Xorijda oddiy ishchilikdan faoliyatini boshlagan yosh tadbirkor tajribasi

0

Bugun Nukus shahrida “O‘zbekiston 2030: Iqtisodiyotning real sektori va oliy ta’lim muassasalarining sinergetik integratsiyasi” mavzusida forsayt tashkil etildi. Unda ishtirok etgan 23 yoshli tadbirkor “PANAEV FARMS” xususiy firmasi direktori o‘rinbosari Timur Panaevning tajribasi tadbir ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi.

korrespondent uz 020
Foto: “Korrespondent.uz”

– Men kimyo texnologiyalari kollejini bitirganimdan so‘ng OTMda o‘qish yoki xorijda tajriba orttirish tanlovi oldida qoldim va otamning maslahati bilan ikkinchi yo‘lni tanladim. Avval Italiyaga borib, ularning fermerlari bilan tanishib, italiyaliklarning hayot tarzi, qanday ishlashlari bilan tanishdim. Oddiy ishchi bo‘lib fermada bepul ishladim. Maqsadim ularning xo‘jalik yuritish sirlarini o‘rganish edi. Italiyalik fermerlar asosan pishloq tayyorlaydi, zaytun moyi oladi va vino chiqaradi. Men pishloq tayyorlashning sir-sinoati bilan tanishdim. Hozir 15 xil pishloq tayyorlashni bilaman. Keyin xuddi shunday Rossiyada ham tajriba orttirdim. Hozirda 200 ta qoramolim bor, kuniga 300 litr sutni qayta ishlaymiz, 37 nafar xodim ishlaydi. Bizning hozirgi muammolarimizdan eng kattasi xorijdan keltirilgan qoramollarimizni oziqlantirish, ularning ratsionini ishlab chiqishdir. Aynan shu masalada olimlarimiz va mutaxassislarning ko‘magi kerak.

korrespondent uz 021
Foto: “Korrespondent.uz”

– Korxonamizdagi eng katta muammolardan biri bu chiqindilarni qayta ishlashdir, – deydi forsaytning yana bir ishtirokchisi, Qo‘ng‘irot soda zavodi ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Axmet Begdullaev. – Shu muammoni hal etish uchun hozirda biz bilan hamkorlikda tadqiqotchilar ishlayapti. Ishlab chiqaruvchi sifatida korxonaga foyda keltiradigan tadqiqotlarni hamisha qo‘llab quvvatlashga tayyormiz. So‘nggi ikki yil ichida olgan daromadimizdan bir foizni aynan tadqiqotlar uchun ajratishimiz belgilangan.

Inobat Ahatova, “Korrespondent.uz” uchun maxsus