Ko‘chalarga Ikkinchi jahon urushi faxriylari nomi beriladi

0

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni imzolagan qaror bilan 9-may — Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi ma’qullandi.

korrespondent uz 0366
Foto: Gazeta.uz

«Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq o‘zbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgan xalqimiz o‘zining naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak ma’naviyatini yaqqol namoyon etdi», — deyiladi hujjatda.

Qarorga muvofiq, Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, harbiy qismlar vakillarini biriktirib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifi tashkil etiladi.

Yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uy xo‘jaliklari ta’mirlanib, obodonlashtiriladi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmati tashkil qilinadi.

Ikkinchi jahon urushiga O‘zbekistondan ketib g‘alabaga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan va urush qahramoni bo‘lgan faxriylar nomlarini abadiylashtirish maqsadida o‘zlari tug‘ilib o‘sgan ko‘chalarga ularning nomlari beriladi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ular respublika hududidagi sanatoriyalarga bepul yuboriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi belgilangan joylarda Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi harbiy texnika namoyishi tashkil etiladi. Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushiga aloqador arxivdan olingan foto va hujjatlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

Ko‘chalar va maydonlar bayramga bag‘ishlangan plakatlar va stendlar bilan bezatiladi. Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasi, jumladan, urush yillarining qo‘shiq va kuylari tashkil etiladi.

Toshkentda 9 may soat 21.00 da bayram salyuti uyushtiriladi.