AQSh Eron sanksiyalaridan istisnoni bekor qildi

0

Qo‘shma Shtatlar Erondan neft sotib olayotgan besh davlatni mustasno tarzida sanksiyadan vaqtincha xoli qilish qarorini bekor qilmoqda. Maqsad Tehronni asosiy daromad manbaidan ayirish, deb yozadi “Amerika Ovozi“.

korrespondent uz 0358
Foto: AP

Eron bunday harakatlarni o‘ziga tahdid deb bilib, Ormuz bo‘g‘ozini yopishga do‘q-po‘pisa qildi. Bo‘g‘oz orqali kuniga ikki million barrelgacha neft tashiladi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 22-aprel kuni istisnolar tugatilishi haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ayrim mamlakatlarga Eron bilan neft savdosini kamaytirishga vaqt berish maqsadida sanksiyalar muzlatib qo‘yilgan edi, biroq bundan keyin jazo choralari barcha uchun birday bo’ladi.

“Rejalarimiz jiddiy. Bundan keyin Erondan neft sotib olgan mamlakatlarga afv yo‘q. Vaziyatning o‘zgarishi Eron Islomiy Respublikasi rahbarlariga bog‘liq. Oyatulla va uning atrofidagilar yadro qurollarini yaratish, sinash va tarqatish, terrorizmga homiylik qilish va unga qo‘l urish, Amerika fuqarolarini sababsiz ushlash niyatidan qaytishi kerakligini ularga aniq aytganmiz”, – dedi Pompeo.

Qo‘shma Shtatlar olti oy oldin Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston va Xitoyga Erondan neft xarid qilgani uchun vaqtincha sanksiya qo’llamasligini bildirgan edi.

Eron neftini sota olmasa, Ormuz bo‘g‘ozini yopishini aytdi. Turkiya ham AQSh qaroridan norozi. Bu mamlakat tashqi ishlar vaziriga ko’ra, istisnolarni tugatish qarori mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka qarshi xizmat qiladi, Eron xalqiga zarardir.

“Turkiya bir tomonlama sanksiyalar va qo’shnilar bilan aloqalarga ta’sir qilish harakatlariga qarshi”, – dedi Mevlut Chavusho‘g‘li.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekin bir tomonlama sanksiyalar va olisdagi mamlakatlarga bosim qo‘yish amaliyotiga qarshi, deb bayonot chiqardi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Eron neft savdosiga zarba Tehron va Vashington o‘rtasida ziddiyatlarni kuchaytirib, AQShning Xitoy bilan savdo muzokaralariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.