O‘zbekistonda Qozog‘iston yili ochildi

0

Dushanba kuni Toshkentdagi Xalqaro forumlar saroyida O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev ishtirok etdi. Tadbir «O‘zbekiston 24» telekanali orqali jonli efirga uzatildi.

korrespondent uz 009
Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

«Bugun hurmatli Qosim-Jomart Tokayev bilan birgalikda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ochilishi strategik sherikchilik munosabatlarining jadal rivojlanayotgani, ishonch va o‘zaro yordam, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam qardoshlikdan dalolat beradi. Ushbu ajoyib hodisa ikki xalqning madaniy va ma’naviy mushtarakligi, abadiy va samimiy do‘stligi ramzi hamdir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Tokayev o‘z nutqida O‘zbekiston prezidenti va o‘zbek xalqiga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Qat’iy ayta olamanki, Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarida muammoli masalalar bo‘lmaydi, aksincha, ikki tomon sa’y-harakatlari bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlanmoqda. […] Biz har doim o‘zbeklarni qardosh yaqin xalq deb bilganmiz va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Shuningdek, o‘zbek xalqi bizga nisbatan xuddi shunday iliq munosabatda, deb hisoblaymiz. Qardosh xalqlarimizni yagona taqdir va umumiy kelajak bog‘lab turibdi», — dedi Qosim-Jomart Tokayev.

Ochilish marosimida ikki mamlakat musiqalari, qo‘shiq va raqslari ijro etildi.