Toshkent shahar hokimiyatida Toshkent shahar brendi xususida taqdimot tashkil qilindi

0

Joriy yilning 22-aprelida Toshkent shahar hokimiyatida Toshkent shahar brendi xususida taqdimot tashkil qilindi. Tadbirda Toshkent shahar Jamoatchilik kengashi vakillari, Toshkent shahar turizmni rivojlantirish departamenti, investitsiyalar departamenti, Ijtimoiy va madaniy masalalar bo‘yicha departament, Toshkent shahar hokimiyatining Boshqaruv apparati, “MA’NO branding” kompaniyasi vakillari, turistik firma, brenddan kelajakda foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan kompaniya vakillari hamda OAV qatnashdi.
Toshkent shahar brendi taqdimotini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, hozirgi zamonda poytaxt hayotida brendning etakchi ahamiyatini namoyish qilish, brenddan foydalanish uslublari, shaharning ijobiy qiyofasi hamda imijini brend orqali ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Toshkent shahar brendining taqdimot tadbirini Toshkent shahar Jamoatchilik kengashining raisi Hikmat Abdurahmonov ochib berar ekan, turizm brend belgisining brend nafaqat poytaxt qiyofasini, balki uning iqtisodiy salohiyati, O‘zbekistondagi hududlar orasida o‘ziga xos raqobatbardoshligi jihatlari, unda ilm-fan, innovatsion loyihalar jadal sur’atlar bilan takomillashib borayotganligi aks etganligiga alohida to‘xtadi.

Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamentining mutaxassisi Burhoniddin Musaev poytaxt brendi faqatgina megapolislar uchun emas, balki shahar turizm markazlari uchun ham etakchi ahamiyatga ega ekanligi, Toshkentda turizmni rivojlantirish hamda unga xorijiy investitsiyalarni jalb etishdagi o‘rnini alohida ta’kidladi.

Brendni ishlab chiqqan “MA’NO branding” kompaniyasining asoschisi Elina Ibragimova hamda dizayner Timur Sa’diylar brend tasviridagi ramz va belgilarning o‘ziga xos tasviriga izoh berishdi.

2018-yilning iyulida Toshkent shahar jamoatchilik kengashining ekspertlari Toshkent shahar brendi ustida ish olib borishdi. Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Bir necha oy mobaynida davom etgan Toshkent shahrining brend tanlovi 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydigan poytaxtimizning “Toshkent-umumiy uyimiz” g‘oyasi asosida o‘tkazildi.

Toshkent shahar brendi uchun tanlov o‘tkazilib, tanlovga ishlar 31oktyabrgacha qabul qilindi. Ushbu muddat mobaynida 10 kishidan iborat hay’at a’zolari 118 nafar rassom hamda dizaynerlarning 310 dan ortiq ishini ko‘rib chiqdi. Noyabrь oyida saralab olingan 6 ta ish Toshkent shahar Deputatlar kengashiga taqdim qilindi, Deputatlar kengashining 2019-yil 12-yanvarda qabul qilingan qaroriga ko‘ra “MA’NO branding” kompaniyasining brend tasviri tasdiqlandi. Toshkent shahar turizm brendini tanlash jarayonida asosiy e’tibor, brendni tasvirlashda kreativ yondashilganlikka, o‘ziga xosligi hamda milliy elementlar qo‘llanganligiga, shaharning tarixi, buguni hamda kelajagi, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar aks ettirilishiga qaratildi.

Toshkent shahrining Turizm brendida oltin rangda poytaxtning ochiq darvozalari va “T” harfi shaklidagi Toshkentning tinchlik barqaror bo‘lgan musaffo osmoni tasvirlangan. Ushbu tasvirlar Toshkent shahrida qut-baraka, faravonlik arimaslik ramzini ifodalaydi.
Toshkent shahri brendi tasviridan sayyohlar uchun buyumlar, esdalik sovg‘alari ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.