o‘tadi. Harlem Globetrotters vakillari mazkur tur davomida Toshkent shahri, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida bullingga oid taqdimotlarini 60 dan ortiq maktablarga namoyish etadi. Bir yarim soatlik dastur davomida basketbolchilar turli xil o‘yinlar orqali o‘quvchi va o‘qituvchilarga zo‘ravonlikka qarshi kurashishni tushuntirib beradi. Mahorat darslari yakunida ishtirokchilarga Harlem Globetrotters guruhi tomonidan sertifikatlar topshiriladi.

Loyiha doirasida AQSHlik professor Lori Vulf maktab o‘qituvchilari va psixologlariga ijobiy psixologiya usullari bo‘yicha bir qator seminarlar o‘tkazadi.

T.E.A.M Up at School dasturi o‘quvchilarga bulling bilan kurashishda ko‘mak beradi. T.E.A.M. — gapirmoq (talk), rahm qilmoq (empathize), so‘ramoq (ask) va mobillashmoq (mobilize) ma’nolarini anglatadi.

«Yoshlar hamjihatlikda ishlashni o‘rganib, turli xil kelishmovchiliklarni zo‘ravonlik bilan emas, balki muloqot bilan kelishishni o‘rgansa, maktablar bolalar uchun xavfsiz maskanga aylanishi mumkin», — dedi AQSH elchisi maslahatchisi Debbi Robinson.

«Basketbol AQSHning eng mashhur sport turlaridan biri hisoblanadi. Biz ham o‘z navbatida basketbolni O‘zbekistonda rivojlantirishni rejalashtirmoqdamiz. Chunki bu sport turi jamoada ishlashni o‘rgatishga imkon yaratadi. AQSHda basketbol o‘yiniga bolalarni jalb qilish orqali jinoyatchilikni kamaytirish dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. O‘ylashimcha, bu tajriba biz uchun ham foydali bo‘ladi. Ushbu loyiha doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning ikkinchisini amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz», — deya ta’kidladi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Harlem Globetrotters basketbol jamoasi 1920 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugunga qadar akrobatik va sirk uslubiga yaqin, shuningdek unutilmas tomoshalarni namoyish etib kelmoqda. Harlem Globetrotters chiqishlarini har yili 1,5 million aholi kuzatib boradi. Basketbol jamoasi va uning asoschisi Eybom Sapersten Basketbol shon-shuhratlari zaliga kiritilgan.

Harlem Globetrotters jamoasining tashrifi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va AQSH Davlat departamenti tomonidan tashkil etildi.