Jamoatchilik fikri qachon o‘zgaradi? Mavzuga oid ilk ilmiy-amaliy seminar

0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan “Axborot xizmatlari faoliyatiga oid nazariy va amaliy aspektlar” mavzuida ikki kunlik o‘quv-seminari bo‘lib o‘tmoqda, deya UzA xabar bermoqda.

korrespondent uz 004
Foto: UzA

Unda so‘zga chiqqan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Avazbek Xodjimetovning tahlillarga tayanib ta’kidlashicha, 159 davlat tashkiloti, 119 idoraning (74 foiz) rasmiy veb saytida xabarlar tizimli yangilanib borilmoqda. Ammo 40 tasida yangiliklar o‘z vaqtida berilmaydi. Agentlik tomonidan bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Ayrim saytlarda milliy mentalitetimizga yot havola va giperhavolalar joylashtirilgan. Saytda ochib qo‘yilgan forumlarning nazorat qilib borilmasligi natijasida, foydalanuvchilar tomonidan har xil e’lonlar, videolar qo‘yib yuboriladi. Bundan tashqari, 178 davlat idorasi, 81 tashkilotning telegram rasmiy kanali mavjud emas, borlarining ham faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.

korrespondent uz 005
Foto: UzA

Seminar ikki bosqichda tashkil etilgan bo‘lib, birinchi bosqichda 50 dan ortiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 70 nafarga yaqin axborot xizmati xodimlari kasbiy ko‘nikma va mahoratini oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari xodimlari uchun o‘quv-seminarida trener sifatida ishtirok etayotgan O‘zMU jurnalistika fakulteti dotsenti, mamlakatda koorporativ va mediakommunikatsiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislardan biri Gulnora Nishonova “Axborot xizmatlari faoliyatiga doir qonunchilik: milliy va xorijiy tajriba” mavzusidagi seminar mashg‘ulotida O‘zA saytida chiqqan maqoladan keys sifatida foydalanib, munosabatini bildirib o‘tdi.

2019-yil 15-mart kuni O‘zA saytida “Yashnobod tumanida ikki hokim bor (mi?)” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda Yashnobod tumani hokimligi rasmiy saytiga kirib murojaat jo‘nata olmaganimiz, aksiga olib hokimning “virtual qabulxonasi”da tuman hokimining emas, balki boshqa kishining (sobiq hokimning) ismi-sharifi yozilib turgani bayon etilgan edi.

“Virtual qabulxona”, “Elektron hukumat”, “Fuqarolar murojaatlari”, “Rahbar qabuliga elektron ro‘yxatga yozilish” degan zamonaviy kalit so‘zlar zamirida aslida hech vaqo yo‘qligi achinarli. Chunki hali internet rivojlanmagan yoki kirib bormagan hududlar emas, balki qancha aholisi bo‘lsa, shunchasi internetga kirishga qodir bo‘lgan poytaxt tumanlaridagi ahvol shu bo‘lsa…

Bektemir tumani hokimligining sayti yo‘q. Yunusobod tumani hokimligi saytida esa tuman hokimi Baxtiyor Abdusamatov, deb ko‘rsatilgan. Taajjub. Axir bu shaxsga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jinoyat ishi ko‘rilmoqda.
– Tuman hokimliklari faoliyati bilan bog‘liq yuqoridagi holatlarga qaraganda, ular nafaqat zamon, balki qonun talabiga ham javob bermayapti. Jurnalist Norgul Abduraimovaning mazkur maqolasida jurnalist haqli e’tiroz bildirgan, – dedi mutaxassis o‘z nutqida.

Trener bu kabi holatlarda axborot xizmati xodimlari bilishi lozim bo‘lgan bir qancha qoidalarni sanab o‘tdi. Birinchidan rasmiy axborotdagi kamchiliklar uchun jurnalist javobgar emas. Ikkinchidan siyosat maydoniga kirgan, davlat va hokimiyat boshqaruvining yuqori mansablarida turgan shaxslar OAV, jamoatchilik fikrining diqqat markazida turganiga, ularning harakatlariga qiziqish katta bo‘lishiga ko‘nikishi lozim.

Seminarning birinchi kunida shuningdek taniqli mediaekpertlar Nargis Qosimova, Beruniy Alimov va Gulnoza Alimovalar ham amaliy mahg‘ulotlar o‘tishdi. Agentlikning oldiga qo‘yilgan vazifalardan biri ham aynan tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalari tizimli yo‘lga qo‘yishlarida amaliy ko‘mak berishdir. Axborot xizmatlari uchun ilk bor tashkil etilgan bu seminar-trening bu yo‘ldagi ilk qadmlardan biri.

Inobat Ahatova, Farhod Umarov

Izoh qoldiring:

Please enter your comment!
Ismingizni kiriting